Jamiyat

Narimon Umarov: Rossiya Oʻzbekistonning muhim savdo ittifoqchisi boʻlib qoladi

© Press-slujba partii "Adolat"Narimon Umarov
Narimon Umarov - Sputnik Oʻzbekiston
Obuna boʻlish
NovostiTelegram
"Adolat" sotsial-demokratik partiyasidan Oʻzbekiston Prezidentligiga nomzod Narimon Umarov Sputnik Oʻzbekistonga bergan intervyusida mamlakat iqtisodiyotida yangi texnologiyalarning tutgan oʻrni, Orol dengizini qutqarish, Moskva va Toshkent munosabatlari hamda terrorizmga qarshi kurash haqidagi fikrlari bilan oʻrtoqlashdi

— Sizning fan olamidan katta siyosatga kirib kelishingizga nima turtki boʻlgan?

— Sotsial-demokratiya gʻoyalari men uchun jozibali boʻlib, menga maʼqul keladi. Ilmiy xodim sifatida faoliyat olib borgan paytimdayoq adolat va qonun ustuvorligi men uchun hayotdagi asosiy tamoyil hisoblanardi. Bejizga buyuk davlat arbobi Amir Temur davlatni boshqarishda "Kuch adolatdadir" tamoyiliga suyanmagan. Bizning xalqimiz azaldan adolat va haqiqatga, odil jamiyat qurishga intilib kelgan. Zero, adolat ustuvor boʻlgan mamlakat gullab-yashnaydi, fuqarolar esa xushfeʼl va bagʻrikeng insonlarga aylanadilar. Ishonchim komilki, faqatgina adolat mavjud joyda rivojlanish, yuqori marralarga erishish mumkin.

Adolat partiyasidan prezidentlikka nomzod Narimon Umarov - Sputnik Oʻzbekiston
Siyosat
Narimon Umarov - oʻz faoliyatini muhandislikdan boshlagan nomzod

1995 yilda "Adolat"  SDP tuzilayotganda partiya dasturida aynan mana shu tamoyillar asos qilib olingan. Oʻsha davrda men partiyaning turli tadbirlarida ishtirok etardim. Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi va "Ekosan" jamgʻarmasida faoliyat koʻrsatishim mobaynida esa oʻzaro aloqamiz muntazam tusga kirdi. Ekologiya va atrof-muhit masalalari partiyaning saylovoldi dasturidan munosib oʻrin egalladi.

Partiyaning ikkita Dasturini tayyorlash jarayonida boshqa ekspertlar bilan birgalikda men ham ishtirok etdim va oʻshanda atrof-muhitni nazorat qilishning iqtisodiy mexanizmini amalga oshirish masalasi ustuvor vazifalardan biri etib belgilandi hamda unda "Ifloslantiruvchi toʻlashi va koʻp toʻlashi lozim " degan gʻoya oʻz aksini topdi. Shuningdek, tabiat resurslaridan oqilona foydalanish va energiyani tejash, energiyaning muqobil manbalari borasida qonun loyihasini ishlab chiqish zaruriyati boʻyicha partiyaning boshqa ekspertlari bilan hamkorlikda tahliliy ishlar olib borildi. Mazkur munosabatlar keyinchalik doimiy asosga aylandi.

— Siz davlat rahbarligiga asosiy daʼvogar sifatida Islom Karimov qatnashgan oʻtgan yilgi Prezidentlik saylovlarida ham ishtirok etgandingiz. Bu safargi saylovlarda oʻz imkoniyatingizni qanday baholaysiz va asosan nimaga tayanmoqchisiz?

— Oʻtgan safargi saylovlardagi ishtirok partiyamiz jamoasi uchun muhim tajriba toʻplash imkoniyatini berdi, biz boy berilgan imkoniyatlar va kamchiliklarni tahlil qilib chiqdik. Bu biz uchun ulkan maktab vazifasini oʻtadi. Oʻtgan davr mobaynida partiya munosib kadrlar bilan mustahkamlandi, hozirda ularga suyanish mumkin. Ekspertlar aholi uchun qiziqarli deb hisoblayotgan yangi dasturimiz bilan bu yilgi saylovlarda ishtirok etar ekanmiz, saylovchilarning aksariyat qismi ijobiy baholashiga umid qilaman.

