TOSHKENT, 18 noya — Sputnik. Oʻzbekistonning Birinchi Prezidentining qizi Lola Karimova-Tillayeva, marhumning turmush oʻrtogʻi Tatyana Karimova Islom Karimov nomidagi jamoatchilik xayriya fondini taʼsis etdilar, deb xabar qilmoqda Sputnik Oʻzbekiston muxbiri.
Lola Karimova bu haqda oʻzining Feysbukdagi sahifasida aytib oʻtgan.
"Yurtimizning Birinchi Prezidenti olamdan oʻtganlariga ikki yarim oy boʻldi. Otamning xotiralari va hayotda amal qilgan tamoyillarini abadiylashtirish maqsadida men onam bilan birgalikda Islom Karimov nomi bilan ataluvchi jamoatchilik xayriya Fondiga asos soldik. Fond oʻz oldiga Oʻzbekistonning birinchi Prezidenti xotirasiga bagʻishlangan muzeyni tashkil qilish va Vatanimiz mustaqilligining asoschisi toʻgʻrisida maqola va asarlar nashr etishni maqsad qilib olgan.
Fondning birlamchi vazifalaridan biri mamlakatimiz hamda horijda Oʻzbekistonning tarixiy, madaniy va adabiy merosini targʻib qilishga moʻljallangan dasturlarni amalga oshirishdan iboratdir.
Shuningdek, Islom Karimov Fondi oʻz faoliyatida oʻzbek tilini rivojlantirishga alohida ahamiyat berishni oʻz oldiga maqsad qilib olgan. Fond tomonidan oʻzbek klassik hamda zamonaviy yozuvchilar asarlarini chet tillarga tarjimasi va nashri uchun grantlar beriladi.
Ona yurtimizning anʼanalari, adabiyoti hamda xalqimizing boy madaniy merosining boshqa jabhalariga tegishli adabiyotlar nashr etmoqlik ham Fond faoliyatining muhim yoʻnalishlaridan biri boʻladi.
Islom Karimov Fondi xalqimizning avloddan avlodga, asrlar osha oʻtib kelayotgan hunarmandchilik anʼanalarini asrash va qoʻllab quvvatlashni koʻzda tutgan loyihalarni ham amalga oshiradi.
Oʻzbek zamonaviy tasviriy sanʼat maktabini taraqqiy ettirish maqsadida Islom Karimov Fondi oʻzbek sanʼat ustalari tomonidan yaratilgan eng yaxshi asarlar kollektsiyasini toʻplashni hamda mashhur rassomlar va istʼyedodli yosh sanʼatkorlarning koʻrgazmalarini tashkil etishni oʻz birlamchi vazifalaridan biri qilib belgilagan.
Islom Karimov Fondi yurtimizda istiqomat qiluvchi koʻpgina insonlarga oʻz salohiyatini amalga oshirishda yordam berib, ona Oʻzbekistonimizning madaniy va marifiy rivojiga oʻz salmoqli hissasini qoʻshadi, deb umid qilaman.
Men mehribon Allohdan otamning oxiratlarini obod qilishini va boshlagan xayrli ishlarimizda bizga madadkor boʻlishini soʻrayman", — deb qayd etgan Lola Karimova.