TOSHKENT, 22 noya — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. "Zukkolar davrasida" — bolalar va oʻsmirlar maʼrifiy-intellektual jurnali Bosh muharriri, jurnalist Fozil Jabborov Oʻzbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov, Oʻzbekiston Xalq shoiri, xalq Qahramoni Abdulla Oripov, hamda Oʻzbekiston xalq shoiri, xalq Qahramoni Erkin Vohidovlar haqida xotira kitobini nashrdan chiqarish tashabbusi bilan chiqmoqda.
U bu haqda oʻzining facebook dagi sahifasida maʼlum qilgan.
"Aziz feysbukdoshlar, samimiylikdan, yurakdan bir tashabbus boshladim. Buyuklarimizning oʻlimi meni koʻp hayajonlantirdi, toʻlqinlantirdi, yaxshi insonlarning qadriga vaqtida yetish kerakligini oʻrgatdi. Bu yil olamdan oʻtgan uch qahramonimiz haqida yoshlarning bitiklari jam boʻlgan 3 ta xotira kitobi qilish niyatim bor. Buni taklif qilib bosh vazirning virtual qabulxonasiga ham joʻnatdim. Xat hozirda Toshkent shahar hokimligida koʻrilayotgan ekan. Ilohim, tez kunda yangilik eshitamiz. Oʻzini faqat jisman emas, qalban yosh sanagan barcha-barcha birodarlarim, sizlardan iltimosim, Erkin Vohidov, Islom Karimov, Abdulla Oripov haqida yozganlaringiz (sheʼr, maqola, esse va hokazo) boʻlsa, kichik tarjimai hol va sifatliroq suratingiz bilan fozilfarhod@mail.ru pochtasiga joʻnatsangiz!", — deb yozgan jurnalist oʻzining sahifasida.
"Shu masalada "Maʼnaviyat-targʻibot markazidan qoʻngʻiroq qilishdi. Ular xatni Yozuvchilar uyushmasiga joʻnatyapti ekan", — deb xabar qildi Sputnik Oʻzbekiston nashriga Fozil Jabborov.
Sputnik Oʻzbekiston nashri muxbiriga berilgan xabarga koʻra, Jabborov ushbu masala yuzasidan yaqinda Islom Karimov fondini tashkil qilgan Lola Karimovaga ham maktub yoʻllagan.