Otamuratov: Hayot yo‘limni tanlashimda Islom Karimovning ta’siri kuchli bo‘lgan

© Foto : Press-slujba partii "Milliy tiklanish""Milliy tiklanish" partiyasidan Prezidentlikka nomzod Sarvar Otamuratov
Milliy tiklanish partiyasidan Prezidentlikka nomzod Sarvar Otamuratov - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
O‘zbekiston Prezidentligiga eng yosh nomzod Sputnik O‘zbekistonga bergan intervyusida saylovoldi dasturining ustuvor yo‘nalishlari, YeII, zamonaviy kino va rus tiliga nisbatan munosabatlari haqida fikr bildirdi

"Milliy tiklanish" demokratik partiyasidan O‘zbekiston Prezidentligiga nomzod Sputnik O‘zbekistonga bergan eksklyuziv intervyusida davlat rahbari etib saylansa Rossiya va boshqa davlatlar bilan munosabatlarni qanday rivojlantirishi, yoshlarni internetning salbiy ta’siridan qanday himoya qilish hamda nima evaziga mamlakat iqtisodiyoti va milliy valyutasini mustahkamlashi haqida so‘zlab berdi.

– 2015-yilda "Milliy tiklanish" partiyasidan Prezidentlikka Akmal Saidov nomzodi ko‘rsatilganligini hisobga oladigan bo‘lsak, partiya tarafidan Sizning nomzodingiz ko‘rsatilishi qanchalik kutilmagan hol bo‘ldi?

Sarvar Otamuratov - Sputnik O‘zbekiston
Sarvar Otamuratovning saylovoldi dasturi e’lon qilindi

– Ta’kidlash joizki, 2015-yilgi saylovlardan so‘ng mamlakatimizda, xususan partiyamiz tizimida ham o‘zgarish va yangilanishlar yuz berdi. Partiya safiga zamonaviy qarash va g‘oyalarga ega siyosatchilar, faollarning yangi avlodi kirib keldi. O‘zbekiston Prezidentligiga saylov kampaniyasi e’lon qilingach, partiyaning hududiy va mahalliy tashkilotlarida saylovlarda partiyaning ishtiroki va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko‘rsatish masalasi ko‘rib chiqildi. Joylardagi rahbarlar, turli darajadagi deputatlar tomonidan bo‘lajak saylovlarda partiya rahbari nomzodini ko‘rsatish taklif etildi. Shundan kelib chiqib, partiya Markaziy Kengashi Nizomga muvofiq o‘z Qurultoyida kun tartibiga mazkur masalani kiritdi. 2016-yil 15-oktabrda bo‘lib o‘tgan partiya Qurultoyida mening nomzodim ilgari surildi va tasdiqlandi.

– Sizga qaysi o‘zbek yoki jahon siyosatchisi katta ta’sir ko‘rsatgan?

– Mustaqillik yillari davomida O‘zbekistonda barcha sohalarda muhim islohotlar amalga oshirildi. Iqtisodiyot rivojlandi, diversifikatsiya qilindi, sanoat ishlab chiqarishida muntazam o‘sish kuzatilmoqda, xalq farovonligi oshmoqda. O‘zbekiston xalqaro hamjamiyatning teng huquqli a’zosiga va Markaziy Osiyo mintaqasida obro‘ga ega yetakchi davlatga aylandi. Mamlakatimiz bularning barchasiga O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xizmatlari tufayli erishdi. Shu bois aytishim mumkinki, hayot yo‘limni tanlashimda u kishining ta’siri kuchli bo‘lgan.

– Partiyangiz dasturida yoshlar siyosati va yoshlarning ma’naviy tarbiyasiga alohida e’tibor qaratilgan. Butunjahon internet tarmog‘i va yangi texnologiyalarning o‘zbek yoshlariga salbiy ta’siri va tahdidi nimalarda deb bilasiz?

