Yangi yil bayrami tadbirlari qachon boshlanishi ma’lum qilindi

Obuna bo‘lish
Balandligi 26 metr, aylanasi 7,7 metr bo‘lgan sun’iy archaning barcha ehtiyot qismlari, hattoki unga bezatiladigan o‘yinchoqlar ham Rossiyadan keltirildi

TOShKENT, 23 dek – Sputnik. Ayni kunlarda O‘zbekistonning barcha  shahar va tumanlarida Yangi yil bayramini ko‘tarinki ruhda nishonlashga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. Tuman va shaharlardagi markaziy xiyobonlar, maydonlarda bayram archalari o‘rnatilib, bezatilmoqda.

Toshkent shahrida Yangi yil bayrami madaniy tadbirlari 2016-yil 28-dekabrdan 2017-yil 8-yanvargacha o‘tkazilishi belgilangan. Bu haqda Madaniyat va sport ishlari vazirligi ma’lum qildi.

Vazirlar Mahkamasining "Toshkent shahrining "Mustaqillik va ezgulik" maydoni hamda shaharning boshqa maydonlarida Yangi yil bayrami madaniy tadbirlarini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi 222-sonli majlis bayonnomasiga muvofiq "Mustaqillik va ezgulik" maydoni, Shayxontohur tumani Xadra maydoni va "Lokomotiv-Anhor" bog‘i yonidagi maydonlari, Yunusobod tumani Sayilgoh maydoni, Chilonzor tumani Algoritm dahasidagi "Roison Electronics" korxonasi oldi maydoni, Yashnobod tumani "Aviasozlar" shaharchasi maydoni, Mirzo Ulug‘bek tumani "Lokomotiv" madaniyat va istirohat bog‘i, Sirg‘ali tumani "SUNDAY" supermarketi oldi maydoni hamda Bektemir tumani "Quyoshcha nuri" madaniyat va istirohat bog‘larida Yangi yil bayrami madaniy tadbirlari o‘tkazilishi belgilangan.

Mazkur maydonlarda ulkan archalar, attraksionlar va o‘yin qurilmalari, savdo rastalari, ekran hamda turli o‘lchamdagi sahnalar o‘rnatilib, ayni paytda bezash ishlari amalga oshirilmoqda.

Toshkentdagi Yangi yil archasi - Sputnik O‘zbekiston
Toshkentning 9-maydonida Yangi yil archasi o‘rnatiladi

Salkam 4 gektar hududda bunyod bo‘lgan bayram maydonining markazida ulkan archa qad ko‘targan. "O‘zmaxsusmontaj" aksiyadorlik jamiyatining "Chirchiqstalmontaj" MChJ ishchilari tomonidan barpo etilayotgan balandligi 26 metr, aylanasi 7,7 metr bo‘lgan sun’iy archaning barcha ehtiyot qismlari, hattoki unga bezatiladigan o‘yinchoqlar ham Rossiyadan keltirildi. Ushbu archa 10 mingdan ziyod qo‘g‘irchoq va rang-barang tovlanuvchi chiroqlar bilan bezatilmoqda.

Shuningdek, Mirzo Ulug‘bek nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i hududidagi 20 ta yangi attraksionlar va o‘yin qurilmalari, 8 ta 5 metrli, 3 ta 10 metrli archa, 2 ta biohojatxonalar hamda ulkan ekranlar o‘rnatildi. Mazkur ekranlarda bolajonlar uchun milliy multfilmlarning namoyish etilishi hamda asosiy sahnadagi ekranda ijtimoiy video lavhalar, ya’ni respublikada amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari aks etgan videolavhalarni namoyish etilishi rejalashtirilgan.

"Mustaqillik va ezgulik" maydonida ham balandligi 27,8 metrli Yangi yil archasi o‘rnatildi. Yangi archa bezaklari va o‘yinchoqlar bilan bezash va bannerlar chop ettirish ishlari olib borilmoqda.

Tadbirlarda O‘zbekiston badiiy jamoalar ijodiy birlashmasi, "O‘zbeknavo" estrada birlashmasi san’atkorlari hamda poytaxtdagi teatr va sirk jamoalari, tumanlarda faoliyat ko‘rsatayotgan folklor jamoalari va xonandalar faol qatnashishi ko‘zda tutilgan.

Yangiliklar lentasi
0