TOSHKENT, 22 mar — Sputnik. Bugun Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozogʻiston prezidenti Nursulton Nazarboyevning taklifiga binoan davlat tashrifi bilan Ostona shahriga keldi. Shavkat Mirziyoyevni Ostona aeroportida Qozogʻiston prezidentining topshirigʻiga binoan mamlakat bosh vaziri Bakitjan Sagintayev kutib oldi. Bu haqda bosh vazirning matbuot xizmati xabar bermoqda.

Oʻzbekiston va Qozogʻiston davlat bayroqlari bilan bezatilgan Ostona xalqaro aeroportida oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Tantanali kutib olish marosimida shuningdek, bosh vazirning birinchi oʻrinbosari A.Mamin, tashqi ishlar vaziri K.Abdraxmanov, Ostona shahri hokimi A.Isekeshev, Qozogʻistonning Oʻzbekistondagi elchisi YE.Utembayevlar ishtirok etishdi.
Oliy darajadagi muzokaralarda Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilinishi, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashinishi moʻljallangan.