Xususiy tibbiyot muassasalari soliqlar va majburiy ajratmalar to‘lashdan ozod etildi

Obuna bo‘lish
Ayni paytgacha xususiy tibbiyot muassasalariga 177 turdagi tibbiy xizmatlarning atigi 50 tasiga ruxsat etilgan bo‘lib, qolganlari taqiqlangan edi. Qarorga binoan endi ularga tibbiy xizmatlarning deyarli barcha turlarini ko‘rsatishga ruxsat berildi

TOShKENT, 4 apr — Sputnik. Xususiy tibbiyot muassasalariga tibbiy xizmatlarning deyarli barcha turlarini ko‘rsatishga ruxsat berildi. Bu haqda O‘zbekiston prezidentining 1-aprelda qabul qilingan "Sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida ko‘rsatib o‘tildi.

Qaror sharhida keltirilishicha, ayni paytgacha xususiy tibbiyot muassasalariga 177 turdagi tibbiy xizmatlarning atigi 50 tasiga ruxsat etilgan bo‘lib, qolganlari taqiqlangan edi. Mazkur qarorga binoan endi ularga tibbiy xizmatlarning deyarli barcha turlarini ko‘rsatishga ruxsat berildi.

Tibbiyot asbob-uskunalari - Sputnik O‘zbekiston
Tibbiyot muassasalariga 84 mln $lik asbob-uskuna keltiriladi

Ruxsat etilgan tibbiy xizmat turlariga kardiojarrohlik, neyrojarrohlik, mikrojarrohlik, onkologiya, anesteziologiya va reanimatologiya, gelmintologiya, intervitsion kardiologiya, immunobiologik va immunoferment tashxis qo‘yish, qon-tomir, torakal va abdominal jarrohlik va tibbiyot sohasida talab yuqori bo‘lgan boshqa yo‘nalishlar kiritildi.

Mazkur qaror bilan xususiy tibbiyot muassasalari 2022-yilning 1-yanvariga qadar barcha turdagi soliqlar va majburiy ajratmalar to‘lashdan ozod etildi.

Bo‘shagan mablag‘lar ularni zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash, ularga servis-texnik xizmat ko‘rsatish, tibbiyot maqsadlari uchun ehtiyot qismlar, inventar va boshqa buyumlar xarid qilish, yangi bino va inshootlarni qurish va mavjudlarini rekonstruksiya qilishga maqsadli yo‘naltiriladi.

Tez tibbiy yordam mashinasi - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekistondagi ehtiyoji baland hududlarga 50 ta tez tibbiy yordam mashinalari berildi

Soliq imtiyozlari taqdim etilishi natijasida bo‘shaydigan mablag‘lar hisobidan Xususiy tibbiyot muassasalarining aholi ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga bepul tibbiy xizmat ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqish va tasdiqlash vazifasi topshirildi.

Alohida ta’kidlash lozimki, qishloq joylarda va chekka tumanlarda tibbiyot sohasida xususiy sektorni jadal rivojlantirish maqsadida qarorda qishloq joylarda tibbiy xizmat ko‘rsatish sohasida tashkil etiladigan yangi mikrofirmalar va kichik korxonalar davlat ro‘yxatiga olingan kundan boshlab 10-yil muddatga yagona soliq to‘lovidan ozod etilishi ko‘zda tutilgan.

Qarorda 2017-yil 1-maydan boshlab sog‘liqni saqlash sohasida kichik korxonalar xodimlarining yillik o‘rtacha cheklangan sonini 25 kishidan 100 kishigacha ko‘paytirish belgilangan.

Qarorda tibbiyotning xususiy sohasiga, ayniqsa, yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni jalb qilish va xorijiy kapital ishtirokida qo‘shma tibbiyot muassasalari tashkil etish orqali ilg‘or xalqaro tajribani joriy etishni kengaytirishga doir chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan.

Prezident Uzbekistana Shavkat Mirziyoyev - Sputnik O‘zbekiston
Tibbiyot sohasi - tanqiddan bir oy o‘tib

Mazkur qarorda xususiy tibbiyot muassasalarida ishlashga jalb etiladigan xorijlik shifokorlar va zamonaviy tibbiyot asbob-uskunalariga xizmat ko‘rsatadigan texnik mutaxassislar tuzilgan mehnat shartnomalari doirasida olinadigan daromadlar bo‘yicha jismoniy shaxslar daromad solig‘i hamda yagona ijtimoiy to‘lovlardan ozod etilishi belgilangan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi 6-yilda O‘zbekistonda xususiy tibbiyot muassasalari soni 2 barobar ko‘payib, 3,5 mingtaga yetdi. Ularni yuqori texnologiyali tibbiyot texnikasi bilan jihozlash darajasi 3 barobar oshdi.

Shu bilan birga, mamlakat rahbari sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan uchrashuvlarida sog‘liqni saqlash tizimida xususiy sektorni rivojlantirishga hamon yetarlicha e’tibor qaratilmayotganini ta’kidlagandi.

Yangiliklar lentasi
0