TOSHKENT, 9 noya – Sputnik. Oʻzbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlari 1996-2016 yillar davomida 60 tonnadan ortiq narkotik moddalarni musodara qildilar, deb xabar bermoqda RIA Novosti mamlakat Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi maʼlumotiga tayanib.
"1996-2016 yillar davomida Oʻzbekiston huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan 174 mingdan ortiq giyohvandlik bilan bogʻliq jinoyatlar fosh etildi, 61 tonnadan ortiq giyohvandlik moddalarining noqonuniy aylanmasiga chek qoʻyildi", — deb xabar berildi markaz tomonidan 20 yillik faoliyat natijalariga bagʻishlab Toshkentda oʻtkazilgan taqdimot marosimida.
Markazning maʼlumot berishicha, Oʻzbekistonda oʻtgan 20 yil davomida giyohvand modda ishlab chiqarishga moʻljallangan xomashyo bazasi amalda deyarli yoʻq qilingan.
"Agar 1996 yilda huquq tartibot organlari tomonidan 4,7 gektar giyohvand modda saqlovchi oʻsimliklar maydoni aniqlanib yoʻq qilingan boʻlsa, bu yil ushbu koʻrsatkich 0,3 gektargacha qisqardi", — deb maʼlum qildi NMNMATM.
Markazning maʼlumot berishicha, oʻtgan 20 yil mobaynida 4 mingdan ortiq mutaxassislar jumladan xalqaro loyihalar doirasida xorij mamlakatlarida malaka oshirdilar. Huquqni muhofaza qilish organlari umumiy qiymati 52 million dollarlikdan ortiq maxsus texnika va uskunalar, avtotransport, nazorat, tekshiruv va aloqa vositalari, kompyuter hamda orgtexnika jihozlari bilan taʼminlandilar.
NMNMATM Oʻzbekiston hukumatining 1996 yil 7 noyabrdagi qarori bilan narkotik moddalarni nazorat qilish boʻyicha Davlat komissiyasi sifatida tashkil etilgan.
Oʻzbekiston hududi orqali Afgʻonistondan Rossiyaga va undan Yevropa mamlakatlariga afyun va geroin olib oʻtiladigan "shimoliy yoʻnalish" deb nomlanuvchi dunyodagi eng yirik narkotrafik oʻtadi. Maʼlumotlarga qaraganda, u orqali yiliga 100 tonnagacha kuchli taʼsir qiluvchi narkotik moddalar olib oʻtiladi.