– Yoshlar hamma narsaga qiziquvchan va yangi bilim hamda ma’lumotlarni egallashga intiluvchan bo‘lishadi, lekin shu bilan bir vaqtda ular turli "jozibador” g‘oya va mafkuralar ta’siriga oson berilishadi. Bu qator omillar, jumladan, to‘liq shakllanmagan ruhiyat, dunyoqarash, hayotiy tajribaning yetarli emasligi va boshqa omillar bilan bog‘liq. Buni ekstremistik, siyosiy-diniy oqimlarga xizmat qiluvchi shaxslar yaxshi bilishadi va qulay texnologiyalar, xususan, internet orqali yoshlarning ongini "zaharlash”ga va shu bilan ularni turli tashkilotlarga jalb qilib, buzg‘unchilik faoliyatini amalga oshirishga urinadilar. Menimcha, biz, dunyoviy, huquqiy, demokratik davlat tarafdorlari bunga qarshi o‘z informatsion mahsulotlarimizni yaratishimiz, yoshlarni umuminsoniy va milliy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalashimiz lozim. Buning asosi esa oiladagi tarbiya, ta’lim, madaniy ma’rifat va boshqalar hisoblanadi.

– Milliy internet-mahsulotlardan biri – Davra.uz ijtimoiy tarmog‘i Rossiyadagi va boshqa xalqaro tarmoqlarga muqobil maydoncha sifatida mamlakat fuqarolarining o‘zaro muloqot qilishlari uchun yaratilgan. Loyiha bir necha oy ilgari ishga tushdi, biroq hozircha fuqarolar orasida u qadar ommaboplikka erisha olmadi. Sizningcha, buning sababi nimada va auditoriyani bunday servislarga qanday qilib jalb etish mumkin?

Davra.uz ijtimoiy tarmog‘i - Sputnik O‘zbekiston
Bosh vazir virtual qabulxonasiga "Davra.uz" ijtimoiy tarmog‘i orqali murojaat etish mumkin

– Bugungi kunda Uz domenida 37ta ijtimoiy tarmoq ro‘yxatga olingan. Ularning aksariyati o‘zining doimiy auditoriyasiga ega. Milliy ijtimoiy tarmoqlarni ommalashtirish – buzg‘unchi g‘oya va axborotlarga qarshi kurashishning eng samarali yo‘li. Xorij saytlaridan farqli o‘laroq, o‘zbek internet-resurslari qator ahamiyatli ustunliklarga ega. Ulardan biri – O‘zbekiston ijtimoiy tarmoqlari xavfsiz: ularda shaxsini yashirib ro‘yxatdan o‘tishning imkoni yo‘q. Bu har bir foydalanuvchining axborot tarqatishdagi mas’uliyatini oshiradi. Masalan, muloqot.uz ijtimoiy tarmog‘i ko‘rinishi va bajaradigan vazifalari miqyosi bo‘yicha hech qaysi xorij resursidan qolishmaydi. Bundan tashqari, bu yerda foydalanuvchilar nafaqat muloqot qilish yoki ijod bilan shug‘ullanishlari, balki atrofdagilarni o‘z faoliyati, tajribasi, bilim va fikrlari bilan tanishtirishlari mumkin.

"Davra.uz”ga keladigan bo‘lsak, mazkur ijtimoiy tarmoq yaratilganiga nisbatan ko‘p bo‘lmadi. Va tan olish lozimki, u xorij saytlari kabi ommabop emas, lekin mazkur resurs ommalashishi uchun vaqt va samarali targ‘ibot kerak bo‘ladi. Uning texnik tomondan taraqqiy etishi, raqobatbardoshlik sharoitlarini yaratish esa bugungi kunda mutaxassislar oldida turgan muhim vazifadir.

