O‘zbekistonda xorijga chiqish ruxsatnomasi bekor qilinishi mumkin

© Sputnik / Aleksey TixomirovO‘zbek pasporti
O‘zbek pasporti - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Loyihada ichki va xorijga chiqish pasportlarini berish tartibini joriy qilgan holda xorijga chiqish uchun ruxsatnoma (stiker) rasmiylashtirish tartibini bekor qilish ko‘zda tutilgan

TOShKENT, 20 yanv — Sputnik. O‘zbekistonda pasport-viza, xorijga chiqish va kirish tizimi borasida qator o‘zgarishlar amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda. Bu boradagi chora-tadbirlar normativ-huquqiy aktlar muhokamasi portalida joylashtirilgan O‘zbekiston Prezidentining "O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi to‘g‘risida"gi farmoni loyihasida ko‘zda tutilgan. Mutasaddi muassasalar mazkur yo‘nalishdagi takliflarni joriy yilning uchinchi choragida taqdim etishlari mo‘ljallanmoqda.

Loyihada ichki va xorijga chiqish pasportlarini berish tartibini joriy qilgan holda xorijga chiqish uchun ruxsatnoma (stiker) rasmiylashtirish tartibini bekor qilish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, alohida asoslar bo‘yicha xorijga chiqish huquqini sud tomonidan cheklash tartibini kiritish mo‘ljallangan.

O‘zbekistonliklar chiqish vizasini bekor qilishga doir petitsiyani imzolashmoqda

Hujjatda ma’lumotlarni qayta ishlash bo‘yicha zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, chegara nazorati organlariga yo‘lovchilar xaqida dastlabki ma’lumotlarni taqdim etish amaliyotini, avtomatlashtirilgan pasport nazorati kabinasini, chegarani kesib o‘tayotganlarni qidiruvda bo‘lgan shaxslar fotobazasi bilan solishtirish tizimini joriy etgan holda aeroport va temir yo‘l vokzallarida pasport nazorati tizimini soddalashtirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, jismoniy shaxslar uchun bojxona hududiga kirib kelish va uni tark etish bo‘yicha "yashil" va "qizil" yo‘lak tizimini amaliyotga tatbiq etish mo‘ljallanmoqda.

Ta’kidlanishicha, mazkur choralarni amalga oshirish xorijga chiquvchi fuqarolarga qulay shart-sharoitlar yaratish, ularning huquq va erkinliklari kafolatlarini mustahkamlash, chegara nazorati organlari faoliyatini takomillashtirish va samarasini oshirish, shuningdek turizm sohasini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Yangiliklar lentasi
0