TOSHKENT, 16 may — Sputnik. 16 may kuni "Oʻzbekiston madaniy merosi – xalqlar va davlatlar oʻrtasidagi muloqotga yoʻl" mavzusida xalqaro ilmiy-madaniy kongress mehmonlari Samarqand shahriga tashrif buyurdi. Mehmonlar Samarqand xalqaro aeroportida tantanali tarzda kutib olindi, deb xabar qildi Samarqand hokimligi matbuot-xizmati.
Ularning koʻhna va hamisha navqiron shahardagi dastlabki manzili Registon maydoni boʻldi. Bu yerda tashkil etilgan "Sharqona gilam bozori — mustaqil Oʻzbekiston gilamchiligining eng yaxshi namunalari" koʻrgazmasi hamda ushbu loyiha doirasidagi kitoblar taqdimotida ishtirok etishdi.
Anjuman ishtirokchilari Oʻzbekiston oʻzining qadimiy tarixi, oʻziga xos urf-odat va anʼanalari, qadriyatlari, koʻplab tarixiy-meʼmorlik va madaniy yodgorliklari bilan butun dunyoga dong taratganini alohida qayd etdi.
Xalqaro ekspertlarning fikricha, "Oʻzbekiston madaniy merosi dunyo toʻplamlarida" loyihasi qamrovi boʻyicha dunyoda oʻxshashi yoʻq loyiha hisoblanadi. Kitob-albomlarni nashrga tayyorlash jarayonida Oʻzbekistondan olib chiqib ketilgan eng yaxshi artefaktlarni toʻplash va umumlashtirish boʻyicha tadqiqot ishlari olib borilgan. Ular orasida arxeologiya, kulolchilik, metall buyumlar, numizmatika, toʻqimachilik, zargarlik sanʼati va tasviriy sanʼat buyumlari bor.
Oʻzbekistonda ilm-fan, sanʼat va madaniyat juda qadimlardanoq shakllangan. Ajdodlarimiz bundan uch ming yillar ilgari hozirgi zamonaviy ilm-fanning ilk poydevorini qoʻyganlar va rivojlantirganlar. Oʻrta asrlarda Gʻarbda "Nur Sharqdan taraladi" – degan iboraning paydo boʻlishi ham bejiz emas. Shu maʼnoda, mehmonlarga, ayniqsa, Amir Temur va temuriylar davrida hunarmandchilik keng rivojlangani haqida maʼlumotlar berilgani ularda katta qiziqish uygʻotdi.
1370 yili Sohibqiron Amir Temur Movarounnahr hukmdori boʻlgach, bu oʻlkada ilm-fan yana taraqqiy etgan. Yer yuzining toʻrt tomonidan ilm axtargan odamlar Samarqandga kela boshlaganlar. Amir Temurdan keyin uning ishlarini nabirasi Mirzo Ulugʻbek davom ettirdi. Mirzo Ulugʻbek Samarqandda rasadxona va madrasalar barpo qildi hamda "Samarqand Akademiyasini yaratdi.
– Xalqaro ilmiy anjumanda qatnashib Oʻzbekiston zaminida qanchadan qancha ulugʻ allomalar va mutafakkirlar yashab ijod qilgani, butun insoniyatga foydasi tekkani haqida juda qiziqarli maʼlumotlarga ega boʻldim, — deydi Parij shahridagi Sharq tillari universiteti professori Kitrin Pujol. — Bunday noyob meros bilan har qancha faxrlansa arziydi. Menga shaharning barcha yodgorliklari maʼqul tushdi. Bu qadimgi shaharga tashrif buyurganimdan xursandman. Shaharning eski qismi oʻzining shinam uylari bilan menda katta taassurot qoldirdi. Ulugʻbek madrasasida boʻlib, koʻplab hunarmandlar bilan suhbatlashdim.
Xorijlik mehmonlar qadimiy anʼanalar asosida Samarqand qogʻozi ishlab chiqarish korxonasida ham boʻlishdi. Sohibqiron Amir temurning yetti bogʻi uslubida tiklangan "Bogʻishamol" bogʻi bilan tanishuv hamda Reiston maydonida "Oʻzbekiston madaniy merosi — umumbashariyat xazinasi" nomli musiqiy tomoshasi ham yorqin lahzalarga boy boʻldi.