TOSHKENT, 24 fev — Sputnik. Dastlabki maʼlumotlarga qaraganda, "Fargʻonaazot" korxonasi atrofida joylashgan uylarda istiqomat qiluvchi aholiga zarar yetmagan, deb xabar qildi Sputnik Oʻzbekiston muxbiriga Fargʻona viloyat hokimligidagi manba.
Hozirda voqea joyida maxsus hukumat komissiyasi hamda eng kuchli mutaxassislar ish olib borishmoqda.
"Aniq maʼlumotlar faqat shtabda mavjud. Shuning uchun hozir necha kishi halok boʻlgani haqida aniq maʼlumot berish qiyin. Halok boʻlganlarning barchasi korxonada taʼmirlash ishlarini olib borayotgan ishchilar boʻlgan, atrof-muhitning zararlanishi qayd etilmagan. Qutqaruv xizmati tezkorlik bilan ish olib bordi, u yerda bir necha bosqichli himoya tizimi mavjud, korxonaning oʻz qutqaruv xizmati ham bor", — dedi hokimlikdagi manba.
Eslatib oʻtamiz, 23 fevral kuni Fargʻona shahridagi "Fargʻonaazot" korxonasidagi ammiak tsexida taʼmirlash-montaj ishlari olib borilayotgan vaqtda portlash yuz berdi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligining maʼlum qilishicha, portlash oqibatida qurbon boʻlganlar bor, lekin ularning soni aytilmagan.
Hodisani oʻrganish boʻyicha maxsus hukumat komissiyasi tashkil etildi.