TOSHKENT, 29 noya — Sputnik. Rossiya Oʻzbekiston uchun asosiy strategik hamkor boʻlib qoladi, dedi Oʻzbekiston mudofaa vaziri general-polkovnik Qobul Berdiyev Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu bilan uchrashuvda.
"Bizni Rossiya bilan juda koʻp narsa bogʻlab turadi. Hattoki aytish mumkinki, nafaqat bogʻlab turadi, balki biz qaysidir maʼnoda ajralmaganmiz. Ehtimol, hamkorligimiz unchalik faol boʻlmagan davrlar boʻlgandir, lekin biz hamisha Rossiya bilan birgamiz va Rossiya biz uchun asosiy strategik hamkordir", — deya Berdiyevning soʻzlaridan iqtibos keltiradi RIA Novosti.
U shuningdek 2012 yilda toʻxtab qolgan oʻzbek ofitserlari va kursantlarining Rossiya harbiy oʻquv yurtlarida taʼlim olishlari yana yoʻlga qoʻyilganligi uchun minnatdorlik bildirdi.
"Biz Suriyada sodir boʻlayotgan voqealarni kuzatmoqdamiz, Rossiya Federatsiyasining muvaffaqiyatlarini, Rossiya butun dunyoga namoyish etayotgan qurol, texnika va yangi texnologiyalarning kuchini koʻrib turibmiz", — dedi Oʻzbekiston mudofaa vaziri.
Uning soʻzlariga koʻra, Rossiya bilan harbiy hamkorlik borasidagi tadbirlar soni yildan yilga oshayotganligi "bizni quvontiradi".
"2017 yil uchun tadbirlar soni ikki martaga oshdi va biz harbiy hamkorlik boʻyicha 36ta tadbirga erishdik", — dedi Berdiyev.
Oʻz navbatida Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu Oʻzbekiston va Rossiyada har ikki davlat xavfsizligi uchun harbiy va harbiy-texnik hamkorlikni kengaytirish uchun istiqbol va imkoniyatlar mavjud ekanligini bildirdi.