Iqtisod

Turizm sohasidagi tadbirkorlik ragʻbatlantiriladi

© Flickr / Dan LundbergXiva, Islom Xoʻja minorasi
Xiva, Islom Xoʻja minorasi - Sputnik Oʻzbekiston
2-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev "Oʻzbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi farmonni imzoladi

TOSHKENT, 6 dek — Sputnik. Farmon mamlakat iqtisodiyotining strategik tarmogʻi sifatida turizmni jadal rivojlantirish uchun qulay iqtisodiy va tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratish, hududlarning ulkan turizm salohiyatidan yanada toʻliq va samarali foydalanish, turizm tarmogʻini boshqarishni tubdan takomillashtirish, milliy turizm mahsulotlarini yaratish va ularni jahon bozorlarida targʻibot qilish, turizm sohasida Oʻzbekistonning ijobiy qiyofasini shakllantirishga yoʻnaltirilgan.

Toshkent teleminorasi - Sputnik Oʻzbekiston
Iqtisod
"Oʻzbekturizm" milliy kompaniyasi tugatildi
Turizm sohasida ulkan imkoniyatlar mavjudligiga qaramay, Oʻzbekistonning turizm infratuzilmasi, turizm xizmatlari sifati va uning darajasi, shuningdek tarmoqni boshqarish tizimi globallashuv va keskin raqobat sharoitida zamonaviy talablarga mos kelmaydi. Turizmning mamlakat iqtisodiyotiga qoʻshayotgan hissasi, xizmat koʻrsatish sohasini rivojlantirish va aholini ish bilan taʼminlash jahondagi oʻrtacha koʻrsatkichlardan orqada qolmoqda", deyilgan farmon sharhida.

Aeroportlar, vokzallar hamda davlat chegarasi orqali boshqa oʻtish punktlarida xizmat koʻrsatish sifati va saviyasini tubdan oshirish xorijiy turistlarning mamlakatga kelishlarida qulay shart-sharoitlar yaratilishining muhim omili hisoblanadi. Farmonda shu maqsadlarda quyidagilar nazarda tutiladi:

2017 yilning 1 apreligacha Toshkent, Samarqand, Buxoro va Urganch shaharlarining xalqaro aeroportlarida xorijiy turistlar uchun "yashil yoʻlak" bojxona nazorati tizimini, pasport va bojxona nazoratidan oʻtishning, bagajni olishning soddalashtirilgan tartib-taomilini joriy etish hamda transport xizmati koʻrsatishni yaxshilash yuzasidan zarur chora-tadbirlar koʻrish; aeroportlar va vokzallarda rezidentlar va norezidentlarning pasport nazoratidan alohida-alohida oʻtishlarini tashkil qilish; aeroportlar va temir yoʻl vokzallarida qulay turizm axborot makonini, shu jumladan turizm-axborot punktlari faoliyatini tashkil etish va rivojlantirish.

Yuqorida koʻrsatib oʻtilgan tadbirlarni amalga oshirish asosiy transport uzellarida xizmatlar koʻrsatish sifatining eng ilgʻor jahon standartlariga mos kelishini taʼminlashga, mamlakat xalqaro aeroportlari va vokzallarining reytingini oshirishga qaratilgan.

Dunyoda
Oʻzbekiston qator davlatlar sayyohlari uchun viza tartibini bekor qildi
Turizm sohasidagi tadbirkorlik faolligini yanada ragʻbatlantirish, turizm infratuzilmasini rivojlantirish, turizm tashkilotlariga qoʻshimcha imtiyoz va preferentsiyalar berish Farmonning yana bir muhim xususiyatidir.
Jumladan: turizm operatorlari ular tomonidan koʻrsatiladigan turizm xizmatlari uchun tushadigan xorijiy valyutadagi tushumni majburiy sotishdan ozod qilinadi;  mehmonxonalar xorijiy valyutadagi tushumning faqat 25 foizini belgilangan tartibda majburiy sotadilar;  xorijiy fuqarolar tomonidan mehmonxonalar xizmatiga haq toʻlash erkin ayirboshlanadigan valyutada amalga oshiriladi, ular uchun toʻlov respublikaning davlat va byudjet tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladigan hollar bundan mustasno;  yuridik shaxslar kamida 4 yulduzli darajadagi mehmonxona va motellarni foydalanishga topshirganda ular yuridik shaxslarning foyda soligʻi, yer soligʻi va mol-mulk soligʻidan, shuningdek yagona soliq toʻlovidan 5 yil muddatga ozod qilinadi;  turizm faoliyati subʼyektlari tomonidan sigʻimi 9 kishidan ortiq boʻlgan yangi avtotransport vositalari sotib olinganligi uchun Respublika yoʻl jamgʻarmasiga yigʻim avtotransport vositalari qiymatining maksimal darajadagi 20 %i emas, balki 3 %igacha miqdorda undiriladi.

Farmonda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasiga manfaatdor idoralar bilan birgalikda 3 oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasining turizm sohasini oʻrta muddatli istiqbolda rivojlantirish Kontseptsiyasini, shuningdek 2017-2021 yillarda Kontseptsiyani amalga oshirish yuzasidan aniq chora-tadbirlar Dasturini Vazirlar Mahkamasiga taqdim etish vazifasi topshirilgan.

Farmonni bajarish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi qarori qabul qilindi. Qarorda davlat qoʻmitasi faoliyatining asosiy vazifalari va yoʻnalishlari belgilab berilgan, davlat qoʻmitasining tashkiliy tuzilmasi va Nizomi tasdiqlandi, shuningdek milliy turizm mahsulotini xorijga namoyish qilish, turizm sohasida kadrlar tayyorlash va turizm xizmatlarini sertifikatlash boʻyicha bir qator idoraviy tashkilotlar tuzildi.

Mazkur Farmonni amalga oshirish iqtisodiyotni barqaror rivojlantirishga, tarkibiy oʻzgartirishlar va diversifikatsiya qilishga, barcha mintaqalarni va turdosh tarmoqlarni kompleks ravishda ildam rivojlantirishning yetakchi kuchi boʻlish imkoniyatiga ega mamlakat iqtisodiyotining strategik tarmogʻi sifatida turizmni jadal rivojlantirishni taʼminlashga, shuningdek Oʻzbekistonning jozibador turizm markazi sifatidagi ijobiy qiyofasini shakllantirishga butun choralar bilan koʻmaklashadi.

Yangiliklar lentasi
0
Avval yangilariAvval eskilari
loader
LIVE
Zagolovok otkrыvayemogo materiala