Milliy qonunchiligimizga muvofiq saylovoldi kampaniyasini oʻtkazishda barcha nomzodlarga teng sharoitlar yaratilgan. Shuning uchun saylovchilarni bizga ovoz berishlarini taʼminlash faqat bizning oʻzimizgagina bogʻliq. Albatta, biz manfaatlarini himoya qilayotgan saylovchilarga tayanamiz.

— Siz ixtisosligingiz boʻyicha gidrogeolog va injener-geologsiz. Turli yillarda melioratsiya muammolari, Orol dengizi qurishining ekologik oqibatlari hamda qishloq xoʻjalik yerlarini sugʻorish tizimining samaradorligini oshirish masalalari bilan shugʻullangansiz. Sizningcha Orol dengizi muammosini bugungi kunda qanday hal etish mumkin?

— Faoliyatim davomida Orol dengizi muammosi bilan tez-tez shugʻullanishimga toʻgʻri kelgan, chunki bu ekologik halokat aholisi 60 million nafardan ortiq butun bir mintaqaning manfaatlari bilan bogʻliq. Gidrogeolog sifatida men aholini, birinchi navbatda Orolboʻyi hududini ichimlik suvi bilan taʼminlaydigan manba sifatida yerosti suvlarini izlab topish va ekolog sifatida atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari bilan shugʻullanganman. Xalqaro loyihalar va BMT shafeʼligi ostidagi dasturlarni amalga oshirishda ishtirok etganman.

Orol dengizining qurib qolgan tubi - Sputnik Oʻzbekiston
Dunyoda
Orol tubi boʻylab 140 km: xalqaro ekspeditsiyaning avtomobil sayohati

Maʼlumki, bu muammoni birgina davlat tomonidan hal qilishning imkoni yoʻq va shuning uchun Markaziy Osiyo mamlakatlari siyosiy rahbarlari tomonidan birgalikda hamkorlik qilish zaruriyati eʼtirof etilgan holda Orolni qutqarish xalqaro fondi (OQXF) tashkil etilgan. OQXF doirasida ikkita besh yillik dastur amalga oshirildi, ayni paytda esa ishlab chiqish jarayonida men Oʻzbekiston tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi rahbari sifatida ishtirok etgan uchinchi dastur amalga oshirilmoqda. Hozirda Oʻzbekiston Respublikasi OQXF raisi hisoblanadi. Dasturda asosiy muammolar va ularni birinchi navbatda mintaqa aholisi uchun qulay ekologik-sanitar sharoitlar yaratish va atrof-muhit uchun ekologik halokat oqibatlarini yumshatish orqali hal qilish yoʻllari belgilangan. 

Mintaqaning barcha mamlakatlari saʼy-harakati bilangina natijaga erishish mumkin deb hisoblayman, qabul qilingan dasturdagi choralarni amalga oshirish esa shubhasiz oʻzining ijobiy natijasini beradi. Belgilangan chora-tadbirlarni samarali amalga oshirish uchun esa koʻproq xalqaro moliya institutlari mablagʻlari va mutaxassis-ekspertlarni jalb etish lozim.

— Suv resurslari muammosi Orol bilan birga qoʻshni davlatlar bilan suv resurslarini taqsimlash va ulardan foydalanish borasidagi keskin munosabatlarda ham ifodalanadi. Oʻzbekiston turli xalqaro minbarlarda, jumladan BMTda mintaqada suv manbalaridan teng huquqli va adolatli asoslarda foydalanish borasida koʻp bor chiqish qilgan. Tojikiston tomonidan Rogʻun GESi va Qirgʻiziston tomonidan Qambarota GESi qurilishi asnosida mazkur gidrologik muammoni sizningcha qanday hal etish mumkin?

