TOSHKENT, 24 fev — Sputnik. Fargʻona shahridagi "Fargʻonaazot" AJda yuz bergan portlash oqibatida besh kishi halok boʻlgan, bir necha kishi kasalxonaga yotqizilgan.
23 fevral kuni Fargʻona shahridagi "Fargʻonaazot" korxonasidagi ammiak tsexida taʼmirlash-montaj ishlari olib borilayotgan vaqtda portlash yuz berdi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligining maʼlum qilishicha, portlash oqibatida qurbon boʻlganlar bor, lekin ularning soni aytilmagan.
Hodisani oʻrganish boʻyicha maxsus hukumat komissiyasi tashkil etildi.
"Portlash joyida besh kishi halok boʻlgan, ular taʼmirlash brigadasi ishchilari boʻlishgan. Yana bir necha kishi kasalxonaga yotqizildi", — degan korxonadagi manba RIA Novostiga.
Uning soʻzlariga koʻra, korxonada komissiya ish olib bormoqda, zavod faoliyati toʻxtatilmagan.
"Oʻzkimyosanoat" AJ va respublika FVV hukumat komissiyasi ishlashda davom etayotganligini bildirib qurbonlar haqidagi maʼlumotni izohlamagan.
"Fargʻonaazot" korxonasi 1956 yilda ishga tushirilgan boʻlib, hozirgi kunda ammiak selitrasi va karbamid ishlab chiqaruvchi eng yirik kimyo sanoati korxonasi hisoblanadi.
Korxona loyiha quvvatiga koʻra yiliga 270 ming tonna karbamid va 350 ming tonna selitra ishlab chiqaradi.