TOSHKENT, 23 mar — Sputnik. «KazMunayGaz» (KMG) milliy neft-gaz kompaniyasi Rossiya neftini Oʻzbekistonga yetkizib berishga tayyor, deb xabar qildi Qozogʻiston energetika vaziri Kanat Bozumabayev.
Vazir aytishiga qaraganda, Rossiya nefti Chimkentgacha quvur orqali yetkizib beriladi, undan keyin esa neft quyadigan estakada yordamida, vagon-tsisternalarga quyilib Oʻzbekistonga olib boriladi.
"Hozir Oʻzbekistonga oʻtgan quvur ishlamaydi. U eskirgan va toʻxtatib qoʻyilgan, shuning uchun hozir faqat neft quyish estakadasi orqali vagon-tsisternalar bilan yetkizib berish mumkin. Omskdan Pavlodar viloyatigacha kelgan neft quvurining quvvati 1 mln tonnagacha. Biz shuncha neft yetkizib berishimiz mumkin", — deb izoh berdi Bozumbayev.
Energetika vaziri aytishiga qaraganda, agar Oʻzbekiston tomoniga katta hajmda neft kerak boʻlsa Qozogʻiston neft quvurini qayta tiklash imkoniyatini koʻrib chiqishi ham mumkin.
"Agar Oʻzbekistonga koʻproq neft kerak boʻlsa, neft quvurini tiklashga toʻgʻri keladi. Unday holda Oʻzbekiston kafolatlangan hajmlarda neft olishi kerak boʻladi", — dedi vazir.
Oʻzbekistonga Qozogʻiston hududi orqali Rossiya neftini yetkizib berishga doir shartnomalar Shavkat Mirziyoyevning Qozogʻistonga boʻlib oʻtayotgan tashrifi davomida imzolanishi rejalashtirilgan. Podrobno.uz xabariga asosan.