TOSHKENT, 24 fev — Sputnik. Poytaxtda 33 yoshli shaxs 8 yoshli qizchani zoʻrlamoqchi boʻldi, deb yozadi "Podrobno.uz" Toshkent shahar IIBB matbuot xizmatiga asoslanib.
20 fevral kuni nomaʼlum shaxs Olmazor tumani Sebzor mavzesida joylashgan umumiy oʻrta taʼlim maktabi yonidan oʻtib ketayotib, sakkiz yoshli qizni koʻrib toʻxtaydi. U Umidani (ismi oʻzgartirilgan) velosipediga mindirib aylantirishni taklif qiladi.
U Umidani Sebzor mavzesidagi 3-a uyning 1-yoʻlagi oldiga chalgʻitib olib borib, ushbu koʻp qavatli uyning 9-qavati chordoq qismiga olib chiqqan. Qizaloqning nomusga tegish maqsadida uning egnidagi kiyimlarini yechishga uringan. Bundan qoʻrqib ketgan Umida baqira boshlagach, maqsadiga yeta olmagan shaxs qochib ketgan.
Mazkur holat yuzasidan Olmazor tumani IIB tergov boʻlimi tomonidan nomaʼlum shaxsga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Toshkent shahar IIBBning maʼlum qilishicha, jinoyatni sodir etishda gumonlangan shaxs tumanning Qora-qamish dahasida qoʻlga olingan.
Aniqlanishicha, bu jinoyatni sodir etishga uringan fuqaro 1984 yilda tugʻilgan Qoʻshmurod Bobomurodov boʻlgan.

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi fuqarolardan suratdagi shaxsning boshqa jinoyatlarga aloqadorligi yuzasidan maʼlumotlar boʻlsa, hududiy Ichki ishlar boshqarmalari yoki 102 raqamiga xabar berishlarini soʻramoqda.