Toshkentda 150 dan ortiq ko‘p yillik noyob daraxtlar kesib olindi

© Sputnik / Konstantin Chalabov / Mediabankka o‘tishBenzopila
Benzopila - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Akademik M.Mirzoyev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti hududida 150 dan ortiq ko‘p yillik daraxtlar kesib olinib noma’lum tomonga olib ketildi.

TOShKENT, 20 fev — Sputnik. Bir yuz elliktadan ortiq ko‘p yillik ulkan chinor, eman, shumtol va yong‘oq kabi noyob daraxtlar shafqatsizlarcha kesib olindi, deb xabar qilmoqda nuz.uz nashri.

Axborot agentligi xabariga ko‘ra, ularga ilmiy-tadqiqot institutining sobiq ishchisi murojaat qilib, qisqa vaqt ichida instituti hududida yuzdan ortiq ko‘p yillik chinor, eman, shumtol, yong‘oq va respublikada yagona bo‘lgan kofe daraxti kesib tashlanganini xabar qilgan.

Guvohlar aytishiga qaraganda daraxtlarni kesish yanvar boshida boshlanib bir oy davom etgan. Kesish ishlari institut bosh direktori tashabbusi bilan boshlangan, har dam olish kunlari institut hududida ko‘plab texnika va ishchilar ishlagan. Shunga qaramasdan bunga hech kim e’tibor bermagan.

© nuz.uzBog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik institutida kesilgan daraxtlar
Rubka derevyev v NII Sadovodstva  - Sputnik O‘zbekiston
Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik institutida kesilgan daraxtlar

Institut ishchilari hatto Prezident qabulxonasiga ham telefon qilishgan. Lekin tekshiruv guruhi manzilni topolmagani tufayli yetib kelmagan emish. Shundan keyin hech kim bunga e’tibor bermagan.

Umumiy hisobda akademik M.Mirzoyev nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti hududida 150 ta ko‘p yillik daraxtlar kesib olinib Andijon viloyati davlat raqami o‘rnatilgan yuk mashinalarida noma’lum tomonga olib chiqib ketilgan.   

Kovlab olingan daraxt to‘nkalaridan ulkan chuqurlar qolgan. Kovlab olinmagan to‘nkalar fotosuratidan kesib olingan daraxtlarning mutlaq sog‘lom bo‘lganini ko‘rish mumkin.

"Biz bundan juda kech xabar topdik. Ular daraxtlarni allaqachon kesib bo‘lishgandi. Bu yerda endi faqat chuqurlar va to‘nkalar qolgan. Qanday azim daraxtlar edi, afsus. Ularning ayrimlarini Rixard Shrederning o‘zi, qolganini akademik Maxmud Mirzoyev va bizlar ekkan edik. Bu qonunbuzarlikka qarshi hech narsa qila olmaymiz. Tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi va prokuratura bularni ko‘rmagandek go‘yo", — deb ko‘z yoshi bilan aytib berdi institut oqsoqollaridan biri.

Voqea joyida bo‘lgan nuz.uz muxbiri haqiatdan ham institut yo‘laklari bo‘shab qolganini va hamma joyda chuqurlar va daraxt to‘nkalari qolganiga guvoh bo‘lgan. To‘nkasi kavlab olingan chuqur diametri 2 metr bo‘lgan daraxtning bo‘yi qancha bo‘lgan ekan-a?

Institut faollari ushbu vahshiylik uchun javobgarlarni nima bo‘lsayam jazoga tortish maqsadida Prezident qabulxonasiga qayta murojaat qilishgan.

Yetkizilgan zarar, albatta cheksiz va uning o‘rnini to‘ldirib bo‘lmaydi, lekin ayrim "ekologlar" hisobiga ko‘ra yetkizilgan zarar 57 mln. so‘m emish.  Bozordagi yog‘och narxidan xabardor kishilar hisob-kitobiga ko‘ra o‘g‘rilangan daraxtlar narxi 1 milliard 140 million so‘mni tashkil qilgan.  

Ustiga ustak, ilmiy institut rahbariyati daraxt kesilishidan hosil bo‘lgan o‘tinlarni Bekobod tumaniga yuborishgan emish. Aslida shu yerning o‘zida ham o‘tinga zor bo‘lganlar juda ko‘p edi. Yana institutga ketaverishda yo‘l chetida yuk mashinalari qator bo‘lib turib o‘tin sotmoqda. Bir mashina o‘tin — 600 ming so‘m.

"Biz bo‘sh kelmaymiz va oxirigacha boramiz. Kerak bo‘lsa ikkinchi, uchinchi va undan tepadagi muassasalarga murojaat qilamiz", — deydi institutning xodimlaridan biri.

Institut xodimi aytishiga qaraganda, oxirgi yillarda bu yerda ish yaxshi bo‘lmagan. Muassasa faoliyati daromad keltirmagan. Xodimlargan to‘rt oydan beri oylik to‘lanmagan.

"Oldingi vaqtlarda biz yiliga 75 tonna limon yetishtirar edik. Sharof Rashidovning shaxsan o‘zi kelib har bir ishchining qo‘lini siqqan edi. O‘shanda biz sitrus mevalar yetishtirish bo‘yicha Gruziyadan o‘zib ketgan edik", — deydi yana bir institut xodimi.

Bizning arizamiz ayni damda ko‘rib chiqilmoqda. Tekshiruv organlari qarori qanday bo‘lishini vaqt ko‘rsatadi. Voqeaga befarq bo‘lmagan fuqarolar, yuzlab olimlarning yarim asr davomida qilgan mehnati natijasiga bunday vahshiylarcha munosabatdan bo‘lganlar qonuniy jazosini olar deb umid qilishmoqda.

Akademik M.Mirzoyev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti manzili:  111116, Toshket viloyati, Zangiota tumani, Guliston QFY, Chimkent yo‘li. Telefon raqami, rahbariyati bilan bog‘lanishga doir ma’lumotlarni institut rasmiy saytidan olish mumkin.

Yangiliklar lentasi
0