Fransiyada o‘zbekistonlik ikki bolaning yuragi operatsiya qilindi

© Sputnik / Ilya Pitalev / Mediabankka o‘tishKardioxirurglar
Kardioxirurglar - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
"Sen Yolg’iz Emassan" Fondining moliyaviy ko‘magi bilan Sarvar va Dildora shu yilning 14-oktabrida o‘z onalari va shifokor bilan birgalikda Fransiyaga yuborildilar

TOShKENT, 17 noya – Sputnik. "Sen Yolg’iz Emassan" xayriya tashkilotining ko‘magi bilan Fransiyaga yuborilgan olti oylik Dildora Ziyodullayeva va olti yoshli Sarvar Zokirovlar yurak operatsiyasidan muvaffaqiyatli o‘tib, Toshkentga qaytib keldilar. Bu haqda Lola Karimova-Tillyayeva o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.

Shu yilning sentabr oyida fransuz shifokorlari Toshkentga qilgan tashriflari davomida bir qator murakkab operatsiyalarni amalga oshirib, turli viloyatlardan kelgan yurak xastaligi bilan og‘rigan bolalarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazgan edilar. Bu bolalar orasida qashqadaryolik Sarvar va Dildoralarda murakkab yurak xastaliklari mavjud ekanligi aniqlanib, ularga tezkor operatsiya zarurligi ma’lum bo‘ldi va jarrohlar ushbu operatsiyalarni Nant klinikasida bajarishni tavsiya qildilar.

"Sen Yolg’iz Emassan" Fondining moliyaviy ko‘magi bilan Sarvar va Dildora shu yilning 14-oktabrida o‘z onalari va shifokor bilan birgalikda Fransiyaga yuborildilar. Nant shahridagi klinikada o‘tkazilgan ochiq yurak jarrohlik amaliyotlari bir necha soat davom etib, muvaffaqiyatli bajarildi. Operatsiyalar Olivye Baron boshchiligidagi fransiyalik shifokorlar guruhi tomonidan olib borildi.

Operatsiyadan so‘ng ikki hafta davomida bolalar kardiopediatrlar nazorati ostida bo‘ldilar.

Sog‘lom avlod uchun fondi Germaniyaga 11 ta bolani davolashga yubordi

Yurak xastaligi bilan tug‘ilgan ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalar va kam ta’minlangan oila farzandlari hayotini saqlab qolishni o‘z oldiga maqsad qilgan mazkur xayriya tadbiri "Sen Yolg’iz Emassan" Fondi va Fransiyaning "Umid rishtalari" shifokorlar uyushmasi tomonidan ikki yildan ortiq davr mobaynida amalga oshirilib kelmoqda.

Fondning "Umid rishtalari" uyushmasi bilan birgalikda amalga oshirayotgan hamkorligi davomida Go‘daklar uyi tarbiyalanuvchilari va kam ta’minlangan oila farzandlariga jami 23ta operatsiya amalga oshirildi.

"Bolajonlar operatsiyadan yaxshi chiqqanlaridan biz nihoyatda xursandmiz. Professor Olivye Baron va operatsiyalarni amalga oshirgan butun shifokorlar guruhiga bolalar hayotini saqlab qolishdagi fidoiy mehnatlari uchun o‘z minnatdorchiligimizni izhor etmoqchimiz. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan jarrohlik markazining kardiojarrohlariga ham ushbu oliyjanob ishdagi ishtiroklari va ko‘rsatayotgan tinimsiz yordamlari uchun tashakkur izhor etaman", deb yozadi Lola Karimova-Tillyayeva.

Yangiliklar lentasi
0