TOSHKENT, 16 yanv — Sputnik. Joriy yilning 1 fevralidan boshlab Qonunchilik palatasi Spikeri — Nuriddinjon Moʻydinxonovich Ismoilov va Senat Raisi — Nigʻmatilla Toʻlqinovich Yoʻldoshev ham joylarga chiqib, mavjud ahvolni shaxsan oʻrganish asosida aholining eng muhim ehtiyojlarini hal etishda amaliy yordam koʻrsatishadi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisida aytib oʻtdi, deb xabar beradi Podrobno.UZ.
Mamlakat prezidenti Oʻzbekiston Respublikasi prezidentining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi, har bir tuman va shahardagi Xalq qabulxonalari, Oʻzbekiston Respublikasi prezidentining Virtual qabulxonasi faoliyatini samarali tashkil etishni taʼminlashni talab qildi.
Davlat rahbari shuningdek, bundan buyon agar arizachi olgan javob xatidagi oʻz qonuniy muammosi yechimidan qanoat hosil qilmasa, bunday murojaat nazoratdan olinmasligini maʼlum qildi.
"Ana shu ishlarning bosh maqsadi — fuqarolarning qonuniy murojaatlarini qisqa muddatda sinchiklab koʻrib chiqishni va hal etishni taʼminlashdir. Bu borada raqamlar va silliq hisobotlarning orqasidan quvib, navbatdagi kampaniyabozlikni uyushtirish kerak emas. Buni xalq hech qachon kechirmaydi!", deya taʼkidladi prezident.