Avtomobil sotib olishdagi muammolarga barham beriladimi

© GM Uzbekistan / FacebookPervie pokupateli «Nexia» poluchili svoi avtomobili
Pervie pokupateli «Nexia» poluchili svoi avtomobili - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Mutaxassisning bildirishicha, o‘z vaqtida yetkazib berilmagan avtomashina uchun dilerlik korxonasi xaridorga penya to‘lashi shart

TOShKENT, 13 apr — Sputnik. O‘zbekiston Prezidenti virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga "O‘zavtosanoat" korxonasi bilan bog‘liq 5600dan ortiq murojaat tushgan bo‘lib, ularning aksariyatini shikoyatlar tashkil etadi. Kecha "O‘zbekiston" telekanalida efirga uzatilgan "Muloqot va manfaat" nomli tahliliy ko‘rsatuvda ana shu raqamlar tilga olindi.

Ko‘rsatuvda ishtirok etgan "GM O‘zbekiston" AJ, "O‘zavtotexxizmat" MChJ, "Asaka" AT banki, Davlat Raqobat qo‘mitasi kabi sohaga aloqador tashkilotlarning rahbar va vakillari avtomobil sotib olishda fuqarolar duch kelayotgan muammolar haqida so‘z yuritishdi.

Ko‘rsatuvda aytilishicha, fuqarolar hozirgi kunda "Damas" va "Kaptiva" avtomobillarini sotib olish uchun shartnoma olisholmayapti. Ko‘rsatuvdagi lavhada avtosalondan mashina sotib olish ulkan muammo ekanligi, mashina chiqishini oylab, yillab kutish odamlarni qiynab yuborganligi aytildi.

"GM O‘zbekiston" AJ bosh direktori vazifasini bajaruvchi Rustam Rajabovning aytishicha, bugungi kunda ichki bozorda "Damas" avtomobiliga talab juda katta va o‘tgan yili 19 ming dona shu rusumdagi avtomobillar sotilgan. Bu yil talabning yuqoriligini e’tiborga olib "Damas" rusumli avtomobillarni ishlab chiqarishni ko‘paytirish rejalashtirilgan.

Na avtostoyanke vozle zavoda General Motors - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekistonda avtomobil sotib olish nima uchun muammoga aylangan

Mashina sotib olish uchun pul to‘lab qo‘yganlarning uzoq navbat kutishlarini "GM O‘zbekiston" AJ Marketing, savdo va avtoservis bo‘yicha boshqaruvchi direktori Muhiddin Sultonov navbat murojaatlar jurnaliga asosan tuzilishi, biroq nogironlar, urush faxriylarining murojaat qilganliklari bois bu navbatlar buzilib ketishi bilan izohladi. Uning aytishicha, may oyidan boshlab elektron navbat tizimi joriy etiladi hamda har bir mashina oluvchining navbatdagi o‘rni real vaqt davomida ko‘rinib turadi.

Ko‘rsatuvdagi lavhada mashina sotib olgan xaridor 2007-yilgacha ishlab chiqarilgan mashinalar bilan hozirgilarining o‘rtasida farq kattaligini, bugungi kunda chiqarilayotgan mashinalarda nuqsonlar ko‘p uchrayotganligini aytdi. Bu shikoyatga javoban mutaxassis zavod har bir mashinani bir necha marta sinovdan o‘tkazishini, dilerlik kompaniyasi ham avtomobilni xaridorga topshirishdan avval tekshirib berishini bildirdi.

Mutaxassisning bildirishicha, o‘z vaqtida yetkazib berilmagan avtomashina uchun dilerlik korxonasi xaridorga penya to‘lashi shart. Buning uchun xaridor avvalo dilerlik kompaniyasiga, talabi bajarilmaganida Davlat raqobat qo‘mitasiga murojaat qilishi darkor.

Ko‘rsatuvda avtomobil sotib olishga shartnoma tuzish navbatining ochiq va oshkora emasligi, to‘lovlarni bank plastik kartochkasi orqali amalga oshirish muammo bo‘layotgani, avtomobilning shartnomada ko‘rsatilgan muddatda berilmayotgani, jismoniy shaxslar bilan tuziladigan shartnomalarda iste’molchilar huquqlarini cheklovchi va ishlab chiqaruvchilar manfaatiga xizmat qiluvchi shartlar kiritilganligi, yangi avtomobilda bir qator nosozliklar mavjudligi hamda kreditga avtomobil sotib olish qiyinligidan norozilik mazmunidagi murojaatlar haqida so‘z bordi.

Lekin ushbu muammolar bo‘yicha mutaxassislarning ba’zi javoblari umumiy bo‘ldi va tomoshabin ayrim savollarga yetarlicha javob ololmadi. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan biri ko‘rsatuv haqida "Bunaqa ko‘rsatuv qilgandan qilmagan yaxshi. Bitta savolga ham to‘liq javob berilmadi. Hamma savolga umumiy javoblar. Esiz shuncha vaqt…" deya fikr bildirgan.

Bunday mazmundagi ko‘rsatuvlarning tez-tez tayyorlanishi va ayniqsa aholi bilan bevosita muloqot tarzida yo‘lga qo‘yilishi kelgusida yuqoridagi kabi norozilik mazmunidagi fikrlarning kelib chiqishiga yo‘l qo‘ymaydi. Eng muhimi esa, xalq o‘zini qiynayotgan savollarga bevosita tegishli mutaxassislardan javob oladi.

Yangiliklar lentasi
0