— Suv resurslari boʻyicha mutaxassis sifatida men Oʻzbekistonning mazkur muammoga nisbatan rasmiy pozitsiyasini toʻliq qoʻllab-quvvatlayman. Faoliyatim taqozosi bilan bu muammoga bagʻishlangan xalqaro va mintaqaviy tadbirlarda chiqishlar qilishimga toʻgʻri kelgan. Mintaqada suv resurslari cheklangan va bu aksiomani isbotlashga hojat yoʻq. Oʻzbekiston suv resurslaridan foydalanish boʻyicha ikkita Xalqaro  Konventsiya aʼzosi hisoblanadi va bu borada Oʻzbekistonning pozitsiyasi qatʼiydir. Bu mavjud suv resurslaridan mintaqadagi boshqa mamlakatlarga zarar yetkazmagan holda foydalanishdir.

Rogʻun GESi qurilishi. - Sputnik Oʻzbekiston
Tojikistonlik olimlar Rogʻun toʻgʻonining xavfsizligini muhokama qilishmoqchi

Siz yuqorida aytib oʻtgan yirik loyihalar albatta bugungi vaziyatga taʼsir koʻrsatadi. Bu yerda majmuaviy va oqilona yondashuv hamda mazkur loyihalarning muvofiq ekspertizasi lozim. Oʻzbekistonda suv resurslaridan oqilona foydalanish boʻyicha keng miqyosdagi choralar amalga oshirilmoqda, qishloq xoʻjalik maydonlarini sugʻorishda suvni tejovchi texnologiyalar faol joriy etilmoqda, suvni kam talab qiladigan ekinlarni yetishtirishga eʼtibor qaratilmoqda.

Umuman olganda, Markaziy Osiyo mintaqasi uchun suv resurslaridan oqilona va tejamli foydalanish muammosi mamlakatlarimizning iqtisodiy rivojlanishi uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi. Bu masalalar ham "Adolat" SDPning dasturida ustuvor vazifa sifatida belgilangan va biz ularni hal qilish borasida faol harakat olib boramiz. 

— Sizning partiyangiz energiyaning muqobil manbalarini rivojlantirish, mazkur sohada innovatsion texnologiyalarni joriy etish dasturini olgʻa surmoqda. Xususan, soʻnggi paytda respublikada quyosh batareyalaridan foydalanish oshdi, shuningdek, atrof-muhitning ifloslanish darajasini kamaytirish va samaradorlikni oshirishga qaratilgan anʼanaviy yoqilgʻi turlarini ishlab chiqaruvchi texnologiyalar takomillashmoqda. Bunday yuqori texnologik loyihalarning tannarxi balandligi hamda xarajatlarni qoplash uzoq vaqt talab qilishini hisobga oladigan boʻlsak, mazkur sohani qanday tarzda rivojlantirishni rejalashtirgansiz?

— Siyosiy raqiblarimizdan farqli ravishda biz Oʻzbekistonning kelajagi innovatsion iqtisodiyotda deb hisoblaymiz. Yangi iqtisodiyot va modernizatsiyaga asoslangan yangi texnologiyalar inson va ijtimoiy sohaga investitsiya kiritish vazifasini olgʻa suradi.

Xalqaro tajribalarni umumlashtirgan holda tahlil qilib chiqqan mutaxassislarning taʼkidlashlaricha, innovatsiyalar va innovatsion faoliyat jadal iqtisodiy rivojlanishning mustahkamligini taʼminlashda muhim rol oʻynaydi. Zero faqat innovatsion faoliyatgina ishlab chiqarishning muntazam ravishda texnik va texnologik yangilanishi, zamonaviy texnologiyalarga asoslangan korxonalar tashkil etish, tabiat resurslaridan oqilona foydalanish, raqobatbardosh mahsulotlar  ishlab chiqarishni oʻzlashtirish, mahsulot va xizmatlarni jahon bozoriga olib chiqishning muhim omili hisoblanadi.

