TOSHKENT, 27 yanv — Sputnik. Oʻzbekistonlik firibgarlar 31.500 dollar evaziga oʻlgan odamni "tiriltirib" bermoqchi boʻlishdi, deb xabar bergan "Inson va qonun" gazetasiga tayangan holda "Darakchi" nashri.
Gurlan tumanida yuz bergan bu firibgarlik tafsiloti butun qishloqqa tarqalgan.
Munavvara Davlatova bir necha yil muqaddam oʻzini "tabib", deb eʼlon qilgan. Uning tabibligiga birovlar ishongan, birovlar bunga qoʻl siltab qoʻya qolgan. Xullas, kunlarning birida "tabib" opa huzuriga 1963 yili Yangiariqda tugʻilgan M.Rahimova kelib, qizi Malika Roʻzimatovani darddan forigʻ etib berishni soʻraydi.
Davlatova taklifni bajonidil qabul qilib, Malikani uyida "davolash"ga kirishadi. Bemor ayol bir muddat ana shu asnoda Munavvara opaning uyida "davolanadi". "Tabib" bu jarayonda oʻz mijozini obdan oʻrganadi. Qarasa-ki, Malikadan tuppa-tuzuk sherik chiqishi ham mumkin. Davlatova buni fahmlab, anchadan buyon diliga tugib yurgan firibgarlik maqsadlarini amalga oshirishga kirishadi. Firib ishlari rejasi ham tuziladi.
Ularning tuzogʻiga dastavval Urganch tumanidagi "Gʻalaba" qishlogʻining "Asalchilik" mahallasida yashovchi Rajabboy Bobojonov tushadi. Uning oʻgʻli U.Bobojonov giyohvandlik vositalari bilan bogʻliq jinoyat sodir etib, ozodlikdan mahrum qilingan edi.
Ikkovlon firibgarlik yoʻli bilan R.Bobojonovning ishonchini sui¬isteʼmol qilishga kirishadi va oʻgʻlini 800 AQSH dollari hamda 400 ming soʻm pul evaziga qamoqdan ozod qilishga vaʼda beradilar. Rajabboy aka firibgarlarning soʻziga laqqa tushib, aytilgan pulni ularga darhol qoʻsh-qoʻllab tutqazadi.
Malikaning nimalarga qodirligini bayon qila turib, narkotik moddalar bilan muomala qilishda ayblangan bir necha shaxsni sud zalining oʻzidanoq ozodlikka chiqartirib yuborgani, 15 yilga qamalgan yana bir necha aybdorning jazosini 6 yilgacha kamaytirib berganligini aytib, balki sizning oʻgʻlingiz tirikdir, avtohalokatda boshqa kishi oʻlgandir, deya ishontirishga urinadi.
Choʻkayotgan odam hatto xas-choʻpdan ham najot izlaydi, deyishganidek, ogʻir ruhiy holatdagi bemor Rajabboy aka bunday avrashga laqqa ishonadi. Ish silliqqina bitayotganidan ruhlangan Munavvara esa fursatni oʻtkazmay Malikaga telefon qilib, tezda yetib kelishini tayinlaydi.
Malika Rajabboy akaga Urganch shahrida advokat boʻlib ishlashini, oldin koʻpgina ayblangan shaxslarni oqlaganini, barcha huquqni muhofaza qiluvchi idoralarda tanishlari borligini, ular koʻmagida oʻgʻlini topib bera olishini aytadi. Shundan soʻng "advokat" tezda ishga kirishib, Rajabboy akani "oʻgʻlingiz tirik, u qamoqda saqlanayapti", deya avraydi.
Farzandining tirikligiga astoydil ishongan odam ulardan pulni ham, mol-mulkni ham ayamaydi. 2014 yilning fevralidan 24 avgustiga qadar vaʼda va aldovlarga ishongan koʻyi "oʻlmasdan qolgan" va ayni kunlarda goʻyoki qamoqda saqlanayotgan oʻgʻlini ozod qilish uchun firibgarlarga 31.500 AQSH dollari hamda 4 million 100 ming soʻmlik oziq-ovqat va kiyim-kechaklarni beistihola inʼom qilib yuboradi.
Shu oʻrinda, fuqarolarning firibgarlar aldoviga ishonib, yillar davomida peshona teri evaziga topgan bisotini qoʻshqoʻllab ularga topshirishi kishini ajablantiradi. Bunday koʻngilsizliklarga yoʻliqmaslik uchun esa hamma va har bir kishi ogoh boʻlmogʻi, firib tuzogʻidan oʻzini asrash payida boʻlmogʻi zarur.