Bundan tashqari, milliy ijtimoiy tarmoqlarni rivojlantirish uchun jahon tajribasidan samarali foydalanish, ijodiy informatsion muhit yaratish, eng asosiysi, ijodiy jarayonga yosh yigit-qizlarning o‘zlarini jalb etish darkor. E’tirof etishimiz lozimki, hozirda eng asosiy axborot yetkazuvchi manbalardan biri ijtimoiy tarmoqlardir. Bundan tashqari, internet-makonda yolg‘on ma’lumotlar juda ko‘p. O‘zbilarmonlik, ma’lum bir muammo haqida jim turish yoki boshqasini ko‘pirtirish o‘quvchini chalg‘itadi. Tanganing yana bir tomoni esa – axborotning o‘ta ko‘pligi va bilimning kamligidir. Bu sohada asosiy muammo targ‘ibotchilar, kuchli tashkilotchi va ma’naviyatchilarning yetishmasligidir. Informatsion hamjamiyat kuchlarni birlashtirishi hamda jamiyat va davlat manfaatlariga xizmat qiluvchi fuqarolik jurnalistikasini rivojlantirishi lozim. Bunda milliy mediatuzilmani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish, raqobatbardosh media mahsulotlari yaratishni unutmaslik darkor. Bizning bugungi kundagi asosiy vazifamiz aynan mana shundan iborat.

– Sizningcha, O‘zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilishi qanchalik istiqbolli va ahamiyatli yoki alohida davlatlar bilan ikki tomonlama munosabatlar o‘rnatilgani samaraliroqmi?

– O‘zbekiston BMT, ShHT, MDH va boshqa xalqaro tashkilotlarning a’zosi, ularning faoliyatida birinchi navbatda o‘z milliy manfaatlarini olg‘a surgan holda faol ishtirok etadi. Bular qatorida iqtisodiy masalalar muhim o‘rin tutadi. Tajriba savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirishning eng samarali yo‘li bu ikki tomonlama aloqalar ekanligini ko‘rsatdi. O‘zbekiston YeIIga a’zo barcha davlatlar bilan yaxshi va mustahkam munosabatlar o‘rnatgan. Rossiya Federatsiyasi strategik hamkor va do‘st mamlakat sifatida O‘zbekistonning eng asosiy savdo-iqtisodiy sheriklaridan biri hisoblanadi. Biz mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni bundan buyon ham mustahkamlash va rivojlantirish tarafdorimiz.

– Milliy valyuta kursi masalasi bugungi kunda nafaqat o‘zbekistonliklarni, balki Respublikaning tashqi savdodagi hamkorlarini ham o‘ylantirmoqda. Siz "qora bozor”ga qarshi qanday kurashmoqchisiz va o‘zbek so‘mining jahon valyutalariga nisbatan kursini mustahkamlash uchun nima qilish zarur?

O‘zbekistonda dollarning "bozor kursi" keskin oshdi

– O‘zbekiston davlat mustaqilligiga erishganidan so‘ng valyuta bozorini taraqqiy ettirish bo‘yicha turli fikr va nuqtayi nazarlar bildirilgandi. Ta’kidlash joizki, respublika iqtisodiyoti bir tomonlama, rivojlanmagan va mahsulot bozoridagi narxlar o‘zgarishiga bog‘liq edi. Tabiiyki, bunday sharoitda erkin kursning joriy etilishi milliy mahsulot ishlab chiqaruvchilarning, ichki bozorning rivojlanishiga imkon bermas, O‘zbekistonni to‘laligicha tashqi omillarga tobe qilib qo‘yishi mumkin edi. Iqtisodiy taraqqiyotning besh tamoyilidan biri islohotlarning bosqichma-bosqich amalga oshirilishidir. Shu sababli valyuta boshqaruvini muntazam yengillashtirib borish bo‘yicha choralar qabul qilindi. Bundan tashqari, davlat iqtisodiyotning bosh islohotchisi sifatida investitsiya oqimini, jumladan iqtisodiyotning ustuvor sohalariga xorijiy investitsiya kirib kelishini tartibga soldi. Bu esa O‘zbekistonning bir paytlardagi agrar respublikadan sanoat mamlakatiga aylanishiga, sanoatning YaIMdagi ulushini 24,5%gacha yetkazishiga imkon berdi. Ishlab chiqarish mahsulotlarining ko‘payishi hisobiga qishloq xo‘jaligining YaIMdagi ulushi 17%gacha qisqardi, bugungi kunda YaIMning teng yarmidan ortiq (54%) ulushini xizmatlar tashkil etadi, tayyor tovar va xizmatlarni eksport qilish hajmi bir necha baravarga oshdi. Iqtisodiyot diversifikatsiyalashtirildi hamda tashqi omil va raqobat ta’siriga kamroq tushadi.

