TOSHKENT, 13 dek — Sputnik. Amerikaning yangi saylangan prezidenti oʻz tanlovini jahonning eng yirik neft kompaniyalaridan birining rahbarida toʻxtatdi, deb xabar qilmoqda RIA Novosti agentligi.
"AQShning yangi prezidenti Donald Tramp ExxonMobil neft kompaniyasi rahbari Reks Tillersonni AQSH Davlat kotibi etib tayinladi", deyilgan xabar matnida.
Eslatib oʻtamiz, Donald Trampning inauguratsiyasi 2017 yilning 20 yanvarida boʻlib oʻtadi. Shundan soʻng, u rasman oʻz hukumati tarkibiga nomzodlarni Kongress hukmiga havola eta boshlaydi.
Nashr xabariga koʻra, Reks Tillerson 64 yoshda. U Ostindagi Texas universitetini tamomlagan. Reks ExxonMobildagi oʻz faoliyatini oddiy muhandislikdan boshlagan va 1990-yillarda kompaniyaning Rossiyadagi loyihalariga rahbarlik qilgan.