O‘zbek qo‘shiqchisi BBC Cardiff Singer of the World tanlovi finaliga chiqdi

Obuna bo‘lish
BBC Cardiff Singer of the World 2017 (Bi-Bi-Si Kardiff Jahon qo‘shiqchisi 2017) xalqaro klassik musiqa tanlovi tarixida ilk marta o‘zbek qo‘shiqchisi ishtirok etadi

TOShKENT, 2 mar — Sputnik. Tanlovda iste’dodli qo‘shiqchi, ajoyib soprano ovoz sohibasi Barno Ismatullayeva qatnashadi. Finalga jami 20 ishtirokchi yetib kelgan, deb xabar beradi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.

BBC Cardiff Singer of the World-2017 tanlovi finali shu yilning iyunida Uelsning Kardiff shahridagi jahonning taniqli yulduzlari maydoni bo‘lgan Sent-Devid Xoll markazida bo‘lib o‘tadi.

"Nufuzli BBC Cardiff Singer of the World 2017 (Bi-Bi-Si Kardiff Jahon qo‘shiqchisi 2017) tanlovi tarixida ilk bor Ona Vatanim O‘zbekistonni tanishtirish (eng yosh ishtirokchi sifatida) men uchun ulkan baxt!!! Aziz do‘stlar! Menga Sizlarning mehr va qo‘llab-quvvatlashingiz judayam muhim!", — deb yozadi Barno o‘zining Facebookdagi sahifasida.

Muzikalniy festival pesen Anni German v Varshave - Sputnik O‘zbekiston
Polshada Anna German konkursida O‘zbekistonlik xonanda maxsus sovrin oldi

2014 yilda Toshkentda bo‘lib o‘tgan Competizione dell'Opera xalqaro tanlovida Barno Ismatullayeva birinchi o‘rinni olgan. Bugungi kunga kelib yosh opera qo‘shiqchisi ko‘plab xalqaro tanlovlarda g‘oliblikka erishdi.

U 2010-yil avgustda "Nihol" Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan. 2011-yil oktabrida Barno rossiyalik taniqli bastakor Yuriy Bashmet rahbarligi ostida Minskda o‘tkazilgan III MDH Yoshlar xalqaro akademiyasida O‘zbekiston nomidan ishtirok etgan.

25 yoshni qarshilagan Barno Andijonda tug‘ilgan. 2006-2009 yillarda Andijon san’at kollejida tahsil olgan. 2009-yilda litsey va kollej o‘quvchilari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan yosh vokalchilar respublika tanlovida birinchi o‘rinni egallagan. Shu yili O‘zbekiston Davlat konservatoriyasiga, Ismoil Jalilov sinfiga qabul qilingan.

O‘zbekiston xalq artisti Ismoil Jalilovning aytishicha, Barno o‘ziga xos chiroyli, qaynoq soprano ovoziga ega bo‘lib, uning ovozi "quyi pardada violonchel, o‘rta pardada goboy va yuqori pardada fleyta kabi jaranglaydi".

Yangiliklar lentasi
0