Bugungi kunda O‘zbekiston valyuta siyosatini yangi bosqichga ko‘tarish uchun barcha imkoniyatlarga ega.

So‘m kursini mustahkamlash uchun raqobatbardosh tovar va xizmatlar ishlab chiqarishni oshirish, xususan eksport geografiyasini kengaytirish, milliy valyutani bundan buyon ham konvertatsiya qilishni kengaytirishni ta’minlash zarur.

– O‘zbekiston milliy to‘lov tizimi hamda qator xalqaro servislardan foydalangan holda naqd pulsiz hisob-kitob tizimiga o‘tmoqda. Biroq bankomatlarda pul vositalarini naqdlashtirish va xizmat ko‘rsatish borasida ko‘plab muammolar mavjud. Bu holatning asosiy sabablari nimada deb bilasiz va buni qanday bartaraf etmoqchisiz?

– Turli subyektlar orasidagi o‘zaro hisob-kitoblarda naqd pulsiz hisob shakli ommalashgan. Respublikamizda hisob-kitobning mazkur shakli bosqichma-bosqich joriy etildi va undan bugungi kunda aksariyat yuridik va jismoniy shaxslar foydalanmoqda. Shu bilan birga, mazkur tizim hamma joyda ham bank mijozlari talablariga javob bermayapti, pul vositalarini naqdlashtirish borasida muammolar mavjud. Mazkur masala Qonunchilik palatasida Markaziy bank va boshqa yirik tijorat banklari rahbarlari ishtirokida ko‘rib chiqilishi partiya fraksiyasi tomonidan rejalashtirilmoqda.

– Partiyangiz dasturidagi bandlardan biri O‘zbekistonda turizm sohasini izchil rivojlantirishga bag‘ishlangan. Mamlakatga turistlar oqimini, xususan rossiyalik turistlar oqimini qanday qilib oshirmoqchisiz?

– Jahon sivilizatsiyasining qadim o‘choqlaridan biri bo‘lgan O‘zbekiston mintaqada sezilarli turistik salohiyatga ega. 7000dan ortiq tarixiy-arxitektura yodgorliklari, ko‘z qorachig‘idek asrab kelinayotgan ma’naviy meros, qadimiy shaharlar – Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, YuNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan yodgorliklar har yili mamlakatimizga dunyoning 70 davlatidan ikki millionga yaqin turistni jalb etadi.

London - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekiston London turizm ko‘rgazmasida ishtirok etadi

Bugungi kunda mamlakatimizda 500dan ortiq turistik kompaniyalar xizmat ko‘rsatmoqda. 110dan ortiq xalqaro yo‘nalishlar mavjud. Ulardan 65tasi tarixiy-madaniy yodgorliklar, 30tasi tabiat-rekreatsion, 15tasi sog‘lomlashtirish turizmi unsurlari mavjud ekologik yo‘nalishlardir. Ayni paytda O‘zbekistonga tashrif buyuruvchilar uchun eng ommabop turizm turi madaniy-tarixiy turizm bo‘lib qolmoqda.

Bizningcha, yurtimizga turistlar oqimini oshirish uchun keng turistik auditoriyaga ega mamlakatlar uchun qator xarajatlarni kamaytirish yoki qo‘shimcha imtiyozlar berish zarur. Turizm infrastrukturasini yanada rivojlantirish, o‘rtacha sinfdagi qulay mehmonxonalar sonini oshirish, xizmatlar sektorini rivojlantirish, xususan, aeroport va vokzallardagi servis sifatini yaxshilash, sohaga zamonaviy informatsion texnologiyalarni joriy etish muhim ahamiyat kasb etadi.

Shuningdek, uzoq muddatli strategik va hamkorlik munosabatlarini o‘rnatgan davlatlar fuqarolari uchun viza rejimini soddalashtirish, turistlar yo‘lidagi burokratik to‘siqlar, rasmiyatchiliklarni bartaraf etish joiz.

