TOSHKENT, 24 fev — Sputnik. "Qarshi nasos stantsiyalar kaskadini qayta tiklash — III faza" loyihasini bajarish natijasida 402 ming gektar sugʻoriladigan maydonning suv taʼminoti yaxshilanadi, deb yozadi uz24.uz. Nasos stantsiyalarida har yili 106,55 million kVt soat elektr energiya tejalib, qishloq xoʻjaligida daromadlar oshishiga, pirovardida hududni yanada taraqqiy ettirishga erishiladi.
Bugun Qashqadaryoda tashrif bilan boʻlib turgan Shavkat Mirziyoyevga ushbu loyiha tanishtirildi.
Xabarda aytilishicha, loyiha Qarshi nasos stantsiyalar kaskadining 1-6-nasos stantsiyalarining 9 nasos agregatini yangilash, 850 metr quvurlarni yangilash, suv keltiruvchi kanalni loyqadan samarali tozalash ishlarini amalga oshirishni koʻzda tutadi. Buning uchun jami 128,934 million dollar mablagʻ sarflanadi.
Shuningdek, NS-1 va NS-2 oraligʻidagi kanalning 8 kilometr qismini va kanalning chap qirgʻoq dambasini taʼmirlash rejalashtirilgan.
Shavkat Mirziyoyev bu Qashqadaryo qishloq xoʻjaligining yuragi ekanini, uni tezroq va sifatli amalga oshirish zarurligini taʼkidladi.