TOSHKENT, 23 may — Sputnik. Toshkentda Oʻzbekiston prezidenti sovrini uchun "Tashabbus — 2017" koʻrik-tanlovining mamlakat bosqichi boʻlib oʻtdi. Unda mazkur koʻrikning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosqichi gʻoliblari ishtirok etdi.
Koʻrik-tanlov gʻoliblarining nomlari eʼlon qilindi. Ular uchta asosiy — "Yilning eng yaxshi tadbirkori", "Yilning eng yaxshi fermeri" va "Yilning eng yaxshi hunarmandi" yoʻnalishida taqdirlandi.
"Yilning eng yaxshi tadbirkori" nominatsiyasida Toshkent viloyatidagi "Torimed Pharm" masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Ahadjon Shukurov gʻolib boʻldi. Buxoro viloyatidan Ahmad Arabov "Yilning eng yaxshi hunarmandi" deb eʼtirof etildi. Andijon viloyatidagi "Baxt imkon rivoj chorvasi" fermer xoʻjaligi rahbari Faxriddin Ismoilov "Yilning eng yaxshi fermeri" deb eʼlon qilindi.
"Yilning eng yosh tadbirkori", "Yilning eng yaxshi tadbirkor ayoli", "Eng yaxshi innovatsion loyiha", "Yoshlarga eng koʻp ish joyi yaratgan tadbirkor", "Yilning eng yaxshi eksportchisi" va "«Respublika ichki bozorida talab boʻlgan yangi turdagi isteʼmol mahsulotlarini ishlab chiqqanlik uchun" kabi nominatsiyalar gʻoliblari ham eʼlon qilindi.
Asosiy nominatsiyalar gʻoliblariga prezident sovrini — "Spark" avtomobili, ikkinchi va uchinchi oʻrin sohiblariga pul mukofotlari, maxsus nominatsiyalar sovrindorlariga qimmatbaho sovgʻalar topshirildi. Gʻoliblar xalqaro tanlovlar, yarmarkalar, seminarlarda ishtirok etishi, oʻz yoʻnalishlari boʻyicha chet elda malaka oshirishi mumkin.
"Tashabbus — 2017" koʻrik-tanlovi gʻolib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi sanʼat ustalari va yosh ijrochilarning kontserti bilan yakunlandi.
Bizning Telegramdagi oʻzbekcha kanalimizga obuna boʻling va eng yangi xabarlarni birinchi boʻlib oʻqing.