Fikrimizcha, turistik faoliyat ko‘rsatadigan obyektlarda, xalqaro aeroport va vokzallarda turizm biznesini rivojlantiruvchi omil sifatida servis va xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash darkor.

Turistik xizmat ko‘rsatishning barcha darajalarida xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarning mahorati va ishonchliligi mazkur masalada muhim yo‘nalish hisoblanadi. O‘zbekistonda turizm sohasi uchun kadrlar tayyorlash o‘rta maxsus va oliy ta’lim darajasida yo‘lga qo‘yilgan. Biroq aksariyat hollarda talabalar turizm, umumiy ovqatlanish maskani va mehmonxona biznesi sohasidagi korxonalar qanday faoliyat olib borishi haqida faqatgina nazariy bilimga ega bo‘ladilar xolos. Shuni hisobga olgan holda talabalarning turizm sohasidagi korxonalarda amaliyotga jalb etilishlari ularning yuqori malakaga ega bo‘lishlariga ulkan hissa qo‘shadi.

Umuman olganda, jahon taraqqiyoti va milliy tajribamiz 1999-yilda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining "Turizm haqida”gi qonunini qayta ko‘rib chiqishni taqozo etadi. Shuningdek, turizm, umumiy ovqatlanish va mehmonxona biznesi yo‘nalishlarida xizmat ko‘rsatish sifati va meyorlarining standartlarini ishlab chiqish muhim.

– Rossiyadan turistlar kam kelishining sabablaridan biri takliflar paketi va charter reyslari mavjud emasligi bois yo‘l haqining qimmatligidir. Mazkur masalani davlat miqyosida hal etishni rejalashtirganmisiz?

– Ma’lumki, Rossiya bizning strategik hamkorimizdir va O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasida yetakchi o‘rinni egallaydi.
Yuqorida aytib o‘tganimdek, biz turizm sohasining ulkan salohiyatini oshirish va rivojlantirishdan manfaatdormiz. Bundan tashqari, Rossiya Federatsiyasi turistlarida O‘zbekistonning tabiat maskanlari, o‘ziga xos arxitektura va madaniy yodgorliklariga bo‘lgan qiziqish oshib bormoqda. Shu sababli charter reyslari, takliflar paketi tashkil etish masalasini o‘rganib chiqish va bu borada qaror qabul qilishni muhim deb hisoblayman.

–O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holatini qanday baholaysiz va yana qaysi sohalarda o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish salohiyati mavjud?

– O‘tgan 25-yillik mustaqil taraqqiyot davri davomida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar har doim yuqori darajada bo‘lgan. Bizni ittifoqchilik munosabatlari bog‘lab turadi. Barcha yo‘nalishlarda samarali munosabatlar yo‘lga qo‘yilgan. Mamlakatlarimizda yuzlab qo‘shma korxonalar faoliyat ko‘rsatmoqda. Madaniy-gumanitar sohada muntazam ravishda turli loyihalar amalga oshirilmoqda. Biz bu munosabatlarni juda qadrlaymiz va kelgusida ham barcha sohalarda strategik va ittifoqchilik munosabatlari davom etishiga umid qilamiz.

– Partiya dasturida O‘zbekiston tarixini soxtalashtirishdan himoya qilish yo‘nalishi ko‘rsatilgan. Aynan qaysi davr ko‘zda tutilgan va qaysi tarixiy ma’lumotlarni noto‘g‘ri deb hisoblaysiz?

