Nobel 2016: Parkinson kalitidan molekulyar mashinalargacha

Obuna bo‘lish
Nobel qo‘mitasi har yili fanning turli yo‘nalishlaridagi yuzlab olimlar ichidan eng munosiblarini tanlab oladi. Sputnik muxbiri bu yilgi Nobel mukofoti kimlarga va nima uchun berilganligiga nazar tashladi

TOShKENT, 17 okt – Sputnik, Mariya Sheludakova. Ilmiy bilimning bahosini aniqlash osondek tuyulsa-da, aslida unday emas. Tasvirlarni yozish va namoyish etishning eng yaxshi tizimini kashf etgan aka-uka Lyumyerlar, masalan kinematografiyaning kelajagiga ishonishmagan, konstruktor Oliver Evansga esa uning g‘oyasi bema’ni xayolot deya parovoz uchun patent berishmagan.

Nobel qo‘mitasi har yili fanning turli yo‘nalishlaridagi yuzlab olimlar ichidan eng munosiblarini tanlab oladi va bu tanlov qisman ilmiy fikrlash qaysi tomonga qarab ketayotganligini hamda kelajakka nazar tashlashga imkon beradi.

Nobel qo‘mitasining 2016-yildagi tanlovi XXI asr fani haqiqatan ham amaliy bilimlar tomon intilayotganini ko‘rsatdi. Amaliyotda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan va yaqin vaqtlarda texnologiya qanday bo‘lishini ko‘rsatuvchi tadqiqotlar o‘tkazayotgan olimlar tanlab olindi.

Aksariyat innovatsion g‘oyalar nomaqbul vaqtda paydo bo‘lgani bois amaliyotda qo‘llanmay qolib ketadi. Nobel mukofotining olinishi esa qayd etilgan tadqiqotlar natijalari hayotga tatbiq etilishini bildiradi.

2016 yilgi Nobel laureatlarining tanlanishi asosida bir xulosaga kelish mumkin – innovatsion kashfiyotlar molekulyar darajada amalga oshmoqda.

Fizika: kvant kompyuterlari

Amerikalik Jon Maykl Kosterlis, Devid Tuless va britaniyalik Dunkan Xeldeyn moddaning "antiqa" shaklini o‘rganganlari uchun fizika bo‘yicha Nobel mukofotini olishdi. Olimlar turli agregat holatlarda modda xususiyatlarining o‘zgarishini tadqiq qildilar.

Ular moddaning topologik o‘tishlari va fazalarini o‘rgandilar hamda bu bilan modda g‘ayrioddiy shaklda bo‘lishi mumkin bo‘lgan "noma’lum dunyoning eshigini ochdilar".

Laureatlardan biri Dunkan Xeldeyn mukofot olganidan hayratdaligini bildirdi: "Ushbu mavzu bo‘yicha 80-yillar oxirida ish boshlagan vaqtimda bundan foydalanish mumkinligi haqida o‘ylamagandim". Ayni paytda ekspertlar moddalar haqidagi bu bilimdan elektronikaning yangi avlodi bo‘lmish kvant kompyuterlarni yaratishda foydalanilishi mumkinligini istisno etishmayapti.

Ximiya: energiya saqlashning "molekulyar" tizimlari

Ximiya bo‘yicha 2016-yilgi mukofotga golland Bernard Fering, fransuz Jan-Pyer Sovaj va  shotland Jeym Freyzer Stoddartlar sazovor bo‘lishdi. Ular molekulyar mashinalarni o‘ylab topishdi va yaratishdi. Ximiklar molekulalardan konstruktor qismlari sifatida foydalanishdi va ulardan mitti qurilmalar yaratishdi.

Jan-Pyer Sovaj molekulyar arxitekturalarning o‘zaro mexanik blokirovkasi sohasida kashshof hisoblanadi. Nobel qo‘mitasining xabarida aytilishicha, texnikani mo‘’jazlashtirish borasidagi tadqiqotlar ximiyani yangi o‘lchamga olib chiqdi va tez orada haqiqiy inqilob yuz beradi.

Molekulyar mashinalar hattoki mikroskopda ham ko‘rinmaydi. Shubhasiz, bu texnikadagi yangi so‘z – bunday mashinalar energiya saqlash uchun uzatma va tizimlar, yangi materiallar yaratishda kerak bo‘ladi.

Biologiya: Parkinson kaliti

Nobel mukofotiga sazovor bo‘lganligi haqida birinchi bo‘lib yapon biologi Yesinori Osumi eshitdi. U autofagiya — "hujayra ichidagi axlatni yo‘qotish" mexanizmi uchun mukofotni qo‘lga kiritdi.

E’tiborlisi, 2011-yildan buyon tibbiyot va fiziologiya sohasida mukofot bir kishiga berilmaydi – ilmiy qiziqishlari bir sohada bo‘lgan bir necha biologi har doim topiladi. Osumi ommabop bo‘lmagan muammoga qo‘l urgandi va adashmadi. Darvoqe, keyingi o‘n yilda bu mavzudagi ishlar soni yuz baravarga oshdi.

