TOSHKENT, 16 may — Sputnik. Mashhur daniyalik arxitektor Toshkentga tashrif buyurdi, deb xabar qildi Toshkent hokimligi matbuot-xizmati.
Dasturga koʻra, shahar jamoat maydonlarini loyihalashtirish va shahardagi muhitni yaxshilash masalalari boʻyicha tan olingan ekspert Yan Geyl Toshkent shahri meʼmorchiligini koʻzdan kechirishi va oʻzining qimmatli maslahatlari bilan oʻrtoqlashishi, Simpoziumlar saroyida "Zamonaviy jahon meʼmorchiligi" mavzusida seminar-trening oʻtkazishi belgilangan.
Arxitektor shuningdek, Samarqandga tashrif buyurib, shahardagi diqqatga sazovor joylar bilan tanishadi.
Yan Geylning 50 yillik tadqiqotlari natijasida mavjud shahar va hududlarda maftunkor, gavjum va aholi uchun sogʻlom jamoat hududini yaratish imkoniyati yuzaga kelgan. Professor Nyu York, Kopengagen, Sidney, London, Melburn kabi yirik shaharlarning obodonchiligiga koʻcha va jamoat joylarini loyihalashga qoʻshgan hissasi uchun koʻplab mukofotlar sohibi boʻlgan.
2007 yilda Nyu Yorkning Transport departamenti Yan Geyl bilan hamkorlikda piyodalar va velosipedistlar uchun qulayliklar yaratish borasida faoliyat olib borgan.
Geyl Nyu York, London va Moskva shaharlarida jamoat joylarini aholi uchun qulaylashtirish yuzasidan oʻz tavsiyalarini ishlab chiqqan.
2015 yilda Yan Geylni shahar maʼmuriyati Olmaota shahrining qiyofasini tubdan oʻzgartirish uchun taklif qilgan.
Bizning Telegramdagi oʻzbekcha kanalimizga obuna boʻling va eng yangi xabarlarni birinchi boʻlib oʻqing.