IES Manometrlari - Sputnik Oʻzbekiston
Jamiyat
Oʻzbekistonda binolar energiya samardorligi oshiriladi

Biz iqtisodiyotga energiyani tejovchi yangi texnologiyalarni keng joriy etish tarafdori sifatida mazkur yoʻnalishdagi faoliyatimizni yanada kuchaytirishni oʻz oldimizga maqsad qilib qoʻyganmiz. Oʻtgan davr davomida toʻplangan tajribamizdan foydalangan holda energiya sarfini kamaytirishga xizmat qiluvchi mexanizmlarni yaratish, aholi oʻrtasida energetika resurslaridan tejab foydalanish borasida tushuntirish va targʻibot ishlarini olib borishda davom etamiz.

Shu bilan birga uy-roʻzgʻor va kommunal yoʻnalishlarida sohalarida quyosh energiyasi va boshqa muqobil manbalardan keng foydalanish bizning diqqat markazimizda boʻladi. Biz shu maqsadda muqobil manbalar, jumladan quyosh energiyasidan foydalanish boʻyicha qonun hujjatlarini ishlab chiqish va qabul qilish, zarur oʻlchov va meʼyorlarni tasdiqlash, muqobil energetikani joriy etish va rivojlantirish boʻyicha maxsus dastur qabul qilishni taklif etamiz.

Ha, siz haqsiz, qayta tiklanadigan energiya texnologiyalarning narxi arzon emas. Biroq biz kelajak muqobil energetikada deb hisoblaymiz. Yildan-yilga bunday texnologiyalarning narxi arzonlashishi kuzatilmoqda, bu esa bizga kelajakda mazkur sohaning keng rivojlanishiga umid beradi. Ikkinchidan, keyingi 15-20 yil ichida jahonning barcha rivojlangan davlatlarida energetika va ekologiyaning global muammolarini hal qilishda qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishga muhim oʻrin ajratilmoqda. Qulay tabiiy sharoitga ega boʻlgan respublikamiz uchun muqobil energiya manbalaridan foydalanish anʼanaviy resurslarni tejash va aholining ijtimoiy-maishiy sharoitini yaxshilash nuqtai nazaridan ham dolzarbdir. 

Kelgusida biz qishloq joylarida qurilayotgan namunali uy-joylar va ijtimoiy obʼyektlarda (bolalar bogʻchalari, kollejlar, litseylar, qishloq vrachlik punktlari, poliklinikalar, tugʻruqxonalar) muqobil energiya manbalari oʻrnatilishi va mazkur yoʻnalishda huquqiy asosni mustahkamlash masalasini koʻtarib chiqamiz. 

—"Adolat" partiyasi dasturida koʻrsatilgan ustuvor vazifalar orasidan huquqni muhofaza qilish organlari samaradorligini oshirish, kuch va sud tizimlari faoliyatini nazorat qilish hamda korruptsiyaga qarshi kurash ham oʻrin olgan. Yaqindagina "Ichki ishlar organlari haqida"gi qonun qabul qilindi, shuningdek, parlament nazorati va korruptsiyaga qarshi kurash haqidagi konunlar muhokama qilinmoqda, sudlar faoliyati haqidagi qonunga ayrim oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi. Mazkur chora-tadbirlar yetarlicha samara beradi deb hisoblaysizmi yoki fuqarolar huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida qoʻshimcha qonunlar qabul qilinishi kerakmi?

— Maʼlumotingiz uchun, "Korruptsiyaga qarshi kurash haqida"gi qonun hozircha qabul qilinmadi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasida muhokama qilinmoqda.
Biz kuchli sud-huquq tizimisiz oliy qadriyat hisoblangan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilib boʻlmaydi deb hisoblaymiz. Oʻtgan yillar davomida sud-huquq tizimini tubdan isloh qilish, sudlarning hokimiyatning mustaqil boʻgʻini sifatidagi mustaqilligini mustahkamlash, qonun ustuvorligini, inson huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini taʼminlash borasida samarali ishlar olib borildi.

Mazkur sohada amalga oshirilgan islohotlarni qoʻllab-quvvatlagan holda biz ishonchli va odil sudlov tizimini shakllantirish uchun bu choralar yetarli emas deb hisoblaymiz. Shu sababli biz sudlarning mustaqilligi va nufuzini mustahkamlash, sud jarayoni va sudlov qonunchiligida adolat va oʻzaro raqobatga yoʻnaltirilgan, sud-huquq tizimini bundan buyon ham isloh qiluvchi qonunlarni ishlab chiqish va qoʻllab quvvatlashda davom etamiz.

