TOSHKENT, 11 may-Sputnik. Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun 11 may kuni Xitoyga davlat tashrifi bilan joʻnab ketdi. Mirziyoyev uchun bu Turkmaniston, Qozogʻiston va Rossiyadan keyin toʻrtinchi davlat safari boʻladi.
Mutaxassislarning fikrlariga koʻra, Mirziyoyevning Xitoyga tashrifi mazmun va mohiyat jihatidan avvalgi tashriflardan sezilarli darajada farq qiladi.
Oʻzbekiston prezidentining dastlabki ikki davlat safarlari qoʻshni Turkmaniston va Qozogʻistoga amalga oshirilgan. Oʻzbekiston prezidenti bu bilan oʻzining yaqin qoʻshnilari bilan munosabatlarni qayta tiklash va rivojlanishga qaratilgan siyosatini namoyish qildi.
Oʻzbekiston Birinchi prezidenti davrida qoʻshni davlatlar bilan chegara, suv va savdo-iqtisodiy masalalar borasida aksariyat kelishuvlar qabul qilinishi rad etib kelingan boʻlsa, yangi prezident ushbu masalalar borasida qoʻshnilar bilan murosaga kelishga harakat qilmoqda.
Yangicha siyosat natijasida, Oʻzbekiston qisqa vaqt ichida qoʻshni mamlakatlar bilan chegara muammolarini hal qilishni boshladi va savdo-sotiq munosabatlarini tiklashga erishdi.
Bugungi kunda Oʻzbekiston, oʻz iqtisodiga xorijiy sarmoyalar jalb qilish va valyuta bozorini erkinlashtirishdan manfaatdor.
Bu borada, Oʻzbekiston Xitoyni siyosatga aralashmagan holda iqtisod bilan shugʻullanuvchi mamlakat sifatida qabul qiladi.
Xitoy investitsiyalari Oʻzbekiston viloyatlariga juda kerak. Xitoy buni tushungan holda, butun respublika boʻylab, ishlab chiqarish korxonalari yaratish uchun sarmoya kiritmoqda.
Shu bilan bir vaqtda, Oʻzbekiston Tojikiston va Qirgʻizistonda sodir boʻlayotgan “Xitoyning emaklovchi ekspansiyasi” xavfini yaxshi tushunadi va shuning uchun ham Xitoyni faqat sarmoyador va loyihalarni amalga oshiruvchi sifatida jalb qilishmoqda, lekin yirik mulkdor sifatida emas.
Bu borada Oʻzbekistonda aniq strategiyaga amal qiladi: XXR Davlat banklari yoki fondlari ajratgan mablagʻ hisobida Oʻzbekistonda yirik infratuzilma obʼyektlari yoki korxonalar quriladi. Shundan keyin Xitoy korxonasi uyiga ravona boʻladi, Oʻzbekiston esa olingan natijadan foydalanadi va Xitoyga kreditni toʻlab boradi.
Shunday tartibda amalga oshirilgan loyihalarning eng soʻnggisi sifatida China Railway Tunnel Group tomonidan qamchik dovonidan temir yoʻl qurilishi yoki Poly Technologies Inc rezina-texnika zavodi qurilishini keltirish mumkin.
Oxirgi yillarda Xitoy Oʻzbekistonning eng yirik savdo-iqtisodiy hamkoriga aylandi. 1992 yilda oʻzaro tashqi savdo aylanmasi 47 million dollardan oshmagan boʻlsa, oʻtgan yil bu koʻrsatkichk 4,2 milliard dollarga yetdi. Xitoy Oʻzbekiston iqtisodiyotiga 8 milliard dollar sarmoya kiritgan. Ikki mamlakat 2020 yilga qadar oʻzaro savdoni 20 milliard dollarga yetkazishni rejalashtirishgan.
Ushbu maqsadni amalga oshirishning iloji bor. Shavkat Mirziyoyev ushbu tashrifi davomida 20 milliardlik shartnomalar imzolashi rejalashtirilgan. Bu mablagʻlar koʻmir, neftkimyo, qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi sanoatlarini rivojlantirishga yoʻnaltiriladi.
Bu yerda bir narsani aniq tushunish kerak – Oʻzbekiston prezidenti tashrifidan Rossiya yoki Qozogʻistonda boʻlgani kabi ulkan natijalar kutish kerak emas. Oʻzbekiston birinchi prezidenti Islom Karimov Xitoy bilan ochiq siyosat olib borgan. Shuning uchun Mirziyoyev Pekinda ushbu siyosatni tasdiqlab, xitoy sarmoyadorlarini Oʻzbekiston iqtisodida faolroq ishtirok etishga taklif qiladi va ular albatta bunga quloq tutadi, chunki Xitoy targʻib qilayotgan “Ipak yoʻlining iqtisodiy belbogʻi” strategiyasida Oʻrta Osiyoning qoq markazida joylashgan Oʻzbekiston oʻta muhim oʻrin egallaydi.