Sarvar Otamuratovning saylovoldi dasturi e’lon qilindi

Obuna bo‘lish
Nomzod o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarga erishish uchun turli sohalarda bir qator vazifalarni hal etish zarur deb hisoblaydi

TOShKENT, 2 noya – Sputnik. O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi saytida partiyadan O‘zbekiston Prezidentligiga nomzodi ko‘rsatilgan Sarvar Otamuratovning saylovoldi dasturi e’lon qilindi.

Dasturda nomzod asosiy maqsadi sifatida milliy tiklanishdan milliy yuksalishga erishish g‘oyasini amalga oshirish, ichki siyosatda iqtisodiyotning barqaror rivojlanishiga, xalq farovonligi oshishiga erishish, mamlakatdagi tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlash, tashqi siyosatda milliy manfaatlarni himoyalash va maqsadli ilgari surish, O‘zbekiston xalqining milliy-madaniy va ma’naviy-axloqiy qadriyatlari, urf-odatlarini saqlash va boyitish ekanligini ma’lum qilgan.

O‘zbekiston madaniy me’rosi namunalari - Sputnik O‘zbekiston
Sarvar Otamurodov O‘zbekiston madaniy boyliklarini qaytarish tarafdori

Nomzod bu maqsadlarga erishish uchun turli sohalarda bir qator vazifalarni hal etish zarur deb hisoblaydi. Jumladan, xalqning tarixiy, madaniy va intellektual merosi, madaniyati va an’analarini asrab-avaylash va boyitish, uning yutuqlarini navqiron va barkamol avlod orasida keng targ‘ib qilish, o‘zbek xalqining tarixiy o‘tmishi va   bugungi kunini baholashda bir yoqlama yondashuvlarga, noxolislikka yo‘l qo‘ymaslik, O‘zbekiston tarixining buzib, soxtalashtirib talqin etilishiga qarshi kurashish, madaniy meros obyektlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazib, hisobga olish ishlarini takomillashtirish, muzeylar, arxivlar, kutubxonalarda va boshqa joylarda saqlanayotgan, madaniy meros obyekti belgilariga ega bo‘lgan eksponatlar, kolleksiyalar va arxiv hujjatlarini to‘liq toifalashtirish, bu boradagi qonunchilikni yanada   takomillashtirish kabilar dasturda ko‘rsatib o‘tilgan.

Shaharlar milliy qiyofasini saqlab qolishda samarali chora-tadbirlar amalga oshiriladi, arxitektura yodgorliklarini asrab-avaylash, qayta ta’mirlashga ko‘maklashish va bugungi kungacha ularning YuNESKOning Jahon  madaniy merosi ro‘yxatiga kirmaganlarini unga kiritishga qaratilgan Davlat dasturi qabul qilinadi va amalga oshiriladi.

Turistik faoliyat bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlik subyektlari tomonidan to‘lanadigan soliq va majburiy to‘lovlar hisobidan moddiy madaniyat merosini qayta tiklash va kapital ta’mirlash  jamg‘armasi tashkil etiladi.

O‘zbekistonga keladigan turistlar soni oshadi

Xorijiy mamlakatlar kutubxona, arxiv va muzeylarida saqlanayotgan o‘zbek allomalari, mutafakkirlari va yozuvchi-shoirlari tomonidan yaratilgan ilmiy va badiiy asarlar hamda tarixga oid moddiy boyliklarni O‘zbekistonga qaytarishda faollik ko‘rsatiladi.

Yoshlar ongini "ommaviy madaniyat"ning salbiy ta’siridan muhofaza qilish maqsadida ularning qalbi va ongiga milliy tiklanish g‘oyasini singdirish, ularni milliy ma’naviyat va qadriyatlar ruhida tarbiyalashga e’tibor qaratiladi. Bunda kino, teatr va estrada san’atida o‘zbek xalqining tarixi, madaniyati, an’analari va ilg‘or urf-odatlarini ta’sirchan badiiy obrazlar orqali ifoda etadigan asarlarning dunyoga kelishiga ko‘maklashiladi.

