O‘zbekistonga borish uchun 10 ta sabab

Obuna bo‘lish
Belgiyaning "Brussels Express" elektron nashrida O‘zbekistonning sayyohlik imkoniyatlariga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi

TOShKENT, 24-may — Sputnik. Belgiyaning "Brussels Express" elektron nashrida ana shu sarlavha ostida videolavha va suratlar bilan to‘ldirilgan O‘zbekistonning sayyohlik imkoniyatlariga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi. Bu haqda "Jahon" AA yozmoqda.

"Brussels Express" — Belgiyaning ingliz tilida axborot tarqatuvchi elektron nashri bo‘lib, jamoatchilikni Yevropa Ittifoqi va xalqaro miqyosda sodir bo‘lgan siyosiy, iqtisodiy va madaniy voqea-hodisalardan xabardor qilib boradi. Belgiya rasmiy idoralari, Yevropa parlamenti va Yevropa Ittifoqi institutlari hamda Brussel va YeIda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik vakolatxonalar vakillari nashrning asosiy o‘quvchilari hisoblanadi.

Samarqanddagi turistlar - Sputnik O‘zbekiston
Yapon OAV: O‘zbekiston - Markaziy Osiyo turizmi markazi

Maqola muallifi nashr bosh muharriri Antonio Buskardini shu yilning aprel oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan "Dam olish dunyosi-2017" V xalqaro O‘zbekiston sayyohlik ko‘rgazmasi ishtirokchisi sanaladi.

Jurnalistning so‘zlariga ko‘ra, mehmondo‘stlik va samimiylik o‘zbek xalqining o‘ziga xos jihati hisoblanadi va shuning uchun o‘zbeklarda mehmonni mavjud imkoniyatidan ortiq darajada kutib olish qadrlanadi. Bu mamlakat jozibadorlining asosiy omilidir.

A.Buskardini ikkinchi sababni Markaziy Osiyoda eng boy bo‘lgan o‘zbek milliy oshxonasidir, deb ataydi. Mamlakatda eng mashhur va xushta’m taomning palov ekanligini ta’kidlar ekan, muallif uni tayyorlash usuli tasvirga tushirilgan videolavhani ulashadi.

Maqola mutolaasi chog‘ida O‘zbekiston bozorlari muallifning alohida e’tiborini tortganini anglash mumkin. A.Buskardini Toshkentning eng yirik bozori — Chorsuga borishni tavsiya etadi.

Turisti v Buxare - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekistonda turistlar uchun mobil ilova yaratildi

"U Buyuk Ipak yo‘li paydo bo‘lgan davrlardan buyon mavjud, — deb yozadi belgiyalik jurnalist. — Eski shaharning qoq o‘rtasida joylashgan yorqin moviy gumbazli bozor quruq mevalar va sharqona shirinliklar, sabzavot va mevalar sotiladigan markazdir".

To‘rtinchi sabab sifatida mamlakatda hukmron bo‘lgan millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik sanaladi. Muallif O‘zbekistonda asosan musulmon diniga e’tiqod qiluvchi aholi istiqomat qilishiga qaramay, cherkov va sinagogalar erkin faoliyat yuritishi haqida to‘xtaladi. Mamlakatda 130 dan ziyod millat va elat vakillari tinchlik va ahillikda umrguzaronlik qilishi qayd etiladi.

A.Buskardinining fikricha, yevropaliklarning O‘zbekistonga borishi uchun yana bir sabab bu — Toshkentdagi Sayilgoh ko‘chasidir.

"Unda sayr qilar ekansiz, taniqli bo‘lmagan rassomlar mo‘yqalamiga mansub asl san’at asarlarini ko‘rishingiz mumkin. Bu yerda ko‘plab tamaddixona va restoranlar joylashgan. Sayilgohdan siz qo‘lda yasalgan turli ashyolarni, bilaguzuk va boshqa ko‘plab buyumlarni xarid qilishingiz mumkin".

Bundan tashqari, O‘zbekiston jozibadorligining yana bir jihatini muallif zamonaviy me’morchilik, deb hisoblaydi. Shu o‘rinda nashr 1966-yilda Toshkentda sodir bo‘lgan zilziladan so‘ng shaharni qayta tiklash borasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar haqida to‘xtaladi. Mamlakatda birinchi ramziy bino hozirgi "O‘zbekiston" mehmonxonasi bo‘lgani aytiladi.

Jurnalist shuningdek, o‘z o‘quvchilariga Samarqand shahrining go‘zalligi haqida hikoya qiladi. "Siz qadimiy Rimga tengdosh bo‘lgan ushbu shaharga albatta borishingiz kerak, — deb yozadi u. — Shahar bir necha bor vayron etilgan, biroq kul ichida qayta jon bitgan qaqnus kabi hamisha qayta tiklanavergan. Eramizdan oldingi 700-yillarda asos solingan Samarqand bir necha bor turli saltanatlarning poytaxti bo‘lgan".

Zapovednik Ichan Kala . Gorod Xivi - Sputnik O‘zbekiston
Mirziyoyev Xiva va Xorazmga keladigan turistlar sonini 2 baravarga oshirmoqchi

Dunyoda "ochiq osmon ostidagi muzey" nomi bilan mashhur Xivaning latofati haqida so‘z yuritib, muallif o‘z o‘quvchilarini bu yerda haqiqiy sharqona ertakning guvohi bo‘lishlariga — ajoyib jinko‘chalar, minoralar va favqulodda go‘zal gumbazli obidalar sari yetaklashiga ishontiradi. A.Buskardinining fikricha, Xivada bo‘lgan shoir va faylasuflar uni "dunyoning sakkizinchi mo‘’jizasi" deb atashgan ekan.

Maqolada shuningdek, O‘zbekistonning ko‘hna go‘shalaridan yana biri — Amudaryoning o‘ng sohilida joylashgan Termiz shahri haqida ma’lumot beriladi. Shaharning butun insoniyat tarixi davomida mavjud bo‘lgani haqida hozirgi Termiz atrofida topilayotgan turli madaniyatlar qoldiqlari aks etgan qadimiy ashyolar guvohlik berishi ta’kidlanadi.

O‘z xulosalarini yakunlar ekan, O‘zbekistonga borishga chorlovning so‘nggi — o‘ninchi sababini muallif mamlakatdagi qulay va arzon turmush kechirish imkoniyati deb ataydi.

Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.

Yangiliklar lentasi
0