– Biz milliy o‘zlikni anglash, milliy g‘urur va qadriyat masalalariga alohida e’tibor qaratamiz. Bu borada biz xalqimiz o‘tmishini, ajdodlarimiz tomonidan qoldirilgan boy merosni o‘rganishni ma’naviyatni mustahkamlovchi, tarixiy meros va Vatanimizning zamonaviy taraqqiyotiga nisbatan g‘urur va hurmat tuyg‘ularini kuchaytirishda muhim omil deb bilamiz. Shundan kelib chiqib, xalqimizning boy tarixi, tarixiy merosini, ajdodlarimiz asarlarini o‘rganishda davom etish, O‘zbekiston tarixining har qanday taraqqiyot davri buzib, soxtalashtirib talqin etilishiga yo‘l qo‘ymaslik yoshlarni milliy tiklanish g‘oyalari, milliy madaniyat va qadriyatlarga hurmat, milliy g‘urur va qadriyatlar tuyg‘usini mustahkamlash ruhida tarbiyalashning poydevori deyish mumkin.

Umuman olganda, sobiq Sovet Ittifoqi respublikalarida keyingi 20-25 yil davomida davlatning 130-150 yil ilgarigi tarixi qayta ko‘rib chiqish, uni mafkuraviy qolip va bosimlardan xoli qilish jarayoni kechmoqda. O‘zbekistonda mustaqillikning dastlabki yillaridanoq tariximizni xolis o‘rganish va qayta tiklashga katta e’tibor qaratildi. Bu borada sovet mafkurasi ta’siri ostida yaratilgan tariximizni soxtalashtirish va buzib ko‘rsatish holatlaridan forig‘ etish, har bir davr va tarixiy shaxsni xolis o‘rganish asosiy maqsad etib belgilandi. Bizningcha, XIX asrning ikkinchi yarmidan o‘tgan asrning 90-yillarigacha bo‘lgan davrdagi murakkab va ahamiyatli voqealarga nisbatan haqqoniy tarixiy faktlar asosida baho berishga ahamiyat qaratish zarur. Bu yo‘nalishdagi ishlar davom etmoqda. O‘zbek xalqining tarixi buzib ko‘rsatilishiga qarshi kurash deganimizda biz uning tarixiy haqiqatga muvofiq kelishini tushunamiz.

– "Milliy tiklanish” partiyasi milliy madaniyat, an’ana va qadriyatlarni tiklashni maqsad qilgan. U holda Sizningcha, rus tilining mamlakatdagi roli va ahamiyati qanday bo‘ladi, bu til maktab va oliygohlarda o‘rganiladimi?

Rossiya TIV Sergey Lavrov - Sputnik O‘zbekiston
Rossiya vaziri O‘zbekiston prezidentiga mahalliy rus xalqini qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorchilik bildirdi

– Ha, darhaqiqat "Milliy tiklanish” partiyasi davlat tili – o‘zbek tilini boyitish va yanada takomillashtirish, til madaniyatini yanada yuksaltirish, o‘zbek adabiy tili meyor va qoidalari buzilishining oldini olishga katta e’tibor qaratmoqda. Biroq mazkur vazifalarni amalga oshirar ekanmiz, biz aslo mamlakatimiz hududida yashayotgan millat va elatlarning o‘z tillarida so‘zlashishga bo‘lgan huquqlari poymol etilishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Til bu xalqlarni birlashtiradigan asosiy muomala vositasidir.

Zamonaviy dunyoda chet tilini bilish o‘z talab va istaklarini ro‘yobga chiqarish hamda boshqalar bilan muomala qilishda muhim shartlardan biriga aylanib bormoqda. Chet tili, jumladan rus tili har qayerda, boshqa mamlakatlarga sayohatdan tortib foydalanish bo‘yicha texnik yo‘riqnomani o‘qishgacha kerak bo‘lib qolishi mumkin, chet tilini bilish yuqori maosh to‘lanadigan lavozimga erishish imkonini berishi mumkin. Inson qancha ko‘p tilni bilsa, u o‘z fikrini shunchalik mohirlik bilan bayon eta oladi va dunyodagi voqealar haqida ko‘proq bilishi mumkin. Umuman, chet tilini, xususan rus tilini bilish har qanday holatda ham kishida o‘ziga bo‘lgan ishonchni oshiradi.

