Mirziyoyev to‘rtta yangi iqtisodiy zona tashkil etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi

© Uztelecom«Jizzax” erkin industrial zonasi
«Jizzax” erkin industrial zonasi - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Iqtisodiy zonalar kiritiladigan investitsiya miqdoridan kelib chiqqan holda 3-yildan 7-yilgacha muddatga bojxona va soliq to‘lovlaridan ozod etiladi

TOShKENT, 13 yanv — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev "Urgut", «Urgut», «G‘ijduvon», «Qo‘qon» va «Hazorasp» erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi, deb xabar beradi Sputnik muxbiri.

Samarqand viloyatining Urgut tumanida "Urgut", Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida "G‘ijduvon", Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida "Qo‘qon" va Xorazm viloyatining Hazorasp tumanida "Hazorasp" erkin iqtisodiy zonalari tashkil qilinadi.

Mazkur viloyatlar hokimiyatlari va qator mutasaddi tashkilotlar mazkur zonalar uchun 2017-yilning fevral oyi o‘rtasigacha birgalikda yer uchastkalarini ajratadi va aniq hududlarini belgilaydi. Zonalarning faoliyat ko‘rsatish muddati 30-yil bo‘lib, mazkur muddat kelgusida uzaytirilishi mumkin. Ushbu davr mobaynida EIZlarda alohida imtiyozli soliq, bojxona va valyuta tizimi amal qiladi.

Xususan, EIZ ishtirokchilari soliqlar va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalar to‘lashdan ozod etiladi. Masalan, 300 mingdan 3 million dollargacha mablag‘ kiritilsa imtiyozlar uch yilga beriladi, 3 milliondan 5 million dollargacha bo‘lsa besh yilga, 5 milliondan 10 milliongacha — yetti yilga. Agarda ishtirokchi 10 million dollardan ortiq investitsiya kiritsa, u 10 yil davomida soliq va yig‘imlardan ozod qilinadi va keyingi besh yilda daromad solig‘i va yagona soliq to‘lovining amaldagi stavkasining 50 foizini to‘laydi.

Zavod ombori - Sputnik O‘zbekiston
"Navoiy" EISZ – Markaziy Osiyoda yilning eng yaxshi erkin iqtisodiy zonasi deb topildi

Bundan tashqari, farmonga asosan erkin iqtisodiy zonalar butun faoliyat ko‘rsatish davrida olib kelinadigan xomashyo, material va butlovchi qismlar uchun bojxona to‘lovi to‘lashdan ozod qilindi.

Davlat rahbari "O‘zbekiston temir yo‘llari", O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi va Davlat bojxona boshqarmasiga bir oy muddat ichida hukumatga yangi EIZ hududida maxsus logistika markazlari va bojxona postlari tashkil etish bo‘yicha taklif kiritish vazifasini topshirdi.

Qayd etish joiz, bugungi kunda O‘zbekistonda rasman uchta — 2008-yilda tashkil etilgan "Navoiy", 2012-yilda tashkil qilingan "Angren" va 2013-yilda tashkil etilgan "Jizzax" erkin iqtisodiy zonalari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Bu yil erkin iqtisodiy zonalar infrastrukturasini rivojlantirish uchun 23,7 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.

Yangiliklar lentasi
0