TOSHKENT, 8 may — Sputnik. 2017 yilning 31-mart holatiga koʻra, Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligining "Facebook"dagi sahifasi 45 mamlakatdan 10 727 foydalanuvchiga "yoqdi" ("layk"), deb axborot berdi Oʻzbekiston TIV matbuot-xizmati.
TIVning "YouTube"dagi kanali obunachilari esa 790 taga yetganligi qayd etilgan.
Oʻzbekiston TIV qanday vazifalarni amalga oshirdi?
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining 2017-yil I choragida Oʻzbekistonning xalqaro sahnadagi manfaatlarini himoya qilish va ilgari surish, xorijiy mamlakatlar va nufuzli tashkilotlar bilan hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, 2017-2021-yillarda Oʻzbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgan oʻziga yuklatilgan vazifalar asosida faoliyat olib bordi, deyiladi TIV axborotida.
Mirziyoyev safarlari va xorij delegatsiyalari tashrifi
TIV axborotida shuningdek, Oʻzbekiston prezidentining Turkmaniston (2017-yil 6-7-mart) va Qozogʻistonga (2017-yil 22-23-mart), qator vazirlik va idoralar rahbarlarining yaqin va uzoq xorij davlatlariga tashriflari boʻlib oʻtganligi qayd etilgan.
BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya boʻyicha Mintaqaviy markazi rahbari P. Draganov, BMT bosh kotibi yordamchisi M. Yencha Jahon banki vitse-prezidenti S. Myuller, Osiyo taraqqiyot banki rahbari T. Nakao, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti S. Chakrabarti, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi direktori M. Linkning tashrifi tashkillashtirilgan.
Bundan tashqari, Chexiya, Yaponiya va boshqa davlatlarning parlament delegatsiyalari Oʻzbekistonga tashrif buyurgan.
Raqamlar…
2017 yilning I choragida TIV Konsullik boshqarmasi va Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi konsullik muassasalari tomonidan Oʻzbekistonga kirish vizasini chet el fuqarolariga berish, biometrik pasportni almashtirish/berish, Vatanga qaytish sertifikatini berish, Oʻzbekiston fuqaroligidan chiqish, fuqarolik holatini qayd etish, notarial xizmat koʻrsatish va boshqa masalalar bilan bogʻliq jami 79 139ta konsullik amallari bajarilgan.
Eng koʻp konsullik amallari qayd etilgan Oʻzbekiston Respublikasi elchixonalari quyidagi davlatlar:
Tojikistonda – 14191 ta, Rossiyada – 7561 ta, Qozogʻistonda – 5633 ta, Germaniyada – 3714 ta, Hindistonda – 3435 ta, Janubiy Koreyada – 3369 va Turkmanistonda – 3215 ta.
Biznesmenlardan koʻra turistlar koʻproq kelgan
2017-yilning yanvar-mart davomida 52 224 ta xorij fuqarolariga kirish vizasi berildi, shundan 19 197 ta viza turistlarga, 8613 ta viza biznesmenlarga rasmiylashtirildi.
2016-yilning shu davri mobaynida berilgan kirish vizalarining umumiy soni (49 409) 6 %ga, turistik vizalar (17 077) 13%ga oshdi.
Bizning Telegramdagi oʻzbekcha kanalimizga obuna boʻling va eng yangi xabarlarni birinchi boʻlib oʻqing.