TOSHKENT, 18 noya — Sputnik. Turkiya uzoq va oʻrta masofaga uchuvchi S-400 "Triumf" zenit-raketa majmualarini xarid qilish borasida Rossiya bilan muzokaralar olib bormoqda, deb bayonot qilgan Turkiya Mudofaa vaziri Fikri Ishik. RIA Novosti xabari asosida.
"Raketalarga qarshi mudofaa tizimi boʻyicha ishlar davom etmoqda. S-400 borasida nafaqat Rossiya, balki xuddi shunday tizimga ega boshqa davlatlar bilan ham muzokaralar olib bormoqdamiz. Rossiya ayni vaqtda bu masalada ijobiy pozitsiyada. NATOga aʼzo mamlakatlar bu qarorimizni jiddiy qabul qiladilar va bizning tizimimiz alyans talablariga muvofiq keladi, degan umiddamiz. Lekin biz Rossiya tomonidan bildirilgan taklifni zinhor rad etganimiz yoʻq, u ustida ishlamoqdamiz. Bizning pirovard maqsadimiz — bu tizimlarni Turkiyaning oʻzida ishlab chiqarish", — deb aytgan NTV telekanali efirida Ishik.
2015 yilning oxirida Anqara, Frantsiya va Italiya hamkorligida ishlab chiqarilayotgan, S-400 majmualariga oʻxshab ketadigan SAMP-T zenit-raketa majmuasini xarid qilish istagida ekanligini maʼlum qilgan edi. Ammo kelishuv amalga oshmadi.
Maʼlumot uchun: keyingi yillarda dunyodagi barcha armiyalarda dushmanni masofadan turib yoʻq qilish, yaʼni yuzma-yuz toʻqnashuvdan saqlaydigan vositalarga koʻproq urgʻu berilmoqda. Shu asnoda, eski raketa majmualari modernizatsiya qilinib, yangilari yaratilmoqda. Ammo dushman aviatsiyasini magʻlub qilish uchun moʻljallangan vositalar har bir davrda alohida rol oʻynab kelgan.
S-400 zenit-raketa majmuasi ana shunday vositalardan biridir.