Lola Karimova: Doimo sizning borligingizni his etib turamiz...

Obuna bo‘lish
Bugun O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov tavallud topgan kun

TOShKENT, 30 yanv — Sputnik. Bugun, 30-yanvar — O‘zbekistonning birinchi prezidenti, marhum Islom Abdug‘aniyevich Karimovning tavallud ayyomi kuni munosabati bilan prezidentning qizi Lola Karimova-Tillyayeva otasini xotirlab ijtimoiy tarmoq orqali yozuv qoldirdi.

"Hamisha 30-yanvar kuni biz Sizni tavallud ayyomingiz bilan qutlashga oshiqar edik. Bugun esa o‘zgacha…..Siz endi bizning oramizda yo‘qsiz, aziz otajonim…Shunday bo‘lsa-da, biz dildan doimo sizning borligingizni his etib turamiz….To qalblarimizdagi muhabbat abadiy yashar ekan, siz ham yuraklarimizda mangu qolajaksiz", deb yozadi Lola Karimova-Tillyayeva.

O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov 2016-yil 2-sentabr kuni 78 yoshida vafot etdi.

O‘zbekiston mustaqilligi me’mori Islom Karimov hayot bo‘lganida bugun 79 yoshni qarshi olgan bo‘lardi. Marhum prezidentning xotirasini abadiylashtirish maqsadida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev "O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida"gi qarorga imzo chekdi.

Qarorga ko‘ra, Toshkent shahrida, Islom Karimov tug‘ilib o‘sgan Samarqand shahrida va u kishi birinchi rahbar bo‘lib ishlagan Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida prezident siymosi tasvirlangan haykallar o‘rnatiladi.

O‘zbekistonning Birinchi prezidenti Islom Karimov - Sputnik O‘zbekiston
Buyuk ishlar uchun yaralgan umr: Islom Karimov haqida hujjatli film

Toshkent shahridagi Oqsaroy qarorgohida Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi tashkil etiladi va Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondi ham ushbu manzil bo‘yicha joylashtiriladi. Samarqand shahrida Islom Karimov muzeyi tashkil etiladi va Toshkent davlat texnika universiteti, Asaka shahridagi avtomobil zavodi, Farg‘ona shahridagi San’at saroyi, Toshkent xalqaro aeroporti, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardagi markaziy ko‘chalarga Islom Karimov nomi beriladi.

Har yili Islom Karimov tavallud topgan sana — 30-yanvar kuni keng nishonlanadi, 2-sentabr kuni Xotira kuni sifatida yod etiladi.

Oliy o‘quv yurtlari talabalari uchun Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyasi joriy etiladi.

Islom Karimovning hayoti va faoliyati haqida ilmiy va badiiy asarlar, hujjatli va badiiy filmlar yaratiladi hamda Islom Karimov siymosi aks ettirilgan maxsus pochta markalari chiqariladi.

O‘zbekiston xalqi mamlakatning buyuk farzandi xizmatlarini hech qachon unutmaydi.

Yangiliklar lentasi
0