Shuning uchun biz nafaqat rus tili, balki boshqa barcha tillarni ham o‘rganishni qo‘llab-quvvatlaymiz. Agarda odamlarda chet tilini o‘rganishga ehtiyoj bo‘lsa, ular uchun yetarlicha sharoit va imkoniyatlar bo‘lishi lozim va hech qanday cheklashlar bo‘lmasligi darkor. Eng asosiysi – davlat to‘siq yaratmasligi, aksincha chet tillarini o‘rganish tizimini rivojlantirishda yordam berishi lozim.

– Siz past sifatli, axloqqa zid ommaviy madaniyatni  yosh avlodning ma’naviy rivojlanishiga tahdidlardan biri deb hisoblaysiz. Siz mamlakat san’atini, masalan kinematografiyani qanday qo‘llab-quvvatlamoqchisiz?

Ashxobod shahri - Sputnik O‘zbekiston
Ashxobodda o‘zbek kinosi kunlari bo‘lib o‘tdi

– "Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch”. Bu g‘oya past sifatli ommaviy madaniyatga qarshi kurashning eng muhim tamoyili hisoblanadi. Uni hayotga to‘laqonli tatbiq etish uchun barcha vositalar, jumladan milliy san’at turlaridan oqilona foydalanish darkor. Zero san’at – inson qalbiga eng yaqin va ishonchli yo‘l. Agarda 90 foiz axborotni ko‘z orqali qabul qilishimizni hisobga oladigan bo‘lsak, audiovizual vositalardan foydalanish qanchalik muhimligini anglaymiz. Bugungi kunda milliy kinematografiyani xalqning ma’naviy ehtiyoji va jahon kinosining zamonaviy talablarini unutmagan holda sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish lozim. Nima uchun? Chunki san’atning bu turi yoshlar ongiga, butun jamiyat hayotiga boshqalariga nisbatan kuchliroq ta’sir qiladi.

Ma’lumki, tomoshabinlar auditoriyasining 70 foizga yaqinini 14 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lganlar tashkil etadi. Aksariyat kinofilmlarning ijodkorlari ham 35 yoshgacha bo‘lganlar ekanligini e’tiborga olib xulosa qilish mumkinki, hozirda kinematografiya yetuk shaxs shakllanishida muhim o‘rin tutmoqda. Yuqoridagilardan kelib chiqib, bugungi kunda ayrim masalalarni ko‘rib chiqish zarurati paydo bo‘ldi. Birinchidan, menimcha, kino ishlab chiqaruvchi va tomoshabin o‘rtasidagi aloqani mustahkamlash zarur. Bundan tashqari, kinematografiyadagi muammolarni muhokama qilish va zamonaviy kinoni, jumladan, birinchi navbatda yosh tomoshabinlarga mo‘ljallangan kinoni rivojlantirish yo‘llarini belgilab olish lozim; ikkinchidan, umumta’lim muassasalari o‘quv dasturlariga teatr va kino san’ati bilan bog‘liq fanni kiritish maqsadga muvofiq; uchinchidan, zamonaviy kinofilmlar yaratish bo‘yicha amaliy tadbirlar rejasini qabul qilish barobarida kinoasarlar ustidan jamoatchilik nazoratini ta’minlash kerak. Yoshlar ko‘pming kishilik tomoshabin auditoriyasini tashkil etishini hisobga olib, mavjud muammolarni muhokama qilish orqali kinoijodkorlarning yaratayotgan mahsulotlari uchun mas’uliyatini oshirish darkor; to‘rtinchidan, mazkur sohadagi mutaxassislar, xususan, rejissorlar, ssenariy mualliflari va sohaning boshqa mutaxassislarini tayyorlaydigan milliy maktab tashkil etish tashabbusini olg‘a surish lozim; beshinchidan, bevosita milliy kinematografiyaga taalluqli, xususiy studiyalar tomonidan yaratiladigan filmlarning badiiy, g‘oyaviy va malakaviy darajasini oshirishga xizmat qiluvchi qonunni qabul qilish kerak; oltinchidan, o‘zaro hamkorlikda keng miqyosli loyihalar va badiiy filmlar yaratish uchun jahonning yetakchi kinokompaniyalari bilan ijodiy aloqalarni yo‘lga qo‘yish muhim.

Yangiliklar lentasi
0