Jamiyat

Usmonxon Alimov Buxoroda "Oliy madrasa" tashkil etilishi haqida xabar qildi

© David HoltMir Arab madrasasi
Mir Arab madrasasi - Sputnik Oʻzbekiston
Oʻzbekiston Musulmonlar idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov "Hilol-nashr" matbaa-nashriyotiga qilgan tashrifi davomida qorilarni yetishtiradigan dargohlarga ehtiyoj borligini aytib, "bu borada ham yaxshi niyatlarimiz, rejalarimiz bor", deya taʼkidlagan

TOSHKENT, 10 may — Sputnik. Oʻzbekiston musulmonlar idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov ilk bor "Hilol-nashr" matbaa-nashriyotiga tashrif buyurdilar, deb xabar berildi Oʻzbekiston Musulmonlar idorasi rasmiy saytida.

Xabarda aytilishicha, nashriyotda shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining sevimli shogirdi, "Islom ota" jomeʼ masjidining imom noibi Hasanxon Yahyo Abdulmajidning "Xatmi Qurʼonga marhabo!" kitobi hamda "Qurʼon tartili" saboqlari taqdimoti boʻlib oʻtgan.

Makka shahridagi ziyoratchilar - Sputnik Oʻzbekiston
Jamiyat
Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari haj safariga imtiyozli ravishda borishadi
Tadbirda chiqishi davomida Usmonxon Alimov Buxorodagi "Mir Arab" madrasasi "Oliy madrasaga aylantirishi loyihasi ishlab chiqilayotgani haqida aytib oʻtgan.

"Hozirda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom institutining "Tahfizul-Qurʼon" boʻlimida qorilar yetishib chiqmoqda va yurtimizdagi masjidlarda tashkil qilinayotgan xatmi Qurʼonlarda faol ishtirok etmoqdalar. Bunday qorilarni yetishtiradigan dargohlarga yana ehtiyojimiz bor, inshoolloh, bu borada ham yaxshi niyatlarimiz, rejalarimiz bor. Jumladan, Prezidentimiz rahbarligida Buxorodagi "Mir Arab" madrasasini "Oliy madrasa" qilish loyihasi ishlanyapti. Unda ham Maʼhaddagi kabi "Tahfizul Qurʼon" kafedrasi boʻlishi rejalashtirilyapti. Bu ham yana bir Qurʼon dargohi boʻladi. Alloh nasib qilsa, yana koʻplab xayrli ishlar amalga oshadi", — deb aytgan muftiy.

Taqdimot yakunida ishtirokchilarga yana bir quvonchli xabar yetkazilgan.

Taʼkidlanishicha, Haramayn maktabasi bilan kelishuvga muvofiq, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining barcha asarlari Madinai Munavvarada, Makkai Mukarrama kutubxonalariga qoʻyiladigan boʻlgan.

Yaʼni bundan buyon dunyoning turli chekkalaridan haj va umra safari niyatida ikki haramga borgan oʻzbekistonlik hojilar ustoz kitoblarini oʻz ona tillarida oʻqib, ulardagi ilm-maʼrifatdan bahramand boʻlishlari mumkin boʻladi.

"Kuni kecha kitob karvonining birinchi qismi "Oʻzbekiston pochtasi" orqali Saudiya Arabistoniga joʻnab ketdi", — deyilgan xabarda.

Yangiliklar lentasi
0
Avval yangilariAvval eskilari
loader