O‘zbek tili rivojini yangi bosqichga ko‘tarish uchun davlat tilini boyitish, yanada takomillashtirishga, davlat tili sifatidagi maqomini mustahkamlash va uning to‘la amal qilishiga erishishga harakat qilinadi.

Fundamental fanlar, zamonaviy axborot va kommunikatsiya texnologiyalari, sanoat, bank-moliya tizimi, yurisprudensiya, diplomatiya, harbiy ish va shu kabi o‘ta muhim tarmoqlarda o‘zbek tili o‘zining haqiqiy o‘rnini egallashiga erishish maqsadida zamonaviy darsliklar, etimologik va qiyosiy lug‘atlar yaratish, zarur atama va iboralar, tushuncha va kategoriyalarni ishlab chiqish borasida maxsus komissiya tuziladi.

O‘zbekiston zaminida yashab ijod etgan va jahon tamadduni taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shgan ilm-fan, madaniyat, adabiyot va san’at namoyandalari, buyuk davlat arboblari, harbiy sarkardalar hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan kino asarlar yaratilishida tashabbus ko‘rsatish, xorijiy kinostudiyalar bilan hamkorlikda, taniqli rejissor va aktorlar ishtirokida ularni butun dunyo jamoatchiligiga yetkazish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston xalqining tarixi, ma’naviy-madaniy merosiga doir adabiyotlarni nashr etish bilan shug‘ullanayotgan mualliflar, bosmaxonalar, nashriyotlar iqtisodiy jihatdan rag‘batlantiriladi, ularga soliq va boshqa to‘lovlar bo‘yicha imtiyozlar beriladi.

Yuk mashinalari - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekistonda transportchilar va nashriyotlar yangi imtiyozlarga ega bo‘lishi mumkin

Yosh xonanda va sozandalarning xalqaro nufuzli tanlovlar va festivallarda ishtirok etib, sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritishiga e’tibor qaratiladi.
Badiiy jihatdan yuksak mahorat bilan sahnalashtirilgan spektakllarni ko‘paytirish, odamlarda, ayniqsa, yoshlarda teatr tomoshasi madaniyatini o‘stirish, barcha teatrlarda "Ochiq eshiklar kuni"ni tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Mamlakatda oilalarni mustahkamlash va oilaviy qadriyatlarni ardoqlash, yosh oilalarga g‘amxo‘rlikni oshirish, ularning huquqiy va ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish, sog‘lom va mustahkam oilalar sonini yanada ko‘paytirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarga ko‘maklashiladi.

To‘y marosimlarini o‘ta dabdabali qilib o‘tkazish va isrofgarchilikka asoslangan boshqa tadbirlarga barham berishga qaratilgan ishlar faol amalga oshiriladi.
Nomzod dasturida zamonaviy rivojlangan demokratik davlat qurish bosh maqsadlardan biri sifatida e’tirof etilgan.

Dasturga ko‘ra, fuqarolarning mahalliy ahamiyatga ega bo‘lgan masalalarini hal etishda hamda milliy va ma’naviy qadriyatlar, mahalliy urf-odat va an’analarni qayta tiklash va boyitishdagi bevosita ishtirokini ta’minlashda mahallaning roli kuchaytiriladi.

Oila, meros, uy-joy da’vosi va maishiy turmush manbaida tug‘iladigan nizolarni sudgacha hal etish tizimi rivojlantiriladi.

Nomzod ishlab chiqarishni texnik va texnologik modernizatsiya qilish, ishlab chiqarishga yo‘naltirilmagan xarajatlarni qisqartirish, yangi, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, istiqbolli ishlab chiqarish bilan shug‘ullanayotgan korxonalarga soliq va majburiy to‘lovlarda imtiyozlar berish yo‘li bilan mahalliy sanoat samaradorligini yanada oshirishga e’tibor qaratgan.

