Jamiyat

"Bu yil dillar vidolarda kuyib oʻtdi" - Usmon Azim Abdulla Oripov xotirasiga marsiya yozdi

Soʻnggi xabarlarga muvofiq, Oʻzbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov jasadini Toshkentga olib kelish harakatlari boshlab yuborilgan. Sputnik nashrigacha yetib kelgan xabarlarga koʻra, Abdulla Oripov tobuti AQShdan Oʻzbekistonga Moskva orqali olib kelinadi

TOSHKENT, 9 noya — Sputnik. Oʻzbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov tobuti Oʻzbekistonga qachon olib kelinishi nomaʼlumligicha qolmoqda. Soʻnggi xabarlarga muvofiq, shoir jasadi solingan tobut vatanga Moskva orqali olib kelinishi mumkin.

Oʻzbekiston Xalq Qahramoni Abdulla Oripov - Sputnik Oʻzbekiston
Jamiyat
Abdulla Oripov tobutini Oʻzbekistonga olib kelish bilan konsul shugʻullanyapti
Buyuk shoirning vafoti oʻzbek xalqini chuqur qaygʻuga soldi. Koʻplab shoirlar, yozuvchilar Oripov bilan bogʻliq eng yorqin xotiralarini yodga olishmoqda.

Oʻzbekiston xalq shoiri Usmon Azim ham Abdulla Oripovga atab marsiya yozdi.

Bolalikdan men ham sheʼr deb yongan edim,
Ne qilarim bilmay baʼzan tolgan edim.
Oripovdan qarzga olov olgan edim –
Bu qarzimni bugun aytsam, halol boʻlgay.
 
Har bir soʻzni koʻngil bilan tergan edi,
Aʼmoli ham, taqdiri ham sheʼrdan edi.
Isteʼdodni unga xudo bergan edi,
Banda desak, haqiqatga malol boʻlgay.
 
Tobelikning qoʻrqinchlari hali bisyor.
Dillarida, tillarida ming iftixor:
"Oʻzbekiston Vatanim" deb aytgan ilk bor –
Bu mard zotning mardligidan til lol boʻlgay.
 
Garchi ajal iltijoga koʻnmas edi,
Bilamiz-ku asil shoir oʻlmas edi.
Oʻlimga ham Vatan sizni bermas edi.
Ajalni yot yurtda yengmoq mahol boʻlgay.
 
Koʻz yoshlarim oqayotir nolam uzra,
Shoir – parvoz soʻzda kechgan har dam uzra,
Vohkim, uchdi tobuti ham olam uzra –
Bu parvozlar mangulikdan bir fol boʻlgay.
 
Ogʻajonim, soʻzda gʻamni shoshirgayman,
Hasratimni qaʼtlariga yashirgayman.
Sizni yolgʻiz xudovandga topshirgayman,
Endi oʻzga soʻz demaklik zavol boʻlgay.
 
Bu yil dillar vidolarda kuyib oʻtdi,
Vaqt yigʻidan oʻpka-bagʻri toʻyib oʻtdi.
Ne zotlarni qaro yerga qoʻyib oʻtdi,
Kimga javob, kimga bu hol savol boʻlgay.
 
Vido aytdim, vido aytdim, vido aytdim –
Bu sheʼrimni aqlu hushdan judo aytdim,
Zarra qoʻrqmay, margu hayot aro aytdim –
Voh, vidoning qadlari ham ming dol boʻlgay.

Eslatib oʻtamiz, ilgariroq Abdulla Oripov jasadi solingan temir tobut dushanba kuni Oʻzbekistonga yetib kelishi xabar qilingan edi.

Yangiliklar lentasi
0
Avval yangilariAvval eskilari
loader
LIVE
Zagolovok otkrыvayemogo materiala