Adolat va qonun ramzi - Sputnik Oʻzbekiston
Jamiyat
Koreya jurnali Oʻzbekistondagi sud-huquq islohotlari haqida maqola chop etdi

Biz "Xabeas korpus" instituti qabul qilinishini yanada kengaytirish, aybiga iqror boʻlish va dastlabki tergov jarayonida sud nazoratini kuchaytirish tarafdorimiz. Biz sudning har qanday fuqaro uchun xolisligi, odilligini taʼminlash, sudlov himoyasi sohasini kengaytirish sud-huquq sohasini demokratlashtirishning muhim yoʻnalishlari deb hisoblaymiz. Biz sud tizimining bundan buyon ham institutsional rivojlanishiga, uning tashkiliy-kadrlar va protsessual mustahkamlanishi, sudlar tomonidan qabul qilinadigan qarorlarning barqarorligini taʼminlashga qaratilgan choralarni amalga oshirishni taklif etamiz.

Shuningdek, sud faoliyatining ochiqligi va xolisligi, sud jarayonida tomonlarning tengligini taʼminlash, sudyalarning masʼuliyatini oshirish, sudlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ular faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, sudlar faoliyati bilan bogʻliq maʼlumotlarni olishning aniq mexanizmlarini ishlab chiqishga ham alohida eʼtibor qaratamiz.

— Partiya dasturida koʻrsatib oʻtilgan ijtimoiy vazifalar orasida uy-joylar qurilishi, jumladan byudjet sohasi xodimlari uchun uy-joylar qurilishi masalasi ham bor. Mazkur dasturni qanday manbalar evaziga amalga oshirish rejalashtirilgan va uni tatbiq etishning mexanizmi ishlab chiqilganmi?

— Ha, partiya dasturida ijtimoiy vazifalar orasida uy-joylar qurilishini rivojlantirishga ham eʼtibor qaratilgan. Bunda byudjetdan tashqari manbalar hisobiga byudjet sohasi xodimlari uchun uy-joylar qurishni kengaytirish va byudjet sohasi xodimlariga uy-joylarga ega boʻlishda manzilli subsidiyalar ajratishga urgʻu berilgan. 2005 yildan buyon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga asosan shahar va qishloq joylarda uy-joylar qurilishini rivojlantirish uchun uzoq muddatli imtiyozli ipoteka krediti berish tizimi joriy etilgan. Mazkur dasturni amalga oshirish hisobiga keyingi 5 yil davomida Oʻzbekistonda 50 mingdan ortiq zamonaviy va namunaviy uy-joylar qurildi.

Biz mazkur qurilishlarning kelgusida ham rivojlanishini qoʻllab-quvvatlaymiz hamda uy sotib olish va qurish uchun ipoteka krediti berish jarayonini takomillashtirish, foiz stavkalarini nafaqat yosh oilalar, harbiy xizmatchilar uchun, balki byudjet sohasi xodimlari uchun ham maqbullashtirishni taklif etamiz.

— Sizningcha, Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi hamkorlikni qaysi sohalarda kuchaytirish darkor?

— Avvalo, tashqi siyosat sohasida Oʻzbekistonning jahon hamjamiyatida yanada integratsiyalashuvi, mamlakatimizning 2012 yilda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining tashqi siyosiy faoliyat Kontseptsiyasi asosida ikki va koʻp tomonlama hamkorlikni rivojlantirish bizning asosiy vazifamiz ekanligini taʼkidlash joiz. 

Biz bundan buyon ham mamlakatimiz nufuzini jahon maydonida oshirishda davom etamiz, turli harbiy blok va koalitsiyalarga kirishga yoʻl qoʻymaymiz, Oʻzbekistonning xorijiy davlatlar, jumladan Rossiya Federatsiyasi bilan ham siyosiy, iqtisodiy, gumanitar aloqalarini mustahkamlab boramiz. 