1980-yillar oxiridan Osumi hujayralar keraksiz molekulalardan qanday qutulishini bilishga urinardi. Biolog boshqa hujayralarning yarim parchalangan qismlari joylashgan lizosoma deb nomlanuvchi maxsus organoidlarni hamda autofagosoma – hujayraning keraksiz qismlarini tashuvchi "aravacha"larni aniqladi. 

Bu kashfiyot meditsinadagi ko‘plab jiddiy muammolarni yechish imkonini beradi.

"O‘zini yeyish" hujayralarga zahira yetishmasligini to‘ldirishda yordam beradi – ular o‘z energiya zahiralaridan foydalana boshlaydi. Oqibatda ushbu jarayonni to‘xtatish orqali shishning zahiralarini tugatib, uning o‘sishiga barham berish mumkin.

Bundan tashqari Osumining kashfiyoti Parkinson va Alsgeymer kasalliklarini yaxshiroq o‘rganish imkonini beradi. Bu kasalliklar asab hujayralarida murakkab proteinlarning to‘planishi sababli rivojlanadi – autofagosoma va lizosomalar ularni yo‘qotib ulgurmaydi.

Iqtisodiyot: real biznes uchun nazariya

2016 yilgi iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofotini britaniyalik iqtisodchi Oliver Xart "Shartnomalar nazariyasiga qo‘shgan hissasi uchun" oldi. Ushbu nazariya bilan birga uning tadqiqotlari firmalar nazariyasi, korporativ moliya va huquq iqtisodiyoti muammolarini ham o‘rganadi.

Shartnomalar nazariyasi sohasidagi tadqiqotlarini Xart mikroiqtisodiy nazariyotchi Bengt Xolmstrem bilan birga olib bordi.

Olimlar real hayotda uchraydigan shartnomalarni anglash uchun yangi nazariy yo‘llarni ishlab chiqishdi. Ularning tadqiqotlari bankrot haqidagi qonunchilik uchun asos bo‘ldi.

Zamonaviy iqtisodiyotsanoqsiz shartnomalardan iborat va yangi nazariy yo‘llar ularning asl mazmunini aniqlash va shartnoma tuzishda xatoga yo‘l qo‘ymaslik imkonini beradi.

Tinchlik mukofoti: siyosiy urinish

Aksariyat siyosatshunoslar Nobel qo‘mitasi jahon siyosatiga ta’sir ko‘rsatishga urinayotganligini aytishmoqda, lekin bu judayam sodda xohish.

Amerikalik milliarder va teleboshlovchi Donald Tramp. - Sputnik O‘zbekiston
Donald Tramp Nobel mukofotiga tavsiya etildi

Tinchlik mukofotiga 2016-yilda Kolumbiya prezidenti Xuan Manuel Santos "mamlakatdagi yarim asrdan ortiq davom etayotgan fuqarolik urushini to‘xtatishga bo‘lgan harakatlari" uchun oldi. Tashqi va mudofaa siyosati bo‘yicha kengash prezidiumi raisi Fedor Lukyanov RIA Novostiga Kolumbiya prezidentiga tinchlik mukofotining berilishi hech kimni xafa qilmaydigan murosaviy harakat ekanligini aytdi.

"Bu yana bir g‘alati qaror, jahon siyosatiga ta’sir etishga oddiygina urinish. Shu zahoti 2012-yilda Yevroittifoq ushbu mukofotga sazovor bo‘lgani yodimga tushdi. YeI haqiqatan ham tinchlik mukofotiga loyiq edi, lekin faqat 2012-yilda emas, balki 1958-yilda, Yevropaning buyuk yutuqlaridan biri bo‘lgan mazkur loyiha ish boshlagan paytda", — deydi Lukyanov.

Adabiyot ustidan sud

Eng ko‘p munozaralar adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti topshirilganidan keyin bo‘ldi. Qo‘mita jahonning eng mashhur va unvondor musiqachilaridan biri Bob Dilanni 2016-yilgi g‘olib sifatida e’tirof etdi. Lekin ko‘pchilik bir fikrda – adabiyot mukofotining chegaralari kengaymoqda.

Nobel mukofotini berishga mas’ul shved akademiyasi adabiyot sohasida andozalardan voz kechish yo‘lidan bormoqda. Qo‘mita tanloviga Bob Dilanning she’riyati masalan Gabriel Garsia Markes ijodi oldida Nobel mukofotiga "tortmasligini" ta’kidlaydiganlarning e’tiroziga sabab bo‘ldi. Biroq shvetsiyalik akademiklar adabiyot sohasidagi Nobel mukofotining obro‘sini qayta tikladilar deya hisoblaydiganlar ham topiladi.

Yangiliklar lentasi
0