TOSHKENT, 24 fev — Sputnik. Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida bugun Qashqadaryo viloyatiga tashrif buyurdi. Bu haqda "Jahon" AA xabar berdi.
Shavkat Mirziyoyev oʻzining saylovoldi dasturida bu boradagi ishlarni izchil davom ettirish, mamlakatning barcha hududlari qatori Qashqadaryo viloyati rivojini ham yangi bosqichga koʻtarish boʻyicha ulkan reja va maqsadlarni bayon etgan edi. Prezident Qashqadaryoga tashrifi davomida ana shu rejalar ijrosi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari va istiqbolli loyihalar bilan tanishishi koʻzda tutilgan.
Bugungi kunda mamlakatda qazib chiqarilayotgan tabiiy gazning 70 foizi, neftning qariyb 78 foizi, gaz kondensatining 80 foizi, gʻallaning 13 foizdan ortigʻi, paxtaning 14 foizdan ziyodi Qashqadaryo viloyati hissasiga toʻgʻri keladi.
Viloyatdagi "Shoʻrtan neft-gaz", "Muborak neft-gaz" korxonalari, "Shoʻrtan gaz-kimyo" majmuasi, Muborak gazni qayta ishlash zavodi, Dehqonobod kaliyli oʻgʻitlar zavodi, Tollimarjon issiqlik elektr stantsiyasi, "Hisor neft-gaz" kabi yirik ishlab chiqarish quvvatlari Oʻzbekiston sanoatining lokomotivlari hisoblanadi.
Bugungi kunda yalpi hududiy mahsulotning 51,6 foizi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasida ishlab chiqarilmoqda. Mehnat bilan band aholining qariyb 80 foizi shu tarmoqda daromad topmoqda.
Soʻnggi besh yilda 3 ming 200 gektar paxta maydoni qisqartirilib, kartoshka, meva-sabzavot va poliz ekinlari yetishtirish yoʻlga qoʻyilgan. Oxirgi uch yilda fermer xoʻjaliklarining 22 foizdan ziyodi koʻp tarmoqli xoʻjalikka aylantirilgan.
Birinchi Prezident rahbarligida Qarshi va Shahrisabz shaharlarida amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlari bu ikki qadimiy shahar qiyofasini tubdan oʻzgartirib yubordi. Qarshi shahrining hududi 9 ming gektardan 17 ming gektarga, Shahrisabz shahrining hududi 3 ming 300 gektardan 4 ming 900 gektarga kengaytirildi.
2016 yilda Qashqadaryo ustidagi qadimiy Amir Temur koʻprigi rekonstruktsiya qilinib, daryoning ikki qirgʻogʻida Qarshi ahli va mehmonlar dam oladigan soʻlim maskanlar barpo etildi. Toshkent — Qarshi yoʻnalishi boʻyicha yuqori tezlikda harakatlanuvchi "Afrosiyob" tezyurar elektr poyezdi qatnovi yoʻlga qoʻyildi.