TOSHKENT, 18 noya – Sputnik. Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi butun Oʻzbekiston boʻylab "Jamoatchilik qabulxonalari"ni ishga tushirdi. Bu haqda federatsiya rasmiy portali xabar qilmoqda.
Xabarda bildirilishicha, "Jamoatchilik qabulxonalari" orqali ijtimoiy-mehnat munosabatlari, mehnat qonunchiligi sohasida fuqarolarga, shuningdek, faoliyatini endi boshlamoqchi boʻlgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subʼyektlariga bepul huquqiy yordam koʻrsatiladi. Bundan tashqari, ularning ijtimoiy-mehnat sohasiga oid murojaatlari tezkor ravishda koʻrib chiqilib, amaldagi qonunchilikka muvofiq hal qilinishi taʼminlanadi.
Fuqarolar oʻz faoliyatidagi ijtimoiy-mehnat sohasiga oid masalalar boʻyicha bepul maslahat olish uchun Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining 1092 Ishonch telefoniga murojaat qilishlari mumkin va oʻzi yashab turgan hududda joylashgan “Jamoatchilik qabulxonalari”ga ulanib, tegishli javob olish imkoniga ega boʻladilar.