TOSHKENT, 11 may — Sputnik. 11 may kuni Qirgʻiziston Respublikasi Batken viloyatining Qadamjoy tumani va Qizil-qiya shahri faollari hamda tadbirkorlaridan iborat delegatsiya Fargʻona viloyatida boʻldi.
Qirgʻiz delegatsiya Fargʻona tumanidagi "Vodil" chegara postida tantanali kutib olindi.
Delegatsiya aʼzolari dastlab Vodil qishlogʻidagi Nigora Asqarova xonadonida tashkil etilgan oʻtovni koʻzdan kechirishgan. "Qirgʻiz milliy urf-odat va anʼanalari asosidagi mazkur oʻtov ularda katta tassurot qoldirdi", — deyiladi xabarda.

Fargʻona shahridagi tadbirkorlar markazida boʻlib oʻtgan muloqotlar chinakam doʻstlik shodiyonasiga aylandi. Bu yerda Fargʻona shahri hamda shahar va tumanlardagi korxonalar, kichik biznes subʼyektlari tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar namoyish etildi.
"Fargʻonaazot", "Kvarts" aktsiyadorlik jamiyatlari, "Sayqal", "Far antikvor invest", "Abror" kabi xususiy korxonalar tomonidan xalqaro talablar asosidagi sifatli mahsulotlar delegatsiya aʼzolarida katta qiziqish uygʻotdi.
Shu yerning oʻzida savdo-iqtisodiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, mahsulotlar eksportini amalga oshirish boʻyicha fikr-mulohazalar bildirildi. Fargʻona shahrining iqtisodiy salohiyati hamda tadbirkorlarning biznes loyihalariga bagʻishlangan taqdimot oʻtkazildi.

Bir kunlik safar mobaynida mehmonlar Fargʻona shahrida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdilar. Ular sanʼat saroyi, yopiq suzish havzasi, markaziy stadionda boʻldi. Shuningdek, Margʻilon shahrining diqqatga sazovor joylariga sayohat ham mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Maʼsudjon Sulaymonov, Fargʻona.
Bizning Telegramdagi oʻzbekcha kanalimizga obuna boʻling va eng yangi xabarlarni birinchi boʻlib oʻqing.