Shavkat Mirziyovning Navro‘zni nishonlash to‘g‘risidagi qarori e’lon qilindi

© Sputnik / /StringerNavro‘z
Navro‘z - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Qarorga ko‘ra, yoshi ulug‘ insonlar, tabarruk otaxon va onaxonlarni har tomonlama e’zozlash, ko‘makka muhtoj insonlarga beg‘araz yordam berish bilan bog‘liq xayriya tadbirlari amalga oshirishga e’tibor qaratiladi

TOShKENT, 1-mart — Sputnik. Bugun O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning "2017 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida"gi qarori e’lon qilindi.

"Sharqona yangi yilning boshlanishi, tabiat uyg‘onishining ramzi, asl milliy, eng ardoqli bayram bo‘lmish Navro‘zning yurtimizda mehr-oqibat, hamjihatlik, insoniylik, bag‘rikenglik va bunyodkorlik, xayr-saxovat muhitini yanada mustahkamlash, yosh avlodni milliy an’analarimizga sadoqat va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida kamol toptirishdagi o‘rni va ta’siri tobora ortib borayotganini inobatga olib hamda bu qutlug‘ ayyomni yuksak saviyada nishonlash maqsadida 2017-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin", — deyiladi qarorda.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev - Sputnik O‘zbekiston
Shavkat Mirziyoyev bu yil Navro‘z qanday nishonlanishini aytdi

Qarorga ko‘ra, tashkiliy qo‘mita Navro‘z bayramini Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlarida, barcha shahar, tuman va qishloqlarda umumxalq sayillari shaklida yuqori darajada o‘tkazishga qaratilgan tashkiliy-amaliy, madaniy-ma’naviy tadbirlar rejasini o‘n kun muddatda ishlab chiqishi va amalga oshirishi lozim.

Qarorda ko‘rsatilishicha, tadbirlar rejasini tayyorlashda quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratiladi:

Navro‘z kunlarida insonning tabiat bilan uzviyligini, o‘zini uning ajralmas bir qismi sifatida his etishini ifoda etadigan, atrof-muhitni, ona zaminni ardoqlab, uning ne’matlarini, bugungi tinch hayotni qadrlab, shukronalik tuyg‘usi bilan yashashga da’vat qiladigan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni uyushtirish;

barcha shahar va qishloqlarda bo‘lib o‘tadigan tadbirlarda, ommaviy axborot vositalarida Navro‘z bayramining tarixi, uni nishonlash bilan bog‘liq urf-odatlar, an’analar va qadriyatlarimizning mohiyati va ahamiyatini keng yoritish;

Navro‘zning ruhi va falsafasida o‘z aksini topgan mehr-muruvvat, ahillik va totuvlik, yoshi ulug‘ insonlar, tabarruk otaxon va onaxonlarni har tomonlama e’zozlash, ko‘makka muhtoj insonlarga beg‘araz yordam berish bilan bog‘liq xayriya tadbirlarini amalga oshirish;

Navro‘z bayramini nishonlash - Sputnik O‘zbekiston
Navro‘z YuNESKO nomoddiy boyliklari ro‘yxatiga kiritildi

yangi dehqonchilik mavsumining boshlanishi, yasharish va yangilanish, qut-baraka, obodlik va farovonlik ramzi bo‘lmish Navro‘z faslida mahallalarda, shahar va qishloqlarda hasharlar, keng ko‘lamdagi obodonchilik va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini tashkil etish.

Hujjatga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan sayillarga folklor guruhlari, badiiy havaskorlik jamoalari, dorbozlar, sirk artistlari, oilaviy ansambllar, baxshilar, shoirlar, shuningdek, professional ijrochilar va iste’dodli estrada artistlari keng jalb etiladi.

Shuningdek, sayil dasturlarini tayyorlashda xalq o‘yinlari, folklor san’atining eng yaxshi namunalarini, elu yurtning dilidan chuqur joy olgan, qadimiy urf-odatlar, ezgu insoniy tuyg‘ularni tarannum etadigan kuy va qo‘shiqlar, o‘lan va laparlarga keng o‘rin beriladi.

O‘tkaziladigan bayram tadbirlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti va viloyatlarda mahalliy budjetlar hamda joylardagi homiylik xayriyalari hisobidan, Toshkent shahrida respublika budjeti va Toshkent shahar mahalliy budjeti mablag‘lari hisobidan teng ulushlarda qoplanadi.

Mazkur qarorning ijrosini ta’minlash O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov zimmasiga yuklatilgan.

Yangiliklar lentasi
0