Biz MDH davlatlari bilan bir qatorda Rossiya bilan hamkorlik Oʻzbekiston tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri deb hisoblaymiz. Biz bundan buyon ham ikki davlat oʻrtasida savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, ilmiy-intellektual aloqalar izchil rivojlanishi tarafdorimiz. Bugungi kunda Rossiya mamlakatimizning eng yirik savdo hamkoridir va biz u bundan keyin ham asosiy savdo-iqtisodiy ittifoqchimiz boʻlib qolishi tarafdorimiz.
— Sizningcha, xozirda xorijda ishlayotgan Oʻzbekiston fuqarolarini ish bilan taʼminlash masalasini nimaning hisobiga hal etish mumkin? Migratsiya muammosini hal qilish uchun alohida dasturga egamisiz?

Migrantlar - Sputnik Oʻzbekiston
Migratsiya
"Yaxshilik qil, yurtingni yashnat" yoxud oʻzbek migrantlari Vatanga qaytishga tayyormi?

— Aholi bandligini taʼminlash masalasi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan har yili Hukumat tomonidan kiritiladigan aholi bandligini taʼminlash boʻyicha Davlat dasturi koʻrib chiqiladi va qabul qilinadi. Va yil davomida dastur ijrosi yuzasidan parlament nazorati amalga oshiriladi. Ayni shu kunlarda barcha fraktsiyalar va palata qoʻmitalarida 2017 yil uchun Davlat dasturi loyihasi koʻrib chiqilmoqda, unga koʻra kelasi yili hozirda xorijda ishlayotgan shaxslar uchun kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun kredit ajratish, alohida ixtisoslik talab etmaydigan ishlarga jalb etish, shuningdek, yer uchastkalari ajratish orqali 150 ming ish oʻrni yaratish koʻzda tutilgan. Lekin bizningcha, bu ish oʻrinlari yetarli emas. Umuman olganda, muammoni bosqichma-bosqich, mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan mutaxassislar tayyorlashni boshlash bilan hal etish lozim.

Partiyamizning saylovoldi dasturida fuqarolarni ish bilan taʼminlash, ularni kasbga oʻqitish va qayta yoʻnaltirishga oid qonunlarni ishlab chiqish borasidagi chora-tadbirlar koʻzda tutilgan. 

Yaʼni biz normativ hujjatlar qabul qilinishi bilan bir qatorda ishga joylashish muammosini mehnat bozori bilan kasb-hunar taʼlimi oʻrtasidagi aloqani musthakamlash orqali hal etish tarafdorimiz. Shuning uchun biz oʻrta-maxsus kasb hunar taʼlimidagi ixtisoslik yoʻnalishlarini kadrlarga boʻlgan istiqboldagi talablarga muvofiq holda bosqichma-bosqich koʻrib chiqish orqali sifatli taʼlimni joriy etish boʻyicha maqsadli dasturlar ishlab chiqishni taklif etamiz.

Xususan, gumanitar taʼlim yoʻnalishlarini sobitlik bilan qisqartirish va xizmat koʻrsatish, ishlab chiqarish, uy-joy-kommunal xoʻjaligi sohalarida mutaxassislar tayyorlashni kengaytirish zarur. 
— "Islom davlati", xalqaro terrorizm hamda Afgʻonistondagi keskin vaziyat sababli jiddiy tashqi tahdidlarni hisobga olgan holda mintaqada xavfsizlikni taʼminlash masalasi sizningcha qanday hal etilishi lozim?

— Oʻzbekiston Respublikasi mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab terrorizm va diniy ekstremizmga qarshi kurash masalasida oʻz qatʼiy pozitsiyasini egallab kelmoqda, tinchlik va barqarorlikni taʼminlashda oʻz mavqeini mustahkamlamoqda. Oʻzbekiston terrorizm va diniy ekstremizmga qarshi kurashda hamkorlikni jahon miqyosida kuchaytirish zarurligini koʻp bora taʼkidlagan. Mamlakatimiz BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan terrorizm va diniy ekstremizmga qarshi kurash doirasida qabul qilingan barcha 14 xalqaro konventsiya va protokolni ratifikatsiya qilgan. Bunda, Oʻzbekiston nafaqat ularning asosiy moddalarini milliy qonunchilikka joriy etgan holda mazkur hujjatlarga qoʻshildi, balki ularni amalga oshirish boʻyicha davlat va jamoat tuzilmalarini ham tashkil etdi.

