Madaniyat

Morgan Friman "ishtiroki" tufayli oʻzbek filmi premyerasi toʻxtatib qoʻyildi

© uz24"Daydi" filmi reklamasi
Daydi filmi reklamasi - Sputnik Oʻzbekiston
Badiiy filmni jamoatchilik orasida targʻibot qilishda bir qator qonunbuzilishi holatlariga yoʻl qoʻyilganligi aniqlangan

TOSHKENT, 9 fev — Sputnik. Oʻzbekistonda Sirojbek Abdullayev tomonidan suratga olingan "Daydi" filmini reklama qilishda bir qator qonunbuzilish holatlari kuzatilgani sababli kinoteatrlarda mazkur film taqdimotini oʻtkazish va keng namoyish qilish toʻxtatib turiladi. Bu haqda "Oʻzbekkino" Milliy agentligi tomonidan berilgan rasmiy bildirishga tayanib, uz24.uz xabar qilmoqda.

Xabarda aytilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda milliy kinematografiya sohasida tarqatilayotgan axborotlar "Oʻzbekkino" Milliy agentligi tomonidan monitoring qilinganda "Timur Film" MCHJ tomonidan suratga olingan "Daydi" nomli badiiy filmni jamoatchilik orasida targʻibot qilishda bir qator qonunbuzilishi holatlariga yoʻl qoʻyilganligi aniqlangan.

Jumladan, mazkur filmning treyleri, bannerlari va chiptalari chiqarilib, ularda Gollivud yulduzi Morgan Frimanning 2014 yilda ishlab chiqarilgan "Soʻnggi ritsarlar" filmida suratga tushgan qiyofasi aks ettirilgan. Ammo aktyorning qiyofasi filmning agentlikka taqdim etilgan nusxasida boʻlmagan.

"Timur Film" MCHJ tomoshabinlarning filmga nisbatan talabini kuchaytirishga erishish maqsadida mashhur kino yulduzini filmda suratga tushganligini bildiruvchi yolgʻon (chalgʻituvchi) maʼlumotlar tarqatib, isteʼmolchilarning (tomoshabinlar) huquqlarini poymol qilgan.

Bu holat filmga nisbatan yuqori qiziqishni uygʻotib, uni tomosha qilishga boʻlgan talabning sunʼiy ravishda oshishiga sabab boʻlmoqda.

Shuningdek, "Timur Film" MCHJ studiyasi "Daydi" filmida bir qator xorijiy filmlardagi kadrlardan foydalanib, Oʻzbekiston Respublikasining "Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida"gi Qonuni 19-moddasi talabini ham buzgan. Qonunning ushbu moddasiga koʻra, yuridik va jismoniy shaxslar muayyan asardan faqat huquq egasi yoki boshqa vakolatli shaxs bilan tuzilgan shartnomaga binoan foydalanishlari mumkinligi belgilangan.

Shulardan kelib chiqib, ushbu holatlar boʻyicha Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasiga hamda Intellektual mulk agentligiga rasmiy taqdimnoma kiritildi.

Qayd etilgan masalalar mazkur davlat idoralari tomonidan koʻrib chiqilguniga qadar "Daydi" filmini kinoteatrlarda taqdimotini oʻtkazish va keng namoyish qilishni toʻxtatib turish koʻrsatmasi berildi.

Ushbu xabar ijtimoiy tarmoqlarda ham muhokamaga sabab boʻlmoqda. Abdurashid Mamadolimov ismli foydalanuvchi bu holatga oʻz fikrini bildirar ekan, film namoyishining toʻxtatilishi juda toʻgʻri qaror boʻlganligini taʼkidlagan.

"Yangi bir oʻzbek kinosi namoyishini toʻxtatib qoʻyishibdi. Sababi film reklama bannerida mashxur bir Hollivud aktyorining surati bor ekan. Lekin bu aktyor filmda rol oʻynamagan. Juda toʻgʻri qaror qilinibdi. Film yaratuvchilari qanday uyalmasdan bunaqa koʻzboʻyamachilik qilishgan!?", deb yozadi u.

Uning fikricha, oʻzbek tv kanallarida ham shunga oʻxshash holatlar mavjud.

"MTV Shou" degan koʻrsatuv bor. Koʻrsatuvni koʻngilochar (yengil) deb qarasak, yomon emas. Lekin men bu koʻrsatuvning kamida ikkita sonida yuqoridagi kabi holatga duch keldim. Masalan bittasi Mirzabek Xolmedov mehmon boʻlgan soni. Unda goʻyoki mashhur gʻarb aktyori Holmedov toʻgʻrisida gapiradi. Tushunarliki, bu yerda oʻsha mashhur aktyorning butunlay boshqa gaplari oʻzbekchada oʻzgartirib dublyaj-montaj qilingan. Bu borib turgan koʻzboʻyamachilik, muallif huquqining buzilishidir. TV kanal uchun bunday ishni qilish uyat", deb fikrini yakunlaydi u.

Yangiliklar lentasi
0
Avval yangilariAvval eskilari
loader
LIVE
Zagolovok otkrыvayemogo materiala