Xorijiy mahsulotlar o‘rnini bosadigan mahsulotlarni ishlab chiqarayotgan mahalliy ishlab chiqaruvchilar samarali qo‘llab-quvvatlanadi, ular uchun soliq miqdori kamaytiriladi, bojxona imtiyoz va preferensiyalari, imtiyozli subsidiyalar va boshqa shakllardagi davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari joriy etiladi.

Mamlakat eksport salohiyatini oshirish va tashqi bozorda mahsulotlar tannarxini tushirish imkonini beruvchi transport-ekspeditorlik kompaniyalarga soliq imtiyozlari va preferensiyalari beriladi, yirik yuk tashuvchi avtomobillarni lizingga berish tizimini rivojlantirish va takomillashtirishga qaratilgan Dastur qabul qilinadi va amalga oshiriladi.

Yengil va ixcham to‘qimachilik korxonalarining soni ko‘paytiriladi, ularga mahalliy xomashoni chuqur qayta ishlaydigan zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish qo‘llab-quvvatlanadi.

Zamonaviy bilim va malakaga ega injener-texnik, moliya-iqtisod, korporativ boshqaruv menejmentlari, axborot texnologiyalari sohasida dasturchilarni tayyorlash tubdan kuchaytiriladi va mazkur sohalardagi iste’dodli yoshlar qo‘llab-quvvatlanadi.

Nomzod aholi turmush sifati, darajasi va farovonligini oshirishni ijtimoiy sohadagi strategik maqsadi deb biladi.

Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan Davlat dasturi qabul qilinadi. Sifatli va xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish ko‘paytiriladi va bunda genlarni modifikatsiya qilish usulidan foydalanish cheklanadi.

Yo‘lovchilarga, jumladan, olis va yetib borish qiyin bo‘lgan joylar aholisiga transport xizmati tizimi yaxshilanadi, kasb-hunar kollejlari va akademik litsey o‘quvchilari uchun imtiyozli transport qatnovi ta’minlanadi.

Madaniyat muassasalari, "Barkamol avlod" bolalar markazlari, musiqa va san’at maktablari, shu jumladan, olis va borish qiyin bo‘lgan qishloq joylarni rivojlantirish uchun budjetdan mablag‘ ajratish ko‘paytiriladi.

Nomzod milliy axborot tizimlari va milliy axborot resurslarini rivojlantirish, milliy axborot xavfsizligini ta’minlash vazifalarini hal etishga e’tibor qaratgan.

Bojxona xodimi avtobusni tekshirmoqda - Sputnik O‘zbekiston
Bojxona organlari faoliyatida avtomatlashtirilgan axborot tizimlari qo‘llanilmoqda

Bu borada idoralararo va idora majmualarining axborot tizimlarini birlashtiruvchi milliy axborot tizimlari va milliy axborot resurslari, ayniqsa, Internet tarmog‘ining milliy segmentlari rivojlantiriladi.

Dasturda sportning barcha turlari, ayniqsa, olimpiada o‘yinlari dasturidan o‘rin olgan hamda milliy turlarini har tomonlama qo‘llab-quvatlash yetakchi vazifa sifatida ko‘rsatilgan.

Otamuratov O‘zbekistonning tinchliksevar siyosati va harbiy-siyosiy bloklarda ishtirok etmasligini qo‘llab-quvvatlaydi.

Tashqi siyosat va davlat boshqaruvining boshqa organlari faoliyati doirasida milliy manfaatlar qat’iy himoya qilinadi.

O‘zbekistonning ayrim sheriklar va mamlakatlar guruhiga bog‘liqligini kamaytirish maqsadida iqtisodiy, texnologik, transport va boshqa xildagi aloqalar keng ko‘lamda diversifikatsiya qilinadi.

Yangiliklar lentasi
0