TOSHKENT, 28 yanv — Sputnik. Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatiga safari davomida Xiva tumanidagi "Boltaboy oqsoqol" fermer xoʻjaligida tashkil etiladigan baliqchilik kompleksi loyihasi bilan tanishdi, deb xabar qilgan Oʻzbekiston TIV matbuot-xizmati.
Hozir mazkur xoʻjalikda 232 gektar havzada baliq yetishtirilmoqda. Oʻtgan yili 490 tonna baliq yetkazib berilgan.
Vyetnam texnologiyasi uvildiriqlarni intensiv usulda yetishtirish va havzalarga yuqori tigʻizlikda oʻtkazishga ixtisoslashgan. Bunday usul baliqlarning omuxta yem sarfiga nisbatan rivojlanish surʼati yuqoriligi, salbiy gidrokimyoviy holatlar va kasalliklarga chidamliligi bilan ajralib turadi.
Odatda bir gektarlik havzadan oʻrtacha 15-20 tsentner baliq olinadi. Vyetnam texnologiyasi samarasida bu koʻrsatkich 400 tsentnergacha yetadi.
Xabarga koʻra, ushbu istiqbolli loyihaga "Ipoteka-bank" kredit ajratgan. Korxonada yiliga 300 tonnadan ortiq mahsulot tayyorlash, 20 ish oʻrni yaratish moʻljallangan.