TOSHKENT, 9 may — Sputnik. Shavkat Mirziyoyev "Aholi bandligini taʼminlash boʻyicha olib borilayotgan ishlar natijadorligi va samaradorligini oshirishda mahalliy ijro hokimiyati va iqtisodiy kompleksning hududiy organlari rahbarlarining shaxsiy masʼuliyatini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi qarorni imzoladi, deb xabar qildi Oʻzbekiston TIV matbuot-xizmati.
2017 yilning 1 iyulidan boshlab mahalliy ijro hokimiyati va iqtisodiy kompleksning hududiy organlari rahbarlarini aholi bandligini oshirish uchun moddiy ragʻbatlantirish va shaxsiy masʼuliyatini kuchaytirish tizimini joriy etilishi xabar qilingan.
"Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyat, shahar va tumanlar hokimlari aholi bandligi oʻsishining tasdiqlangan har chorak prognoz koʻrsatkichlari (keyingi oʻrinlarda – prognoz koʻrsatkichlari) bajarilishini taʼminlagan taqdirda ularga lavozim maoshlarining 15 foizi miqdorida mukofot toʻlanadi, prognoz koʻrsatkichlari bajarilishi taʼminlanmagan taqdirda lavozim maoshlarining 15 foizi miqdorida jarima shaklida intizomiy jazo choralari qoʻllaniladi;
Lavozim maoshlaridan jarimalar undirish Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari hamda ularning birinchi oʻrinbosarlariga – Komissiyaning taqdimnomasi boʻyicha Vazirlar Mahkamasining qarori asosida; shahar va tuman hokimlari hamda ularning birinchi oʻrinbosarlariga – Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari qarorlari asosida va iqtisodiy kompleksning hududiy organlari rahbarlariga – iqtisodiy kompleksning respublika organlari rahbarlari qarorlari asosida amalga oshiriladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyat, shahar va tumanlar hokimlari, ularning birinchi oʻrinbosarlari, shuningdek, iqtisodiy kompleksning hududiy organlari rahbarlari uzluksiz ikki chorak davomida yoki yil davomida uch chorakda prognoz koʻrsatkichlari bajarilmaganligi taqdirda ularning aholi bandligini taʼminlash borasidagi ishlari qoniqarsiz, deb topilishi va egallab turgan lavozimlariga noloyiqligi masalasi koʻrib chiqilishi haqida ogohlantiriladi.
Bizning Telegramdagi oʻzbekcha kanalimizga obuna boʻling va eng yangi xabarlarni birinchi boʻlib oʻqing.