TOSHKENT, 23 may — Sputnik. Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi bosh vaziri Tereza Mey nomiga Manchester shahridagi terrorchilik harakati oqibatida koʻplab insonlar halok boʻlgani munosabati bilan hamdardlik maktubi yoʻlladi.
"Davlatimiz rahbari oʻz maktubida halok boʻlganlarning oila aʼzolari va yaqinlariga samimiy hamdardlik va dalda soʻzlarini yetkazishni soʻradi, barcha jarohat olganlarga esa tez orada sogʻayishni tiladi», deyiladi TIV xabarida.
Eslatib oʻtamiz, Manchester shahrida amerikalik pop-qoʻshiqchi Ariana Grandening kontsertidan soʻng 23 mayga oʻtar kechasi portlash yuz berdi. Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, Manchester Arena stadionidagi portlashda 22 kishi halok boʻldi va 59 kishi jabrlandi.