Milliy xavfsizlikni taʼminlash maqsadida Jinoyat kodeksi, Maʼmuriy javobgarlik kodeksi, "Terrorizmga qarshi kurash", "Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurash toʻgʻrisida"gi va boshqa normativ-huquqiy hujjatlardan tashkil topgan terrorizmga qarshi kurash boʻyicha ishonchli qonunchilik bazasi shakllangan.  2000 yilda qabul qilingan va keyinchalik takomillashtirilgan "Terrorizmga qarshi kurash haqida"gi qonun terrorchilikka qarshi choralar koʻruvchi davlat organlari doirasini hamda ularning mamlakatda xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash boʻyicha vakolatlarini belgilab berdi.

Islom davlati terrorchilik uyushmasi bayrogʻi - Sputnik Oʻzbekiston
Jamiyat
Oʻzbekistonda terrorchilar roʻyxati tuziladi

Kelgusida, birinchidan, oʻsib kelayotgan avlodni tinchliksevarlik va bagʻrikenglik ruhida tarbiyalag orqali terrorizmga qarshi profilaktika boʻyicha choralarni kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratamiz. Albatta, bu borada fuqarolarning oʻz-oʻzini boshqarish instituti boʻlgan mahalla muhim ahamiyatga ega va biz ularning yoshlar ongidan ekstremizm gʻoyalarini tag-tomiri bilan qoʻporib tashlash yoʻlidagi saʼy-harakatlarini ragʻbatlantirib boramiz.

Ikkinchidan, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash strategiyasini amalga oshirishdagi hamkorlik tamoyillariga sodiq qolgan holda biz barcha manfaatdor davlatlar bilan uzoq muddatli munosabatlar oʻrnatishga intilamiz, zero terrorizm va ekstremizmning har qanday koʻrinishlari borgan sari koʻplab mamlakatlar xavfsizligiga tahdid solmoqda, ulkan siyosiy, iqtisodiy va maʼnaviy yoʻqotishlarga olib kelmoqda.

— Saylovoldi targʻibotini qanday amalga oshirmoqchisiz: saylovchilar bilan uchrashuvlarni qanday shaklda oʻtkazasiz, ularga oʻz gʻoya va takliflaringizni qay usulda yetkazasiz, raqiblaringiz bilan suhbat va munozaralarni qanday tarzda olib borasiz?

— Saylovoldi kampaniyasida partiyaning ijroiya apparati, barcha darajalardagi deputatlar va tarafdorlarimiz faol ish olib borishadi. Aytib oʻtganimdek, milliy qonunchilik va MSK qaroriga asosan saylovoldi kampaniyasida barcha nomzodlarga  teng sharoitlar yaratilgan.

Biz hozirda aholi oʻrtasida barcha turdagi, jumladan zamonaviy koʻrinishdagi targʻibot usullari aks etgan faoliyat dasturini tayyorlaganmiz. Ishonchli vakillarimiz tasdiqlangan, ularning saʼy-harakatlari asosida saylovchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazish jadvali ishlab chiqilgan. Bunda, birinchi navbatda biz joylardagi mahalliy partiya tashkilotlarimizga tayanamiz. Nomzod va uning ishonchli vakili bilan saylovchilar oʻrtasidagi uchrashuvda imkon boricha aholining aksariyat qatlami qamrab olinadi. Partiya gʻoyalarini targʻib qilish uchun markaziy, mahalliy va tijorat televideniyelari, shuningdek, radio va internet tarmogʻi, boshqa ommaviy axborot vositalari imkoniyatlaridan foydalaniladi.

Soʻzim oxirida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovlariga boʻlgan eʼtiboringiz uchun tashakkur bildiraman.

Yangiliklar lentasi
0