TOSHKENT, 16 may — Sputnik. Oʻzbekiston hukumati tomonidan Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Raisiga 2 nafar xorijiy mutaxassis-maslahatchilarni jalb etish masalasi koʻrib chiqilmoqda, deb xabar qildi Sputnik Oʻzbekiston muhbiriga Vazirlar Mahkamasi xodimi.
Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi xodimi soʻzlariga koʻra, tanlab olingan nomzodlarning koʻpchilik qismi Oʻzbekistonga oʻz jamoasi bilan kelib ishlashga tayyor ekanliklarini bildirishgan. Bu oʻz navbatida ayrim qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda. Hozirgi kunda ushbu masalalar mutasaddi vazirliklar bilan kelishilmoqda.
"Tanlab olingan korxona tomonidan Oʻzbekiston turizm imkoniyatlarimizni jahon bozorlarida keng targʻibot qilish boʻyicha oʻzoq muddatga moʻljallangan Kontseptsiya ishlab chiqilishi talab etiladi. Kontseptsiyani amalga oshirish mexanizmi boʻyicha aniq takliflar ishlab chiqiladi. Hozirgi kunda eng dolzarb boʻlgan yoʻnalishlarimiz bu — Xitoy, Yevropa, Rossiya va Janubiy Osiyo davlatlari," — deb taʼkidladi suhbatdoshimiz.
Bizning Telegramdagi oʻzbekcha kanalimizga obuna boʻling va eng yangi xabarlarni birinchi boʻlib oʻqing.