Uyini sotadiganlar idorama-idora hujjat to‘plab yurmaydigan bo‘ldi

© Sputnik / Vladimir AstapkovichRabota s bumagami
Rabota s bumagami - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Hukumatning qarori bilan soliqlar, kommunal xizmatlar va elektr energiya bo‘yicha qarzdorlik yo‘qligi, bino va inshootlarning tegishliligi haqidagi ma’lumotlarni fuqarolar tomonidan qog‘oz ko‘rinishida yig‘ish amaliyotiga chek qo‘yildi

TOShKENT, 2 mar — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining "Bitimlarni notarial tasdiqlash tartibini idoralararo elektron hamkorlikni qo‘llagan holda takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, davlat notarial idoralari notariuslari tomonidan ko‘chmas mulkning oldi-sotdi, ayirboshlash va hadya qilish bitimlari tasdiqlash idoralararo elektron hamkorlikni qo‘llagan holda amalga oshiriladi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Toshkentdan uy sotib olishni istaganlar uchun yangi talablar kiritilmoqda

Xabarda aytilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining notarial harakatlarni amalga oshirish bilan bog‘liq jarayonlarni avtomatlashtirish, ko‘chmas mulk va avtomototransport vositalarini boshqa shaxsga o‘tkazish taqiqlanganligi yoki xatlanganligi bo‘yicha yagona ma’lumotlar bazasini shakllantirish, shuningdek notarial harakatlarni amalga oshirishda idoralararo elektron hamkorlik yo‘li bilan davlat xizmatlari ko‘rsatishni nazarda tutuvchi "Notarius" avtomatlashtirilgan axborot tizimini amalga kiritish haqidagi taklifiga rozilik berildi.

Shuningdek, mazkur qaror bilan Ko‘chmas mulkni oldi-sotdi, ayirboshlash va hadya qilish bitimlarini idoralararo elektron hamkorlikni qo‘llagan holda notarial tasdiqlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Davlat notarial idoralari notariuslari tomonidan idoralararo elektron hamkorlikni qo‘llagan holda ko‘chmas mulkning oldi-sotdi, ayirboshlash va hadya qilish bitimlarini tasdiqlash Toshkent shahrida — 2017-yil 1-iyuldan boshlab, O‘zbekiston Respublikasining barcha hududida — 2018-yil 1-iyuldan boshlab amalga oshirilishi belgilandi.

O‘zbekistonda ko‘chmas mulk “qora maklerlar” nishonida

Qayd etish lozimki, qonun hujjatlariga muvofiq ko‘chmas mulklarning oldi-sotdi, ayirboshlash va hadya qilish bitimlarini notarial tasdiqlashda jismoniy va yuridik shaxslar soliqlar, kommunal xizmatlar va elektr energiyadan qarzdorlik yo‘qligi haqidagi ma’lumotnomalarni, shuningdek, kadastr xizmatining bino va inshootlarning tegishliligi haqidagi ma’lumotlarni taqdim etishi lozim.

Ushbu ma’lumotlarni yig‘ish uchun turli tashkilotlarga borgan holda fuqarolar ko‘p vaqt sarflaydi. Bunda ushbu ma’lumotnomalarni olish uchun kommunal xizmat ko‘rsatuvchi va boshqa tashkilotlarga shaxsni tasdiqlovchi hujjat, ko‘chmas mulkka bo‘lgan mulk huquqini tasdiqlovchi hujjat, uy hujjatidan ko‘chirma, kvartira ichidagi issiqlik ta’minoti tizimining tekshirish dalolatnomasi va boshqa shu kabilar taqdim etilishi lozim.

Hukumatning mazkur qarori bilan soliqlar, kommunal xizmatlar va elektr energiya bo‘yicha qarzdorlik yo‘qligi, bino va inshootlarning tegishliligi haqidagi ma’lumotlarni fuqarolar tomonidan qog‘oz ko‘rinishida yig‘ish amaliyotiga chek qo‘yildi. Buning o‘rniga esa ushbu ma’lumotlarni notariuslar idoralararo elektron hamkorlik tizimi orqali aniq vaqt rejimida mustaqil olishi belgilandi.

Bundan tashqari, Adliya vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga notarial harakatlarni amalga oshirganlik uchun to‘lanadigan davlat boji va boshqa to‘lovlarni elektron tarzda amalga oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bitimlar loyihalarini tayyorlash, notarial harakatlar haqida tushuntirishlar olish va notarius qabuliga oldindan yozilish uchun murojaat qilish mexanizmi joriy qilish kabi topshiriqlar berildi.

Yangiliklar lentasi
0