Hodisalar

MXX Oʻzbekistonga soxta dollar olib kiruvchilar faoliyatiga chek qoʻydi

© Sputnik / Maksim Bogodvid / Fotobankka oʻtishAQSH dollari
AQSH dollari - Sputnik Oʻzbekiston
Mutaxassislarning fikricha, bu pullar maxsus klishe yordamida yuqori texnologiyalar asosida tayyorlangan. Dollarlar shuningdek haqiqiy pul bilan deyarli bir xil xususiyatlarga ega boʻlgan

TOSHKENT, 14 apr — Sputnik. Namangan viloyat Milliy xavfsizlik boshqarmasi xodimlari Turkiyadan Oʻzbekistonga Qirgʻiziston orqali yirik miqdorda soxta dollar olib kiruvchilar faoliyatiga chek qoʻydilar, deb maʼlum qildi kuch tizimi vakili Sputnik muxbiriga.

Navbatdagi soxta dollarlar partiyasini olib kirayotgan kuryerni qoʻlga olish boʻyicha operatsiya Kosonsoy tumanining "Obod" postida oʻtkazildi. 40 yoshli Abdulhamid Xoʻjayev boshqaruvidagi "VAZ 2106" rusumli avtomashinani koʻzdan kechirish chogʻida avtomashinaning maxsus jihozlangan joyida soxta 19,4 ming dollar yashirib qoʻyilganligi aniqlandi.

Dastlabki surishtiruv jarayonida haydovchi soxta pullarni hozirda Turkiyada yashovchi Namangan viloyati Chortoq tumanida tugʻilgan, Qirgʻiziston fuqarosi Mansur Suvonovdan olganligini maʼlum qildi.

Uning aytishicha, M.Suvonov maishiy buyumlar qutilarining orasiga soxta dollarlar yashirib Turkiyadan Oʻzbekistonga joʻnatib turgan. Xoʻjayev esa soxta pullarni respublika ichida tarqatish bilan shugʻullangan.

"Abdulhamid Xoʻjayevning koʻrsatmalari asosida uning tanishi Islomxon Saidovning uyi koʻzdan kechirilganida bu yerdan ikki dona 100 dollar qiymatidagi soxta pullar topildi", — dedi MXX vakili.

Ekspertiza xulosasiga koʻra, 1996 va 2006 yil namunasidagi 196 dona yuz dollarlik kupyura soxta deb topildi. Mutaxassislarning fikricha, bu pullar maxsus klishe yordamida yuqori texnologiyalar asosida tayyorlangan. Dollarlar shuningdek haqiqiy pul bilan deyarli bir xil xususiyatlarga ega boʻlgan.

Hodisalar
Qoʻyliq bozorida soxta dollar sotayotgan shaxs qoʻlga olindi

A.Xoʻjayev va I.Saidovga nisbatan Oʻzbekiston Jinoyat kodeksining 176-moddasi (Qalbaki pul, aktsiz markasi yoki qimmatli qogʻozlar yasash, ularni oʻtkazish) boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

Jinoiy guruh rahbari Mansur Suvonov respublika hududiga soxta dollar olib kirish boʻyicha qator holatlarga aloqador boʻlib chiqdi. Shu yilning yanvarida Qirgʻiziston huquqni muhofaza qilish organlari uning oʻgʻli J.Umarovni Istanbuldan joʻnatilgan soxta 56 ming dollar pul bilan qoʻlga olishgan.

Shuningdek, joriy yilning fevralida Namangan viloyat IIB M.Suvonovning jiyani J.Ergashxonovga nisbatan soxta dollar tarqatish boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatgan.

Yangiliklar lentasi
0
Avval yangilariAvval eskilari
loader
LIVE
Zagolovok otkrыvayemogo materiala