Bank xodimlari uyma-uy yurib imtiyozli kredit taklif etmoqda

Obuna bo‘lish
"Agrobank" xodimlari 813 aholi maskanidagi 1,3 millionga yaqin xonadonga tashrif buyurishni maqsad qilishgan

TOShKENT, 18 yanv — Sputnik. O‘zbekiston banklari bugungi kundagi muhim vazifalardan birini bajarishga — aholiga keng miqyosda kredit berish orqali tadbirkorlikka jalb etishga kirishishdi, deb xabar beradi Sputnik muxbiri.

O‘tgan yilning dekabrida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisida so‘zlagan nutqida yirik tijorat banklari rahbarlariga banklar o‘z ish uslublarini tubdan o‘zgartirishlari lozimligini ta’kidlagandi. Davlat rahbari moliya muassasalari oldiga aniq vazifani qo‘ydi — davlat banklari har bir oila bilan muloqot tashkil qilish orqali fuqarolarning tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi uchun qulay imkoniyatlar yaratishi kerak.

Xususan, mazkur vazifani bajarish uchun mamlakatdagi yirik banklardan biri bo‘lmish "Agrobank" xodimlari 813 aholi maskanidagi 1,3 millionga yaqin xonadonga tashrif buyurishni maqsad qilishgan. Shu munosabat bilan maxsus bo‘linma ham tashkil etildi. Bankning Qoraqalpog‘iston, viloyatlardagi boshqarmalari va 176 filialida maxsus bo‘limlar ochildi.

Asakabank binosi - Sputnik O‘zbekiston
Banklar fuqarolarga moliyaviy ko‘mak beradi

Bank xodimlari xonadonlarda bo‘lishib, tadbirkorlik faoliyatini boshlash imkoniyatlari haqida tushunchalar berishadi, qisqa muddatda kredit mablag‘lari ajratish bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirishadi. Bugungi kunda "Agrobank"ning yangi boshqarma va bo‘limlariga 576 nafar malakali mutaxassis ishga qabul qilindi. Bundan tashqari, dasturni samarali amalga oshirish maqsadida yana ikki mingdan ortiq tajribali xodim jalb etildi.

"Keng miqyosda malakali xodimlarning jalb etilishi o‘zining dastlabki natijalarini bermoqda. Xodimlarimiz 360 mingga yaqin xonadonda bo‘lishib, tadbirkorlikni boshlash uchun ajratiladigan kreditlar, ularni berish shartlari haqida keng tushuncha berdilar. Kredit olishga qiziqqan fuqarolarga namunaviy biznes-loyihalar taklif etilmoqda. Bundan tashqari, zarur hujjatlarni rasmiylashtirishda ham yordam beramiz", — dedi "Agrobank" vakili.

Suhbatdoshning aytishicha, aholini tadbirkorlikka jalb etish bo‘yicha keng tarqalgan usullardan yana biri xonadonlarga maxsus so‘rovnoma yuborilishidir. Mazkur usuldan mamlakatdagi deyarli barcha banklar foydalanmoqda. Birgina "Agrobank"ning o‘zi 890 ming oilaga ana shunday so‘rovnomalar jo‘natdi.

Bank bog‘dorchilik, chorvachilik, hunarmandlik, kasanachilik, xizmat ko‘rsatish, servis va boshqa sohalarda kreditlar taklif etmoqda.

"Agrobank" 2016-yilda ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklariga 294,7 milliard so‘m miqdorida kredit taqdim etdi. Bundan chorvachilikka 14,9 milliard so‘m, parrandachilikka 856 million so‘m, baliqchilikka 381 million so‘m, teplitsalar tashkil etishga 6,1 milliard so‘m ajratildi. Fermer xo‘jaliklarini qishloq xo‘jalik texnikasi, agregat va ehtiyot qismlar bilan ta’minlash uchun bank 109,9 milliard so‘m kredit mablag‘i yo‘naltirdi. Aholining iste’mol kreditlari 82,2 milliard so‘mni tashkil etdi.

Yangiliklar lentasi
0