TOSHKENT, 8 mar — Sputnik. Toshkentda poytaxt yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasining anʼanaviy aktsiyasi boʻlib oʻtmoqda. Tadbir davomida yoʻl harakati inspektorlari mashinali xonimlarga gul sovgʻa qilishadi, deb xabar bermoqda Sputnik Oʻzbekiston muxbiri.
Ushbu aktsiya bir necha yillardan buyon oʻtkazib kelinadi va barcha ayollarga quvonch bagʻishlaydi. Hozir inspektorlar shahar markazida, Hamid Olimjon metro bekati yonida, Mustaqillik shohkoʻchasi hamda poytaxtning boshqa tumanlarida gul ulashmoqdalar.
"Menga gul sovgʻa qilishdi, juda ajoyib, qoida buzganim uchun jarima solishadi deb oʻylagandim, menga gul sovgʻa qilishdi va boshqa qoida buzmasligimni soʻrashdi", — deb yozadi internet foydalanuvchilaridan biri. "Eng romantik militsionerlar biznikilar, barakalla!!!", — deb yozadi yana bir ayol. "Qoyil, ulardan norozi boʻlishadi, lekin ular juda muhim ishni bajarishadi", — deydi yana bir foydalanuvchi.
Foydalanuvchilar orasida bayram kuni qoida buzish mumkin deb oʻylovchilar ham topildi.
"Ular gul sovgʻa qilishganini faqat internetda koʻryapman, kecha meni toʻxtatishdi. Tabriklashadi deb oʻylovdim, yoʻq, haydovchilik guvohnomamni olib qoʻyishdi", — deb yozdai ayollardan biri.
Bugun ayollarga xursandchilik ulashishga poytaxtdagi ayrim avtomobil yuvish shoxobchalari ham qaror qilgan.
"Bugun bayramni chin dildan his qildim!!! Mashinamni yuvdirgani kirgandim. Mashinamni yuvishdi! Ularga pul bermoqchi boʻlgandim, ular menga guldasta sovgʻa qilishdi va bugun ayollarga bepul xizmat koʻrsatishlarini aytishdi! Rahmat yigitlar!!!", — deydi poytaxtda yashovchi ayollardan biri.