Jizzaxda soxta "Coca-cola" va "Fanta" tayyorlovchilar fosh etildi

Obuna bo‘lish
"Ishlab chiqaruvchi"ning iqror bo‘lishicha, oddiy ichimlik suviga turli sintetik aralashmalar qo‘shilgan hamda hosil bo‘lgan suyuqlik kislorod balloni orqali gazlangan

TOShKENT, 29 dek — Sputnik. Jizzax viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan olingan tezkor ma’lumotlar asosida huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda Jizzax tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida Coca-Cola va Fanta ichimliklari tayyorlovchilar fosh etildi. Bu haqda nuz.uz xabar qilmoqda.

Mazkur tumanda istiqomat qiluvchi fuqaroning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilib, turli sintetik aralashmalar, yelim idishlar, kislorod balloni va 124 dona "Coca-cola" va 210 dona "Fanta" savdo belgilarining yorlig‘i tushirilgan jami 2 mln so‘mlik iste’molga yaroqsiz ichimlik ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.

"Ishlab chiqaruvchi"ning iqror bo‘lishicha, oddiy ichimlik suviga turli sintetik aralashmalar qo‘shilgan hamda hosil bo‘lgan suyuqlik kislorod balloni orqali gazlangan. So‘ngra "tayyor" mahsulot savdo belgilari yorlig‘i tushirilgan yelim idishlarga quyilgan. Tashqi ko‘rinishidan ularni haqiqiy mahsulotdan farqlab bo‘lmagan.

Shuningdek, tumandagi yana bir fuqaro ham soxta ichimlik tayyorlash bilan shug‘ullanib kelganligi aniqlandi. U bozorda nisbatan arzon "Aqua-cola" ichimliklarini "Coca-cola" idishlariga quyib qimmatroq pullash bilan shug‘ullanib kelgan. Tezkor xodimlar tomonidan uning xonadonidan qiymati 1,2 mln so‘mdan ortiq qo‘lbola usulda tayyorlangan 213 dona "Coca-cola" ichimliklari ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.

Xabarda bildirilishicha, 2016-yil davomida bojxona xodimlarining huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda o‘tkazgan tadbirlari davomida umumiy qiymati 120 mln so‘mlik soxta mahsulot tayyorlanishi bilan bog‘liq 89 holat aniqlangan va 9ta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Yangiliklar lentasi
0